Darhaqiqat, ota-onaning muhim vazifalaridan biri — farzand tarbiyasi. Taʼlim-tarbiyaga erta eʼtibor qaratgan ota-onalar bugun farzandlari rohatini koʻrib yashamoqdalar. Biz ushbu maqolamizda oddiygina harbiylar oilasining egizak farzandlari haqida soʻz yuritmoqchimiz. Nega aynan harbiylarning farzandlari demoqchimisiz? Chunki davlatimiz tomonidan ularning oʻgʻil-qizlariga ham koʻplab shart-sharoit yaratib berilyapti. Xoʻsh, ular bu imkoniyatlardan unumli foydalanyaptimi? Yangi Oʻzbekistonning kelajagi boʻlgan yoshlarning oʻy-xayollari nimalar bilan band?
Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlarida kontrakt asosida harbiy xizmatni oʻtayotgan kichik serjant Valijon Toʻrayev farzandlari taʼlimiga alohida eʼtibor qaratgan otalardan. Oʻtgan yili uning egizak oʻgʻillari Tohirjon va Zoyirjon harbiy xizmatchilar farzandlariga berilgan imtiyozdan foydalanib, yurtimizning eng nufuzli oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirdi.
Joriy yilda Tohirjon Murodillayev Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining axborot xavfsizligi, Zoyirjon Murodillayev esa Toshkent davlat yuridik universitetining davlat boshqaruvi yoʻnalishi boʻyicha 1-bosqichni tamomladi.
Ayni paytda ilmga chanqoq yoshlar yozgi taʼtilda. Oʻqish taassurotlari haqida soʻragan boʻlib, aka-uka bilan suhbatlashdik. Qiziqarli suhbatimiz davomida egizaklarning bolalik orzulari, kelajakdagi reja va maqsadlari, sevimli kitoblari haqida bilib oldik.
— Ota-onam bolaligimizdan bizni yaxshi oʻqishga qiziqtirib ulgʻaytirdi, — deya soʻzni boshladi Tohirjon. — Otam xizmatda boʻlardi, onam bizni yetaklab maktabning tayyorlov kursiga olib borardi. Asli buxorolikmiz. Kogon tumanida eng zoʻr deb tan olingan ixtisoslashtirilgan maktab bor. Onam doim bizga katta boʻlsangiz, shu maktabda oʻqiysiz, deb taʼkidlagan. 2-sinfdan ixtisoslashtirilgan maktabda oʻqishimizni davom ettirdik. Yaxshi oʻqidik. Shu maktabning yuqori sinfida bizdan uch-toʻrt yosh katta boʻlgan egizak aka-uka bor edi. Bir kuni direktorimiz barcha oʻquvchilarni yigʻib, aka-ukalarni maqtab gapirdi, hammamiz ulardan ibrat olishimiz kerakligini aytdi. Ular respublika fan olimpiadasida ishtirok etib, faxrli oʻrinni qoʻlga kiritishgan ekan. Oʻshanda Zoyirjon ikkimiz ham bilimli, ota-onamizning faxrli farzandi boʻlishni koʻnglimizga tukkanmiz.
— Akam matematikaga qiziqadi. Men esa tarixga mehr qoʻydim. 6-sinfga oʻtgan vaqtimiz otamning xizmat joyi Qoraqalpogʻistonga koʻchdi, - deya suhbatga qoʻshiladi Zoyirjon. - Jonajon maktabimiz bilan xayrlashib, Nukus shahridagi 44-umumtaʼlim maktabida oʻqishni davom ettirdik. Sinfda bilimli yigitlar koʻp edi, sogʻlom raqobat muhiti bizni yanada kuchli boʻlishga undardi. Fan toʻgaraklariga qatnay boshladik. Otam yetishmovchilik va ogʻir sharoit tufayli oliy taʼlim muassasasida oʻqiy olmagan. Lekin institutda oʻqishni bir umr orzu qilgan. Shuning uchun doim bizga “Men oʻqiy olmadim, lekin siz taʼlim olaman desangiz, kunu tun ishlashga ham roziman. Oʻqish yoki biror kasbning ustasi boʻlib, halol mehnat qilish kerak. Oʻqisangiz, birovdan kam boʻlmaysiz”, deb nasihat qilardi. Onam esa bizga orzu qilishni oʻrgatgan. Har kech boshimizni silab “Bolajonlarim, kitobdan bosh koʻtarmang, vaqtingizni behuda sarflamang, ilm oling. Otangiz ikkimiz faqat maktabda oʻqiganmiz, lekin mehnat qilib kam boʻlmadik, umidimiz sizlarsiz”, derdi. Juda koʻp kitob oʻqirdik, har yakshanba kunlari otam yoki onam, albatta, bizga yangi kitob olib kelardi. Kitob eng yaqin doʻst, deyishardi.
