Iqlim inson hayotiga toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsir koʻrsatuvchi omil hisoblanadi. Shu bois qurgʻoqchilik jarayonlarini oʻrganish, Orol dengizi fojiasini yumshatish, u keltiradigan zararni kamaytirish borasida tadqiqotlar olib borish, prognozlash bugungi kunda dolzarb masalalardan biriga aylangan.
Mutaxassislarning maʼlum qilishlaricha, Qoraqalpogʻiston hududida joriy qish mavsumida oldingi yillarga qaraganda yomgʻir va qor birmuncha koʻp yogʻmoqda. Bu qishloq xoʻjaligi va chorvachilik uchun ayni muddao. Qor va yomgʻirning koʻp yogʻishi shoʻrlanishning ham oldini oladi.
— Yomgʻir miqdori koʻp yillik normaga solishtirilganda baʼzi joylarda meʼyordan past, biroq 2019-2020-yillarga taqqoslaganda ancha yuqori. Koʻp yogʻingarchilik boʻlishi qishloq xoʻjaligi ekinlaridan moʻl hosil olishni kafolatlaydi, — deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasi gidrometerologiya boshqarmasining muhandis-sinoptigi Rashid Sultashov. — Shuningdek, koʻp yillik oʻrtacha yomgʻir miqdori 107 millimetrni tashkil etadi. Solishtirib koʻradigan boʻlsak, 2020-yilda oʻrtacha 75,6 millimetr, 2021-yilda esa 76,8 millimetr miqdorda yogʻingarchilik boʻlgan. Bu yil qor va yomgʻir oʻtgan yillarga nisbatan koʻp yogʻishi kutilmoqda. Eng asosiysi, yerda namlik miqdorining yuqori boʻlishi Orol dengizi tubidagi saksovullar va ekin maydonlari uchun juda foydali.
Mutaxassisning bildirishicha, mamlakatimiz shimoliy qismida dekabr oyida yoqqan qor hali ham erib ulgurmagan.
— Dehqonlarimiz orasida qorda havodagi chang va tuzlar hisobiga shoʻrlanish kuchayadi, bu esa gʻalla hosiliga ziyon yetkazadi degan xavotirlar tarqalgandi, — deydi Beruniy tumani irrigatsiya boʻlimi rahbari Jasur Yeshanov. — Gʻalla maysalari ustini qoplagan qorni maxsus uskuna yordamida tekshirib koʻrdik. Natijada 0,04 dan 0,08 gacha boʻlgan koʻrsatkich qayd etildi. Bundan koʻrinadiki, qor shoʻr emas. Dehqonlarimizning xavotiriga oʻrin yoʻq. Aksincha, ketma-ket yoqqan qalin qor gʻalla maydonlari uchun juda foydali boʻlib, kamida bir marotaba sugʻorish oʻrnini bosadi. Qor ostidagi bugʻdoy maysalari yaxshi rivojlanyapti.
Mnajatdin QUTLIMURATOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri