O'qishni ko'chirish: nega ko'pchilik davlat oliygohlarida o'qishni istaydi?

    Mamlakatimizda oliy ta'lim muassasalari talabalari uchun o'qishni ko'chirish bo'yicha arizalar qabul qilindi. Amaldagi tartibga ko'ra, jarayon 15 iyuldan 5 avgustga qadar davom etishi belgilandi. Qoidalar aniq, bu bo'yicha takror eslab o'tirishga hojat yo'q, nazarimizda.

    Jarayon davomida kimdir xorijdan o'qishni ko'chirish uchun hujjat topshirdi, kimdir esa oilaviy sharoitidan kelib chiqib, ya'ni yurtimizning bir hududidan boshqa hududiga ko'chgani sababli o'qishni ham ko'chirishga majbur. Biroq yana bir toifa borki, ular xususiy universitetlardan davlat oliy ta'lim muassasalariga o'qishni ko'chirmoqchi bo'lgan talabalar.

    Aslida, davlat oliygohlari va xususiy oliygohlar mavzusi ancha katta hamda bahs-munozaralarga boy. Dunyodagi eng mashhur universitetlarning asosiy qismi xususiy. Ular faqatgina joylashgan mamlakatining qonunlariga rioya qiladi, ta'lim jarayonini esa mutlaq mustaqil tarzda belgilaydi, davlat ham ularni moliyaviy tomondan ta'minlash majburiyatini olmaydi. Bunday holatda OTMlar o'z kelajagi uchun o'zi harakat qilishga majbur. Aks holda, yillar davomida yig'ilgan obro'sidan ham, ma'naviy resurslaridan ham ajralib qolishi hech gap emas. Aynan shu harakatchanlik tufayli bu oliygohlar dunyoning turli burchaklaridan abiturientlarni o'ziga ohanraboday tortadi, ularda ta'lim olish millionlarning orzusiga aylanadi. YA'ni ularga ishonch nihoyatda baland.

    Biroq mamlakatimizda tashkil etila boshlaganiga hali ko'p bo'lmagan xususiy oliy ta'lim muassasalarining hammasi ham yurtdoshlarimiz ishonchini to'la qozona oldi, deya olmaymiz. Sababi, ularning aksariyati faoliyatida faqatgina moddiy manfaatni birinchi o'ringa qo'yib olganki, “abiturientbay” tartibda mijoz jalb qilayotgani haqidagi gap-so'zlar tez-tez qulog'imizga chalinayotir. Bu esa ularga nisbatan ishonchsizlikni keltirib chiqarmoqda. Aslida, tabiiy hol. Chunki hech kim o'zi ishonmagan muassasa bilan hamkorlik qilishni istamaydi.

    Xususiy oliygohlarning ko'pchilikka manzur bo'ladigan bir jihati bor — ularga kirish nisbatan oson. Aynan shu omil aksariyat xususiy oliygohlarning yashovchanligini ta'minlab kelyapti, desak mubolag'a bo'lmaydi. Xususiy oliygohlar ko'payishi bilimiga ishonmagan abiturientlar uchun o'ziga xos “formula” yaratdi. Ayrim yoshlar “Hech bir imtihonsiz xususiy universitetlardan biriga kirib olaman hamda bir yil o'qib, davlat oliy ta'lim muassasalariga o'qishni ko'chiraman”, degan reja tuzadi. Qarabsizki, oxirida davlat oliygohiga yuqori ball olib kirgan talaba bilan bir xil diplomga ega bo'ladi. Oliy ta'lim muassasalari orasidagi o'qishni ko'chirish uchun ham test imtihonlari joriy etilishi bu oqimni sezilarli kamaytirdi, biroq shu holatda ham kirish ballaridan o'qishni ko'chirish imtihonlari ballari pastroq bo'lishi “formula”­ ning dolzarbligini saqlab qolmoqda.

    Talabalarning xususiydan ko'ra, davlat oliygohlarida o'qishga ko'proq qiziqishi to'lov miqdori bilan ham bog'liq. Xususiy oliygohlardagi to'lov-kontrakt summalari bugungi kunda o'rtacha 12 million so'mdan boshlanadi. Davlat oliy ta'lim muassasalaridagi eng talabgir yo'nalishlarda esa kontrakt miqdori stipendiyasiz 7 million so'mdan sal oshiqroq. Oradagi tafovut sezilarli. Bu farqni 4 yilga ko'paytirsangiz esa “tejalgan” mablag' yanada ko'pdek tuyuladi. YAqinda oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo'ng'irotboy SHaripov “Lolazor” loyihasiga bergan interv`yusida davlat oliy ta'lim muassasalari zarariga ishlayotgani, bitta talabaning to'layotgani kontrakt summasi uni, aslida, bir o'quv yili o'qitish uchun etmasligini bildirdi. SHu tufayli bundan buyon kontrakt summalari bosqichma-bosqich oshirib borilishini ma'lum qildi.

    To'lov-kontrakt miqdori oshirilishi talabalar hamda ota-onalar uchun “yomon” xabar, biroq uning bozor talablari asosida bo'lishi yuqorida ta'kidlaganimiz o'qishni ko'chirishlar kamayishiga sabab bo'ladi.

    YAna ayrim talabalar esa xususiy OTMlarga qaraganda, davlat OTMlarining obro'sini yuqori hisoblagani tufayli ularda o'qishni orzu qiladi. So'rovnomalarga ko'ra, bunday talabalar ham o'qishni ko'chiruvchilar orasida ko'pchilikni tashkil etadi. Xo'sh, bu nima degani? Demak, xususiy oliy ta'lim muassasalari hozircha obro' va hurmat jihatdan davlat oliygohlari bilan bahslasha olmaydi. Buning sababi esa ayrimlarini istisno qilganda, xususiy universitet sohasi bizda hozirgacha to'liq takomillashib ulgurmadi. Odatda rivojlangan mamlakatlarda eng kuchli laboratoriyalar ham, eng yaxshi tadqiqotchilar ham, asosan, xususiy OTMlarda. Bizdagi xususiy oliygohlarning aksariyati esa hali bu borada “yo'l boshida”. Demak, ayrim xususiy oliygohlar “pul ishlash”dan ortib, ilmiy salohiyatini oshirishga e'tibor qaratishi lozim.

    Ollayor CHoriyorov hozir Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining 3-kursini tamomladi. U mazkur oliygohda 2-kursdan boshlab o'qiyapti.

    — To'g'risi, davlat universitetlariga ketma-ket ikki yil kira olmaganim uchun mashhur xususiy universitetga hujjat topshirdim, — deydi u. — Bu erga o'qishga kirish unchalik qiyin bo'lmadi, faqatgina suhbat orqali qabul qilishdi. Rosti, xususiy universitetdagi sharoitlar havas qilsa arzigulik, o'qiyman, degan talabaga hamma sharoitlar bor. Kamiga 2-kursdan keyin o'qishning qolgan qismini xorijda davom ettirish imkoniyatini ham taqdim etadi. Lekin shuncha ustunliklariga qaramay, baribir davlat oliygohida o'qish orzumni unuta olmadim. Bu haqda ota-onamga aytganimda boshida hayron bo'lishdi, biroq orzum armon bo'lmasligi uchun rozilik berishdi. Mana, davlat oliygohidagi bir yilimiz o'tdi. Nasib etsa, magistratura bosqichida ham aynan shu oliygohda o'qimoqchiman.

    Talabalarning xususiy oliygohlardan davlat OTMlariga o'qishni ko'chirishiga sabablar etarlicha, biroq agar ularning natijasi diplomli bo'lishni osonlashtirishga olib keladigan bo'lsa, talablar yanada kuchaytirilishi lozim.

    Jonibek ALIJONOV,

    “Yangi O'zbekiston” muxbiri