Keyingi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli ana shunday sarson yurganlarning ko‘pi oilasi bag‘riga qaytdi. Yaratilgan sharoit va imkoniyatlardan foydalanib, nafaqat o‘zi va oilasi uchun mehnat qilmoqda, balki tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yib, mahalladoshlarini ish bilan ta'minlamoqda. Bu bilan el-yurtiga naf keltirayotganidan o‘zlari ham juda xursand. Ana shunday yurtdoshlarimizdan biri, bugun o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘ygan Shaydo Ahmedova hayot yo‘li haqida hikoya qilib berdi.
Ba'zan umrim ortga qaytsa-yu, hayotimni qaytadan yashasam, deyman. Boisi, sarobga ishonib farzandlarimizga eng kerakli paytda ularning yonida turolmadik. Kayfiyati qanaqa, nimalarni o‘ylayapti, faqat bizga aytishi mumkin bo‘lgan biror siri bordir – nazar soladigan ko‘z, eshitadigan quloq, taskin beradigan qalb bo‘lolmadik.
1979 yili Xorazm viloyatining Qo‘shko‘pir tumani “Shixmashhad” mahallasida tug‘ilganman. Buvim ham, onam ham qo‘li gul chevar edi. Ular matoga kashta qadaydimi, ko‘ylak yoki ko‘rpa-yostiq tikadimi, atroflarida parvona edim. Ayniqsa, buvimning ko‘rpa qavib o‘tirib bergan o‘gitlari hech esimdan chiqmaydi. Harfdan avval chokni tanidim. Hali savodim chiqmay matoga gul chizdim, kapalaklarni, qushlarni tasvirladim. Maktabda o‘qib yurgan kezlarim buvim va onamga qarashib, oilamizga yordam bera boshladim. “Ha degan tuyaga madad, Shaydo – bizning tirgagimiz”, deb alqardi buvim.
Maktabni bitirgach, turmushga uzatishdi. Ketma-ket farzandlarimiz tug‘ildi. Ular ulg‘aygani sari topgan-tutganimiz ro‘zg‘ordan ortmay qoldi. Shu orada turmush o‘rtog‘im bilan xorijda ishlayotgan akamni qora tortib, yo‘lga chiqdik. Agar hozirgi aqlim o‘sha paytda bo‘lganida qishlog‘imizda qolar va farzandlarimga bosh bo‘lib, ularni o‘zim tarbiya qilgan bo‘lardim.
U yerga borgach, turmush o‘rtog‘im qurilishga yollanma ishchi bo‘lib kirdi. Men esa oshxonada idish yuvdim. Bir sutkada 12-14 soat tik oyoqda turib, qo‘lim suvdan chiqmay ishlardim. Shunday paytlar bo‘lardiki, ko‘zda yosh bilan idish yuvardim. Na kunimda, na tunimda halovat bor. Tushkunlikka tushgan kunlarim ham, mayli, biroz sabr qilsam, bu kunlar o‘tib ketadi, degan damlarim ham bo‘ldi. Shu tariqa “o‘tib ketar” degan taskin bilan umrimizning 4 yilini boy berdik. Qancha ruhiy zo‘riqishlar bilan yashab, salomatligimizni yo‘qotdik, yurtning bir chimdim tuprog‘iga zor bo‘ldik.
Kechani kecha, kunduzni kunduz demay ishlab, farzandlarimiz yoniga qaytdik. Bu orada bolalar ancha ulg‘ayib qolgan edi. Ularning qoshu ko‘zlariga qarab yana o‘ksindim.
Xorijga ketganimizda bolalarning kattasi 7-sinfda o‘qir, kichkinamiz hali maktabga ham chiqmagan edi. To‘rt bola – uch qiz, bir o‘g‘limizga onam qarab turdi. Tabiiyki, yoshi bir joyga borib qolgan onamga ham bu ish oson bo‘lmagan.
Chet eldan qaytgach, yana tushkunlik domiga tushdim. Qizlarimiz ketma-ket bo‘y yetib qolgan, ularni so‘rab keluvchilar ko‘paygan edi. Bilasiz, qizlarni turmushga uzatishning o‘ziga yarasha mashaqqatlari bor.
Shu orada mahalla fuqarolar yig‘inidan ko‘mak berish istagi bilan kelishdi. “Qo‘lingizda gulday hunaringiz bor. Kredit olib, tadbirkorlik qiling”, dedi mahallamiz raisi. “Kredit” degan so‘zdan bir cho‘chisam, “tadbirkorlik” so‘zi battar qo‘rqitdi. Biz oddiy odam bo‘lsak, kim bizga kredit beradi? Qolaversa, tadbirkor bo‘lish uchun ham bilim kerak. Biz maktabdan narisini ko‘rmagan bo‘lsak.
Yo‘q, men adashgan ekanman. Hujjatlarimni tayyorlab, kredit olish uchun tuman hokimligiga ariza berdim. Ichimda “Bizga baribir kredit berishmaydi”, degan ishonchsizlik bor edi. Bir kuni tuman hokimi xonadonimizga kelib, biz bilan suhbatlashdi. Sharoitimizni o‘rgandi, kelajakdagi maqsadlarimiz bilan qiziqdi. Prezidentimiz tashabbusi bilan nochor oilalarga yordam ko‘rsatadigan turli shakllar borligi, men ham undan bemalol foydalanishim mumkinligini aytdi. Bular tushga o‘xshardi go‘yo. Oradan ko‘p o‘tmay, “Agrobank” tuman filialidan 30 million so‘m miqdorida kredit ajratildi. Tikuv mashinalarini keltirishgan kuni esa kechasi bilan uxlamadim. Uxlay olmadim. Endi farzandlarim uchun o‘z yurtimda nimadir qila olishimdan quvonganimdan yig‘ladim. Eski tikuv mashinasi oldida 3 dona yap-yangi zamonaviy tikuv mashinasi turishi ko‘nglimni ko‘tardi. Yig‘larkanman, yangidan-yangi orzular qildim, oldimga katta-katta maqsadlar qo‘ydim. Ishonch insonga naqadar yuksak kuch berishini shu kecha angladim.
Mashinalar o‘rnatilgach, kerakli materiallarni sotib oldim. Ko‘rpa-to‘shak, yostiq tikishni boshladim. Qarasam, daromad yaxshi. Mahalla raisiga yordamchi olmoqchi ekanimni aytgan edim, “Temir daftar”ga ro‘yxatga olingan ikki ayolni tavsiya qildi. Ikkalasi ham mahallamiz kelini, sinalgan ayollar. Go‘zal va Adolatni yonimga olib, ishni davom ettirdik.
Hozir ham kredit to‘layman, ham ro‘zg‘orga qarashaman. Hademay kreditim tugaydi. Tikuv mashinalari va boshlagan ishimiz yonimizga qoladi. Bundan tashqari, o‘zim kabi qiynalgan ikki ayol ish bilan ta'minlandi.
Yaqinda turmush o‘rtog‘im ham 4 million so‘m kredit olib, issiqxona qurdi. Hademay bu ham oilamizga qo‘shimcha foyda keltiradi. Meni eng quvontirgani – uydan chiqmay daromad topyapmiz. Farzandlarim bag‘rimda. Huzur-halovatga o‘z yurtimda, o‘z mahallamda erishdim.
Aslida, baxtli bo‘lish uchun insonga ko‘p narsa kerak emas ekan. O‘z yurtingda senga ishonishsa, manzilingni topib olishing uchun yo‘l ko‘rsatsa, qiynalsang suyasa – mana shu baxt emasmi?!