Internet olamida o‘zbekcha matnli ma’lumot va videokontentlarni ko‘paytirish uchun boshlangan sa’y-harakatlar bugun o‘z samarasini bera boshladi. “WikiStipendiya marafoni” boshlangan paytda Vikipediyada ona tilimizda 140 ming 348 ta maqola joylangan bo‘lsa, hozir ular soni 183 mingdan oshdi.

Tahrir qilinganlari soni o‘sha paytda 2,5 mingdan ortiq edi, ayni paytda 3 mingga yaqinlashdi. Faol foydalanuvchilar soni esa ikki barobar ko‘paygan.

O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikasiyalar universitetida “Vikipediya” informasion portalini o‘zbek tilidagi ma’lumotlar bilan boyitish hamda sun’iy intellekt tizimi orqali ishlovchi ovozli mobil yordamchining o‘zbek tilidagi muqobili taqdimotiga bag‘ishlangan davra suhbatida bu alohida qayd etildi.

Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirda jahon internet tarmog‘ida o‘zbek tilidagi sifatli ma’lumotlarni ko‘paytirish maqsadida shu yil 20 maydan 20 dekabrga qadar o‘tkazilayotgan “WikiStipendiya marafoni” doirasida qilinayotgan ishlar, jumladan, universitet talabalarining loyiha bo‘yicha faoliyati haqida ma’lumot berildi. Internetning milliy segmentida o‘quvchini jalb qila oladigan, tariximiz, madaniyatimiz, qadriyatlarimiz haqida ishonarli va qiziqarli ma’lumot beradigan kontentlarni oshirish bugunning muhim talabi ekani qayd etildi.

— Dunyodagi eng mashhur ensiklopediyani o‘zbek tilidagi maqolalar bilan boyitish — har bir talaba oldidagi muhim vazifa. Deylik, O‘zbekistonda 1 million talaba bo‘lsa, har biri bittadan maqola yozganda ham bir millionta maqola bo‘ladi. Biroq yaqin-yaqingacha bunday maqolalar soni 140 mingtadan ortiqroq bo‘lgan. Borlari ham tahrirlanmagan, ma’lumotlari eskirgan edi, — deydi Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev.

Bir guruh tashabbuskor yoshlar mana shu xayrli ishga hissa qo‘shish uchun “WikiStipendiya marafoni” loyihasini boshladi. Natija yomon emas. Dunyodagi eng mashhur ensiklopediyada o‘zbek tilidagi maqolalar soni ortib borayotgani, o‘zbekcha vikipediya ikki pog‘ona yuqori ko‘tarilib, 55-o‘ringa chiqqanining o‘ziyoq boshlangan ishlarning ilk samarasidan dalolat beradi. Eng muhimi, jarayon izchil davom etyapti.

Loyiha tashabbuskorlari ensiklopediyaga maqola kiritishni sezilarli darajada osonlashtirdi. Endi unga istalgan odam ma’lumot kirita oladi. Kelgusida alifbo isloh qilinsa nima bo‘ladi, degan savol ko‘pchilikni qiziqtirishi tabiiy. Buning ham yechimi topilgan. Maxsus dastur orqali hamma maqolani yangi alifboga o‘tkazish imkoniyati mavjud.

— Xayrli ishda biz ham chetda turmaymiz. Uch yarim ming talaba, 350 nafar professor-o‘qituvchimiz bor. Mana shu jamoa bilan birga internetda o‘zbek segmentini boyitishga hissa qo‘shamiz, — dedi universitet rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja. — Bu loyiha katta harakatga aylantiriladi. Zero, bu tariximiz, madaniyatimiz, qadriyatlarimiz haqida ishonarli hamda qiziqarli ma’lumot beradigan kontentlar ko‘payishi bilan birga yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘usi yanada kamol topishiga xizmat qiladi.

Tadbirda agentlik mutaxassislari ovozli yordamchilarning o‘zbek tilida gapiradigan muqobili haqida batafsil tushuncha berdi. Bu ishlanma bilan shug‘ullanayotgan dasturchi Baxtiyor Hasanovning loyihasi hozir ovoz yig‘ish jarayonida. Ovozli yordamchini yaratish uchun kamida 10 ming soat ovozli ma’lumot to‘plash kerak.

— Ayni paytda juda ko‘p odam sun’iy intellekt-yordamchidan foydalanadi, — dedi A.Sa’dullayev. — Ayniqsa, ko‘rishida muammosi bor yoki imkoniyati cheklanganlar uchun bu aqlli ishlanma ayni muddao. Ularning muloqotga kirishishiga ko‘maklashadigan bu loyiha ko‘plab yo‘nalishlarda funksiyalarni bajaradi. Ayni paytda 150 nafar eng iqtidorli yigit-qiz o‘zbek tilida so‘zlaydigan mazkur ovozli yordamchiga kerakli jumlalarni yozdirmoqda.

Tadbir doirasida O‘zJOKUda tashkil etilgan shaxmat klubining ochilish marosimi ham o‘tkazildi.

Risolat MADIYEVA,

 “Yangi O‘zbekiston” muxbiri