Davlatimiz rahbarining g'oya va tashabbusi asosida bunyod etilgan “G'alaba bog'i” chindan ham xalqimizning urush yillarida ko'rsatgan mardlik va matonatini, yuksak insoniy fazilatlarini namoyon etuvchi, kelajak avlodni ona Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashga xizmat qilishga chorlovchi, muhtasham bir maskan, ulug' bir dargohdir.
Prezidentimiz SHavkat Mirziyoev tomonidan kuni kecha imzolangan “Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorda ham mazkur yodgorlik majmuasida harbiy texnikalar namoyishi, Ikkinchi jahon urushi vaqtidagi kompozitsiyalar installyatsiyasini, jumladan, urush yillarining qo'shiq va kuylari hamda tegishli sharoitlar yaratish bilan bog'liq tadbirlarni tashkil etish vazifasi belgilab berildi.
“G'alaba bog'i”ga kelgan chog'ingizda urush voqealari ko'z o'ngingizda namoyon bo'layotgandek taassurot uyg'otadi. Garchi bizlar urush dahshatlari haqida faqat ommaviy axborot vositalari, badiiy kitob va fil`mlar orqali tasavvurga ega bo'lsak-da, ushbu bog'ning har bir bo'lagi, ko'rinishi, urush tafsilotlari aks etgan lavhalar, eksponat va suratlar qalbimizga hazin bir ma'yuslikni olib kiradi. Ruhiyatimizda qo'zg'algan g'alayonlar esa har kun, har nafasda tinch va osuda kunlarga shukrona keltirish lozimligini uqtirayotgandek tuyuladi.
“G'alaba bog'i” majmuasining etakchi mutaxassisi Munavvara Ilhomjonova bilan bog'ning har bir burchagini e'tibordan qoldirmay ko'zdan kechirdik. Urush davridagi blindaj va okopning tabiiy ko'rinishi, urushga doir osori atiqalar, jangchilarning maktublari, turli idishlar, harbiy kiyimlar, hujjatlar, suratlar, radiokarnay orqali urush davridagi musiqa va xabarlar uzatilishi asosida yaratilgan tarixiy muhit — barchasi tabiiydek edi. Hamrohim suhbat asnosida jang maydonlarida Vatan uchun jon berib, jon olgan, voqealarning tirik guvohi bo'lgan 96 yoshli faxriy otaxon haqida gapirib qoldi. U kishi har zamonda o'g'li hamrohligida boqqa kelishini va ayni shu damda muzeyda ekanini aytdi.
Ozorli, og'riqli xotiralarni eslagim kelmayapti
Vaqtni boy bermaslik va otaxonning suhbatini olish ilinjida muzey tomon shoshildik. Zero, shahid ketgan bobolarimizning jasoratidan hikoya qiluvchi, g'animning qo'lida asirda qolgan vatandoshlarimizning mardligidan so'zlovchi urush qatnashchisi bilan yuzma-yuz uchrashish hayajonli tasodif edi. Muzeyning vokzal deb atalmish qismidagi o'rindiqda xayol surib o'tirgan mo'ysafid otaxonni ko'rdim-u, bir oz taraddudlanib qoldim. Bir hadik bilan sekingina salom berdim.
— Otaxon! Sizni bezovta qilganim uchun uzr. Urush qatnashchisi ekansiz, bizga ozgina vaqtingizni ajratib, o'zingiz, o'tmish xotiralari haqida gapirib bera olasizmi?
Otaxon menga ma'yus nigohlari bilan bir zum boqib turdi-da, keyin qat'iy ovozda, “Yo'q, o'sha azobli, yillarning og'riqli xotiralarini hozir hecham eslagim kelmayapti, bolam”, dedi. Poytaxtimizning Mirobod tumanida istiqomat qiluvchi urush faxriysi Abdulla ota Taziev hozir 96 yoshda ekan.
— O'g'lim eldor bilan ba'zan mana shu “G'alaba bog'i”ga kelib, ota-onamni, yoshligimni, 21 yoshida Ukraina janglarida halok bo'lgan akamni, urush qurbonlari bo'lgan do'stlarimni, hanuz tanamda qolib ketgan o'q parchasi bilan bog'liq og'riqli xotiralarimni eslayman, duoyu fotiha qilaman, shunda ruhiyatim engil bo'ladi, — dedi otaxon. — Urush yillarida, etti yoshdan etmish yoshgacha bo'lgan o'zbekistonliklar “Hamma narsa — front uchun, hamma narsa — g'alaba uchun!” deb yashagan va hech kim o'zini, o'z halovatini o'ylamagan, mehnatdan bo'yin tovlamagan. Inson aslida shunday yashashi kerak. Agar jurnalist bo'lsang, o'tmishda qolgan yaqinlarimizning xotirasi bilan bizlarni yanada yaqinroq bog'lashga yordam bergan, ularning shonli, sharafli nomini mangu barhayot qilgan Prezidentimiz SHavkat Mirziyoevga minnatdorchiligimni va tashakkurimni gazetang orqali etkaz. 17 yoshimda frontga ketdim, fashistlarga qarshi kurashib, birinchi guruh nogironi bo'lib qaytdim. Allohga shukr, rizqu nasibam hali uzilmagan ekan, dorilamon zamonda haliyam yashab yuribman. Ilohim, yurtimiz tinch, dasturxonimiz to'kin, Prezidentimizning tanu joni sog', umri ziyoda bo'lsin! Sizlar ham, el ichida aziz bo'lib yuringlar...
Abdulla ota duo qilib bo'lgach, bizlarni borligimizni unutganday yana ko'zlarini yumib xayolga botdi. Biz esa ularni o'y-xayollari bilan yolg'iz qoldirishni lozim topdik.
Darhaqiqat, Ikkinchi jahon urushida bir yarim milliondan ortiq yurtdoshimiz qatnashib, yarim milliondan ziyodi halok bo'lgan, 133 ming nafarga yaqini bedarak ketgan. 60 mingdan ortiq yurtdoshimiz urushdan nogiron bo'lib qaytgan. Bu raqamlar, bizlarni ogohlikka chorlash barobarida, mudhish urush oqibatlarini hech qachon unutmaslikka chaqiradi. SHu bilan birga, bugungi tinch va go'zal hayotning qadriga etib, doimo hushyor va ogoh bo'lishga, yoshlarni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.
— Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan O'zbekiston xalqining Ikkinchi jahon urushida ko'rsatgan beqiyos jasoratini abadiylashtirish maqsadida bunyod etilgan “G'alaba bog'i”ning umumiy maydoni 14,6 gektar. Majmua ramziy 12 ta hududga bo'lingan bo'lib, kirish qismi, urushning dahshatli qiyofasi, markaziy xiyobon, harbiy texnikalar maydonchalari, temir yo'l vokzali, front orti hududi, amfiteatr va ma'muriy bino, motam va anduh, shod-xurramlik, g'alaba, “SHon-sharaf” davlat muzeyi va shukronalik hududlaridan tashkil topgan, — deydi biz bilan suhbatda Mudofaa vazirining madaniy ishlar bo'yicha maslahatchisi, “G'alaba bog'i” yodgorlik majmuasi boshlig'i, polkovnik SHuhrat YUsupov. — Majmuada urush va uning oqibatlari, urush manzaralari, palatkalar, dala oshxonalari va boshqa lavhalar aks etgan. Ularda o'sha davrdagi harbiy texnika, qurol-yarog'lar, O'zbekiston xalqining front va front ortida ko'rsatgan jasorati, mashaqqatli mehnati, qayg'u-alami, buyuk g'alabaga qo'shgan ulkan hissasi ifodalangan. Bog'ning “Matonat madhiyasi” majmuasida o'zbek ayollarining sadoqati ramziga aylangan zangiotalik Zulfiya Zokirova hamda uning urushda halok bo'lgan besh o'g'lining sadoqatli rafiqalari aks etgan. “Ko'z yoshi” majmuasi urushning mudhishligi, millati va dinidan qat'i nazar, barcha odamlar birligi ramzini ifodalaydi. “SHon-sharaf” davlat muzeyining yuqori qismida Ikkinchi jahon urushida qatnashgan 301 nafar qahramonimiz sharafiga ekilgan daraxtlar, jumladan, “Mangu jasorat” deb nomlangan majmuada afsonaviy o'zbek generali Sobir Rahimov va o'zbekistonlik jasur jangchilarning xotirasi ifodalangan. Bu majmua bizni bugungi tinchlik-osoyishtalik, musaffo osmon, farovon hayot qanchalik bebaho ne'mat ekanligini, uni ko'z qorachig'idek asrab-avaylash muqaddas burchligini yana bir bor anglatadi.
Urush, noming o'chsin jahonda!
Polkovnik SHuhrat YUsupovning ma'lum qilishicha, Ikkinchi jahon urushida qozonilgan G'alabaning 76 yilligi munosabati bilan 20 apreldan 20 mayga qadar “Urush, noming o'chsin jahonda!” mavzusida ijodiy ishlar ko'rgazmalari tashkil etilmoqda. “SHon-sharaf” davlat muzeyi fondida saqlanayotgan eksponatlar va ma'lumotlar asosida badiiy, ilmiy-ommabop “Xotiralardan o'rin olgan tarix” kitobi ham nashr etilish arafasida. SHuningdek, Ikkinchi jahon urushi jarayonlarini, urush qatnashchilari hamda front orti faxriylarining fidoyiligini aks ettiruvchi videolavhalar, qisqa metrajli fil`mlar va boshqa materiallardan tungi video-panorama shousi tashkillashtirish ustida ish olib borilmoqda.
Mudofaa vazirligi Xalqaro harbiy hamkorlik bosh boshqarmasi Tashqi ishlar vazirligi va tegishli idora, tashkilotlar bilan Ikkinchi jahon urushida erishilgan buyuk G'alabaning 76 yilligi munosabati bilan “Markaziy Osiyo xalqlari tarixi va xotirasida Ikkinchi jahon urushi: voqealar, ishtirokchilar, ramzlar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferentsiya o'tkazish bo'yicha ham qizg'in tayyorgarlik olib borilmoqda.
— “G'alaba bog'i”ga ikkinchi marotaba kelishim, — deydi yuridik fanlar doktori, professor Gulchehra To'laganova. — Ochig'i, urushning 1941-1945 yillariga tushib qolgandekman. Toshkent vokzalining 1945 yildagi holati, eshelonlar, xalqimiz o'zi emay, “Hamma narsa — front uchun!” shiori bilan, topgan oziq-ovqat mahsulotlarini frontga yuborgani, urush davri manzaralari, okop, kontslager, majaqlangan nemis tanklari, asirga tushgan 101 o'zbek jangchisining chekkan sitamlari tasvirlari, ayniqsa, tasmalarga yozilgan o'sha vaqtlardagi jangovar sado va ovozlardan paydo bo'ladigan hissiyotlarni so'z bilan ta'riflash qiyin...
Darhaqiqat, “G'alaba bog'i” yodgorlik majmuasiga kelgan har bir inson aynan o'sha erda tinchlik va osoyishtalikning, tiriklikning qadrini, omonat umrning har bir lahzasi bebaho ne'mat ekanligini anglab etishi tayin. Binobarin, urush davriga oid 16 ming eksponatni o'zida jamlagan “SHon-sharaf muzeyi” barchamiz uchun haqiqiy ko'zgudir. Matonatli o'zbek ayollari vakilasi Zulfiya Zokirova va uning kelinlari xotirasiga qo'yilgan haykalni esa sadoqat ramzi, vafo timsoli deb atash mumkin. Muzey bizga 1941-1945 yillarning alamli suronidan, sitamli kunlaridan hikoya qilib berayotganday.
O'tganlar yodi
“G'alaba bog'i”da, yillarning alamli suronlariyu, chimildiq ko'rmay, umri xazon bo'lgan yigitlarning nolasini eshitganday bo'lasiz. Bu maskanda sadoqat va vafo tushunchasining nechog'liq qadri baland ekanligini qalb qo'ringiz bilan his qilasiz. Norasida, begunoh bolakaylarning suratdagi mungli nigohlarini ko'rganingizda esa o'z yaqinlaringizdan darig' tutgan mehringizni qayta ulashgingiz, yanada mehrli bo'lgingiz keladi.
Aziz zamondosh, “G'alaba bog'i”ga bir bora keling, dilingiz ravshanlashib, qalbingiz poklanishi uchun. Bilib-bilmay qilgan xatolarimizni boshqa qaytarmaslik uchun. CHunki bu erda Vataniga jonini fido qilgan, ko'ksini qalqon etgan, ona yurt saodati yo'lida o'z baxtidan voz kechgan, el farovonligi uchun borini bergan, mehr-muhabbatni, or va nomusni har narsadan ustun qo'yganlarning hayoti, yodi, xayoli bilan tanishasiz.
Gulichehra DURDIEVA,
“YAngi O'zbekiston” muxbiri