Martabali mehmonlarni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida turizm va sport vazirining oʻrinbosari Avazjon Karimov, Oʻzbekiston milliy paralimpiya qoʻmitasi raisi Muxtorxon Toshxoʻjayev, Oʻzbekiston milliy olimpiya qoʻmitasi bosh kotibi Oybek Qosimov hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari kutib oldi.

Majid Rashed jurnalistlarga bergan dastlabki intervyusida quyidagilarni aytib oʻtdi:

–Bu mening Oʻzbekistonga ilk tashrifim emas. 2013-yilda ham bu yerda boʻlganman. Yangiliklar orqali soʻnggi paytlarda yurtingizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar va ulkan oʻzgarishlar haqida muntazam tanishib borayapman. Ayniqsa, Oʻzbekistonda paralimpiya harakatiga davlat miqyosida eʼtibor qaratilayotganining samarasi oʻlaroq, ushbu mamlakat sportchilari yildan-yilga yuqori natijalarga erishib kelmoqda. Umid qilamanki, oʻzbekistonlik paralimpiyachilar Tokioda boʻladigan Paralimpiya oʻyinlarida ham yuqori natijalarga erishadi.

Dasturga muvofiq, bugun kunning ikkinchi yarmida Osiyo Paralimpiya qoʻmitasi prezidenti Majid Rashed boshchiligidagi delegatsiya Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov bilan uchrashishi belgilangan.