Oʻqituvchilarning qadr-qimmatini himoya qilish konstitutsiyaviy qoidaga aylandi

    Bilasizmi? 7 Dekabr 2023 3882

    Bugun mamlakatimizda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar zamirida inson qadr-qimmati va hayoti farovonligi mujassam.

    Shu yil yurtimizda amalga oshirilgan Konstitutsiyaviy islohotlar ham “inson qadri” tamoyilini yanada yuksaltirish, davlat boshqaruvini yanada samarali va natijador qilib tashkil qilishda mustahkam asos boʻldi.

    Yurtdoshlarimiz xohish-irodasiyu umumxalq ovozi bilan qabul qilingan yangi tahrirdagi Bosh qomusimiz haqiqiy maʼnoda xalqchil hujjatga aylandi. Unda ijtimoiy adolat va birdamlik prinsiplari joriy etildi, inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning mutlaqo yangi mexanizmlarini nazarda tutuvchi konstitutsiyaviy asoslar mustahkamlandi. Umuman, yangilangan Konstitutsiyamizda xalqimizning ertangi farovon hayoti uchun ishonchli kafolat yaratildi.

    Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan barcha sohalar qatori taʼlim sohasida ham koʻplab yangilik va islohotlar izchillik bilan amalga oshirib kelinmoqda. Endilikda yangi tahrirdagi Bosh qomusimizda taʼlim-tarbiya tizimi hamda soha vakillarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan yangi normalar asosida sohada yanada ilgari odimlash, yangi marralarni zabt etish imkoni yaratildi.

    Jumladan, yangi Konstitutsiyamizning 52-moddasida “Oʻzbekiston Respublikasida oʻqituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sogʻlom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning maʼnaviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida eʼtirof etiladi. Davlat oʻqituvchilarning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan oʻsishi toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qiladi”, deya belgilab qoʻyildi.

    Pedagog sifatida yangi Konstitutsiyamizda soha vakillariga oid normalar mustahkamlangani bizga cheksiz gʻurur va kuch bagʻishlab, kasbimizga yanada fidoyilik bilan yondashishni taqozo etadi.

    Darhaqiqat, oʻqituvchining mehnati, bilimi mamlakatni rivojlantirishda, sohalar ravnaqida muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish maqsadini oldimizga qoʻyar ekanmiz, bunda taʼlim fidoyilarining saʼy-harakati yanada dolzarb oʻrin tutadi. Shu bois ham yurtimizda taʼlim sohasi vakillarini qoʻllab-quvvatlashga, ularga qulay sharoitlar yaratishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Yangilangan Konstitutsiyamizda mustahkamlangan normalar bilan oʻqituvchi kasbining maqomi va obroʻsini koʻtarish, ustozlarning qadri, shaʼni va gʻururini yuksaltirish, ularning moddiy va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlanishini taʼminlash, samarali mehnat faoliyati uchun munosib sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yanada keng davom ettiriladi, yangi imkoniyatlar eshigi ochiladi.

    Davlat taʼlim sohasi vakillarining kasbiy jihatdan oʻsishiga gʻamxoʻrlik qilishi Konstitutsiyaviy jihatdan mustahkamlandi. Ushbu normaning ahamiyati haqida alohida toʻxtalmoqchiman. Bugungi axborot asri, tezkor davr faoliyatimizga yangi metod va uslublarni joriy qilishni, oʻz ustimizda ishlab, zamon bilan hamnafas boʻlishni talab etadi. Qolaversa, oʻsib kelayotgan farzandlarimizning aqliy rivojlanishi, talab va xohishlari oʻsib bormoqda. Ularning bilimini yanada boyitish, ilm-malaka borasidagi talablariga munosib javob qaytarish uchun pedagog tinimsiz izlanish va oʻrganishda boʻlishi lozim. Shunday ekan, taʼlim sohasi vakillarining kasbiy oʻsishi, malakasini oshirib borishi uchun davlat tomonidan gʻamxoʻrlik qilinishi pedagoglarga katta qulaylik yaratadi.

    Bir soʻz bilan aytganda, yangi tahrirdagi Bosh qomusimizda taʼlim-tarbiya yoʻnalishida, soha vakillarini qoʻllab-quvvatlash borasida belgilangan hayotiy normalar pedagoglar, oʻqituvchi-professorlar faoliyati samaradorligini oshirishga zamin boʻladi, kelajagimiz egalari boʻlgan yosh avlodni ilm-maʼrifatli, yurtga kamarbasta qilib ulgʻaytirishga, ularning bilimini, malakasini mustahkamlashga xizmat qiladi.

    Dilsoʻz Zoyirova,

    Toshkent davlat yuridik universiteti katta oʻqituvchisi