Qishloq xoʻjaligi qoʻshimcha imkoniyatlarga boy soha. Ushbu tizim nafaqat mamlakatda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlaydi, balki iqtisodiyot taraqqiy etishida ham katta ahamiyatga ega. Shu bois, keyingi yillarda agrar sohani tubdan isloh qilish va uni bozor talablariga moslashtirish ishlariga katta eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, sohada oʻsimliklarni himoya qilish yoʻnalishi tubdan isloh etilib, oʻsimliklar karantini xizmatini yaxshi yoʻlga qoʻyish, sohaga ilm-fan yutuqlarini olib kirish, malakali kadrlar tayyorlash boʻyicha qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Oʻsimliklarni himoya qilishda karantin usuli katta ahamiyatga egadir. Chunki bu usul asosan xavfli zararkunandalar, oʻsimlik kasalliklari, begona oʻtlar iqlimiy va boshqa sharoitda zarar keltiradigan darajada koʻpayishi mumkin boʻlgan joylarga kelib qolishining oldini olish, kelib qolganda yoʻq qilishga qaratilgan davlat tadbirlari tizimini amalga oshirishdan iboratdir. Demak, oʻsimliklar karantini xizmati bevosita mamlakat xavfsizligini taʼminlashda ham muhim rol oʻynaydi. Chunki birgina zararli organizmni urugʻ, koʻchat kabi qishloq xoʻjaligi mahsulotlari orqali mamlakatga kiritib, butun qishloq xoʻjaligini izdan chiqarish mumkin. Shunday xavflarning oldini olish uchun sohaga jiddiy eʼtibor berish, bu yoʻnalishdagi qonunchilikni takomillashtirish talab etiladi.
Aytish kerakki, ayni kunda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida muhokama etilayotgan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi shu jihatidan ahamiyatli, deb oʻylayman.
Qonun loyihasi karantin ostidagi mahsulotga, uni olib kirishga, olib chiqishga, ishlab chiqarishga, qayta ishlashga, saqlashga, tashishga, realizatsiya qilishga va yoʻq qilishga doir talablarni belgilaydigan, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan bajarilishi shart boʻlgan fitosanitariya talablarini xalqaro qonun hujjatlariga muvofiqlashtirish orqali fitosanitar xavfsizlikka erishish zaruratidan kelib chiqib ishlab chiqilgan.
Bundan tashqari. karantin ostidagi mahsulotlarni sifat va xavfsizlik koʻrsatkichlari boʻyicha tartibga soluvchi qonun va qonunosti hujjatlarni xalqaro standartlar talablariga muvofiqligini taʼminlash maqsadini ham koʻzlaydi.
Avvalo, taʼkidlash joizki, ushbu qonun loyihasi davlatimiz rahbarining 2020-yil 13-oktyabrdagi “Oʻsimliklar karantini boʻyicha davlat xizmati faoliyatini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlashga qaratilgan. Qarorga muvofiq, Oʻsimliklar karantini ilmiy markazi negizida Oʻsimliklar karantini ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etilganligi munosabati bilan oʻzgartirish kiritilmoqda.
Mazkur qarorga muvofiqlashtirish boʻyicha Yuqori fitosanitar xavfga ega karantin ostidagi mahsulotlarni (urugʻliklar, ekish materiallari, meva-sabzavotlar va gullar) xorijiy mamlakatlardan Oʻzbekiston Respublikasida yashovchi fuqarolarga pochta va kuryerlik joʻnatmalarini yuborish, shuningdek yoʻlovchilar yuki bilan va qoʻl yuki orqali olib oʻtish taqiqlanishini nazarda tutuvchi normalar belgilanmoqda.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksining 107 va 108-moddalariga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.
Ahamiyatli yana bir tomoni, qonun loyihasida Oʻsimliklar karantini ilmiy-tadqiqot markazining vazifalari ham nazarda tutilgan.
Unga koʻra, markaz katta iqtisodiy zarar keltirishi mumkin boʻlgan zararli organizmlarning fitosanitar xavf tahlilini oʻtkazish va ular kirib kelishining oldini olishga qaratilgan ilmiy asoslangan fitosanitar choralar ishlab chiqadi. Karantindagi va boshqa xavfli zararli organizmlar oʻchoqlarini yoʻq qilish va ulardan holi boʻlgan hududlarni belgilash, ular tarqalishining oldini olish hamda ularga qarshi kurashish boʻyicha dasturlarni tuzadi.
Shuningdek, karantin obyektlari va oʻsimliklarning boshqa xavfli zararli organizmlarini aniqlash va ular diagnostikasining ekspress-usullarini hamda ularga qarshi kurashishning uslublarini ishlab chiqish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini zararsizlantirishning innovatsion usullarini ishlab chiqish hamda zararli organizmlarga taʼsir etish mexanizmlari va samarasini ilmiy asosda oʻrganish kabilar nazarda tutilmoqda.
Dunyoda tabiiy va toza mahsulotlarga talab ham doim yuqori boʻlgan. Bu inson sogʻligi uchun ham kerak. Shuning uchun ham mamlakatlar qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining qayerda va qanday holatda yetishtirilgani, ularning sifatiga alohida eʼtibor qaratadi. Demak, yashil olamni samarali himoya qilish, sifatli hamda yuqori hosil olish dolzarb vazifadir.
Dilorom IMOMOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati