OTBning Oʻzbekiston bilan koʻp qirrali hamkorligi uzoq muddatli xarakterga egaligi hamda mamlakatda Bank ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalar portfelining qiymati 10 milliard dollardan ortiq boʻlib, boshqa barcha rivojlanish boʻyicha hamkorlar orasida eng yirigi ekanligi taʼkidlandi. Ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga molik loyihalarni moliyalashtirish orqali Bank Oʻzbekistonda dasturiy islohotlarni amalga oshirishda texnik va maslahat yordamini ham koʻrsatib kelyapti.

Shu oʻrinda OTBning Oʻzbekiston bilan 2019-2023-yillar uchun shakllangan hamda Oʻzbekistonning 2022-2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasi bilan korrelyatsiyaga ega Hamkorlik strategiyasining maqsad va vazifalarini amalga oshirish boʻyicha kelgusida hamkorlik qilish yoʻllari muhokama qilindi. Ikkala hujjatda ham xususiy sektorni qoʻllab-quvvatlash, hududiy hamkorlikni rivojlantirish, inklyuziv oʻsishni ragʻbatlantirish orqali tengsizlikni qisqartirish va boshqa muhim sohalarga ustuvorlik berilgan.

Infratuzilmaviy rivojlanish, energetika, uy-joy kommunal xoʻjaligi, sogʻliqni saqlash va qishloq xoʻjaligi sohalarida OTB bilan birgalikda amalga oshirilayotgan umumiy qiymati 5 milliard dollarlik 29 loyihaning hozirgi holati koʻrib chiqildi. OTBning 2022-2024-yillarga moʻljallangan mamlakatlar bilan operatsiyalarning biznes-rejasi doirasida Oʻzbekistonda umumiy qiymati 2,8 milliard dollarga teng boʻlgan 27 loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan boʻlib, shundan 524 million dollarlik 3 loyiha 2022-yilda hayotga joriy etiladi. Tomonlar maʼqullangan tashabbuslarni amalga oshirishni jadallashtirish va koʻrib chiqilayotgan loyihalarni kelishish boʻyicha yaqindan hamkorlik qilish toʻgʻrisida kelishib oldilar.

Qoʻshma loyihalarni tayyorlash va hayotga tatbiq etish samaradorligini yanada oshirish boʻyicha keyingi qadamlar belgilandi. Bu yoʻnalishda OTB hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Xalqaro hamkorlik va rivojlanish agentligi oʻrtasidagi hamkorlik mexanizmlari muhokama qilindi. Agentlik loyiha siklining barcha bosqichlarida, jumladan, ustuvorliklarni belgilash, loyihalash, loyihani baholash, xaridlarni amalga oshirish va loyihani hayotga joriy qilishda asosiy muvofiqlashtiruvchi boʻgʻin boʻlib hisoblanadi. Agentlikning salohiyatini yanada oshirish va institutsional rivojlantirish boʻyicha konsultatsiyalar berish uchun ekspertlarni Oʻzbekistonga yuborish orqali OTB tomonidan texnik yordam koʻrsatilishiga kelishildi.

Mamlakatimizda davlat-xususiy sheriklik (DXSH) asosida amalga oshirilayotgan loyihalarni ilgari surish borasidagi hamkorlikka alohida eʼtibor qaratildi. OTB bilan birgalikda energetika sohasida keng koʻlamli loyihalarini tayyorlash va amalga oshirishda erishilgan yutuqlar taʼkidlandi. Xususan, hozirgi kunda Oʻzbekistonda quyosh energiyasini rivojlantirish boʻyicha OTBning umumiy quvvati 1 GVt teng boʻlgan alohida Dasturi faol amalga oshirilmoqda. Tomonlar ushbu sohadagi hamkorlikni kengaytirish uchun ulkan salohiyat mavjudligini qayd etib, suv taʼminoti, elektr energiyasini taqsimlash tarmoqlarini modernizatsiya qilish, sogʻliqni saqlash va transport infratuzilmasini rivojlantirish sohalarida DXSH vositalarini joriy etishni kengaytirish imkoniyatlarini oʻrganishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Shuningdek, OTB bilan Oʻzbekistonda xususiy sektor va tijorat banklari loyihalarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash, yoʻl infratuzilmasini kengaytirish loyihalarini amalga oshirish, texnologiya, muhandislik va matematika sohalaridagi oʻquv dasturlarini takomillashtirish orqali oʻrta va kasb-hunar taʼlimini rivojlantirish, aholi bandligini oshirish, sogʻliqni saqlash sohasini modernizatsiya qilish, ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish, ayollar va yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Muloqot chogʻida Bank rahbariyati Toshkent xalqaro investitsiya forumi va u doirasidagi tadbirlarda ishtirok etishga taklif qilindi.

Muzokaralar yakunida ikki tomon uchun ustuvor boʻlgan qator yoʻnalishlarda hamkorlikni faollashtirish boʻyicha kelishuvlarga erishildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.