Kecha O‘zbekiston elchisi Javlon Vahobov Mark Riz bilan uchrashdi va suhbat davomida uning 26-apreldan 8-maygacha mamlakatimizga safari dasturi to‘g‘risida fikr almashdi.
Amerikalik mehmonning mamlakatimizga tashrifi doirasida «O‘tgan kunlar» romanining ingliz tiliga tarjimasining taqdimoti, madaniy-gumanitar doiralar vakillari bilan uchrashuv va muzokaralar o‘tkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, u o‘zbek yozuvchilarining asarlarini tarjima qilish, mahalliy tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalarini o‘rganadi, Marg‘ilon shahriga safar qiladi.
Mark Edvard Riz mehnat faoliyatini 1994-yilda AQSh Tinchlik korpusi ko‘ngillisi sifatida boshlagan. Mazkur yo‘nalishda O‘zbekistonda 1996-yilgacha ishlagan. Ushbu davrda ko‘p vaqtini Farg‘onada o‘tkazgan. Mamlakatimiz mustaqillikka erishgandan so‘ng vodiyga tashrif buyurgan ilk amerikaliklardan biri bo‘lgan. Keyinchalik u AQSh Mudofaa vazirligi va Davlat departamentida mehnat qilgan. Afg‘onistonga tarjimon sifatida yuborilgan. Davlat departamentining qiyosiy diniy tadqiqotlar dasturlariga rahbarlik qilgan va AQSh hukumat dasturlarida Markaziy Osiyo bo‘yicha maslahatchi sifatida qatnashgan. Mehnat faoliyati davomida, shuningdek, u AQSh Harbiy-dengiz akademiyasining Mintaqaviy tadqiqotlar markazini boshqargan. Ayni paytda Mark Riz o‘zbek tarjimonlari, yozuvchilari va rassomlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan «Muloqot» madaniy aloqalar dasturi direktori hisoblanadi.
Amerikalik mutaxassisning aytishicha, u Abdulla Qodiriyning AQShda nashr etilgan ingliz tilidagi birinchi asari ustida 15 yildan ortiq vaqt davomida ishlagan. Kitobning birinchi taqdimoti 2019-yil dekabr oyida O‘zbekistonning Vashingtondagi elchixonasida bo‘lib o‘tdi. Ushbu kitobni «Amazon» platformasida sotib olish mumkin. Tarjima o‘quvchilar tomonidan yuqori baholanmoqda va «besh yulduzli» reytingni saqlab qolayapti.
Shuningdek, kitobda muallif tomonidan ishlatilgan turli xil atamalar va frazeologik birliklarning 400 dan ortiq izohi hamda o‘zbek xalqining o‘ziga xos madaniyati, urf-odatlarini tushuntiruvchi sharhlar mavjud.
Tarjimon o‘zbek va rus tillarida so‘zlashadi. Asarni tarjima qilish jarayonida «O‘tkan kunlar» romani asosiy qahramonlarini o‘rgandi, Abdulla Qodiriy tarjimai holi bilan qiziqdi. Bu esa kitobning asosiy mazmun-mohiyatini amerikalik o‘quvchilarga teran yetkazishga imkon berdi.
Tashrif davomida Mark Edvard Riz O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida, shuningdek, Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi va muzeyda hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qilishni rejalashtirmoqda, deb xabar beradi «Dunyo» AA.