Tohirjon va Zoyirjon bir-biriga tomchi suvdek oʻxshaydi. Bir qarashda ajratib olish qiyin. Lekin suhbatlashib, farqlarni sezish mumkin. Tohirjonning akalarga xos salobati bor. Qaror chiqarishda ham koʻproq aqlni ishga soladi. Zoyirjon esa aksi. Soʻzga chechan yigit. Bir-biriga mehribon, doʻstona munosabatda ulgʻaygan yigitlarga, ochigʻi, havasingiz keladi.
— Zoyirjon mening maslahatchim. Dunyo xabarlari boʻladimi, siyosiy vaziyat haqidagi yangiliklar bormi, ukamdan eshitaman, — deydi Tohirjon.
Zoyirjon akasining gapini ilib ketadi:
— Akam egizagim boʻlganigami, ichki dunyosi menga begona emas. Men biror mavzu haqida qattiq bosh qotirayotgan vaqtim akam goʻyo eshitgandek menga yoʻl-yoʻriq koʻrsatadi. Hayotimizda kitob muhim oʻrin tutgan. Tinmay badiiy adabiyotlar oʻqirdik. Sheʼr yodlardik. Keyin esa oʻqiganlarimizni ota-onamizga aytib berardik. Uyimizda fanlarga doir kitoblar juda koʻp. Endi esa kitob javonim huquqiy kitoblar bilan boyimoqda. Tarixdan ham voz kecholmayman. Oʻzbekiston tarixiga doir kitoblar oʻqishni xush koʻraman. Yuridik universitetga kirganimdan soʻng oʻqituvchimizning talabi bilan “Jinoyat va jazo” asarini oʻqib chiqdim. Biroz ogʻirroq, yozuvchining oʻtkir qalami kitobxonni oʻylashga, fikrlashga chorlaydi. Faxrlanib ayta olaman, akam bilan erishgan yutuqlarimiz zamirida kitobning oʻrni beqiyos.
— Hozir texnologiyalar asri. Sunʼiy intellekt hayotimizga kirib keldi. Siz moʻjizalarga ishonasizmi? Ertaga koʻrinmas telefon orqali gaplashishingizga-chi? Qoʻl mehnatiga ehtiyoj yoʻqolib bormoqda. Yildan yilga texnologiya rivoj topayotgan zamonda yashayapmiz. Shu bois, axborot xavfsizligi masalalari muhim ahamiyatga ega. Men tanlagan soha aynan shu masalalarni oʻrganadi. Endigina 1-bosqichni tamomladim. Nasib qilsa, tanlagan yoʻnalishim boʻyicha malakali mutaxassis boʻlishni maqsad qilganman. Bolaligimizda boʻsh vaqtimiz sport bilan oʻtdi. Karate, boks, shaxmat bilan shugʻullandik. Hozir ikkovimiz ham xorijiy tillarni oʻrganish bilan mashgʻulmiz.
Egizaklar biz bilan bugungi yoshlar, yaʼni oʻz tengqurlari haqidagi fikrlari, kelajak orzulari bilan oʻrtoqlashdi.
— Nukusdan Toshkentga kelgan vaqtlarimiz bu yerda yoshlar ancha ilgarilab ketganini sezdik, — deydi Tohirjon. — Intellektual salohiyati yuqori, bilimli yoshlarni koʻrib, havas qildik. Ular har tomonlama mukammal boʻlishga intiladi. Bir necha til biladi. Bularning bari yurtimizda yoshlarga qaratilayotgan eʼtibor va gʻamxoʻrlik samarasi, albatta. Bizga cheksiz imkoniyatlar eshigi ochildi. Bu imkoniyatlardan unumli foydalanib, bildirilayotgan ishonchni oqlaymiz.
— Oʻn yildan soʻng men ofitserlar safida boʻlsam kerak, — deydi qatʼiy ishonch bilan Zoyirjon. — Shunda orzularimdan biri ushaladi. Endi buyogʻiga maqsadlarga qarab harakat qilamiz. Rejalarim haqida aytishga odatlanmaganman. Sir boʻla qolsin.
Yoshlarimiz haqiqatan ham, bilimli, izlanuvchan, oʻz fikriga ega. Kichik serjant Valijon Toʻrayevning farzandlari yaqin kelajakda oʻz kasbining yetuk mutaxassisi boʻlishiga ishonamiz. Zero, mamlakatimizda yoshlar oʻz kelajagini yaratishi uchun barcha sharoit va imkoniyatlar bor.
Shohista ABDURAHMONOVA,
jurnalist