Temuriy shahzoda Bobur buyuk boburiylar sulolasiga asos soldi. Mazkur sulola oʻzidan keyin butun dunyoni lol qoldirgan eng sara oʻlmas asarlarini, betakror meʼmoriy muhtasham inshootlarini va bogʻ-rogʻlarni meros qoldirib, jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga ulkan hissa qoʻshdi.

“Boburnoma” asari dunyoning koʻplab tillariga tarjima qilingan. Ozarbayjon milliy fanlar akademiyasining Folklor instituti olimi Ramiz Askar shoh asarni ozarbayjon tilida taqdim qilgan.

Mutarjimning axborotiga koʻra, tarjima jarayonida “Boburnoma”ning eski oʻzbek, turk va rus tilidagi nashrlaridan foydalangan. Kitobning ozar tilidagi nashriga professor Xuseyn Ismailov muharrirlik qilgan. 432 sahifa, 32 rangli suratdan iborat boʻlgan asar 2011-yil Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida chop etilgan.

Ramiz Askar asarga yozilgan soʻzboshi, qaydlar va sharhlarning ham muallifidir. Soʻzboshida, turkiy tillar tarixi, taraqqiyot yoʻli haqidagi maʼlumotlar, Movarounnahr va Xurosonda yashab ijod etgan shoir, olim va fuzalolar haqida qiziqarli maʼlumotlar berilgan.

Shuningdek, “Boburnoma”ning nafaqat turkiy adabiyotda, balki jahon adabiyotida tutgan oʻrni, uning beqiyosligi haqida ham qiziqarli fikrlar bildirilgan. Asardagi sheʼrlarning hammasi ozar tiliga oʻgirilib berilgan.

Masalan, ruscha tarjimalarda sheʼrlar asliyat yoki fors tilida berilmagan, toʻgʻridan-toʻgʻri ruscha tarjimada berilgan boʻlsa, bunda aksincha forscha sheʼrlar asliyatda, undan keyin esa ozar tilidagi tarjimalarda berilgan. Tarjimada mumtoz adabiyot anʼanalari ham saqlab qolingan. Masalan:

“Yana bir Ahmad Hojibek edi. Sulton Malik Qoshgʻariyning oʻgʻli edi. Xushtabʼ va mardona kishi edi. “Vafoiy” taxallus qilur edi. Sohib devon erdi, sheʼri yomon emas edi, bu bayt aningdurkim:

Mastam, ey muhtasib, imroʻz zi man dast bidor.

Ihtisobam bikun on roʻz ki yobi hushyor.

Baytning sheʼriy tarjimasi berilmay mazmuni berilgan.

Mazmuni: Ey muhtasib, mastman, bugun mendan qoʻlingni tort, qachonki hushyor topsang, oʻsha kuni tekshir.

Ramiz Askar, “Boburnoma” matnidagi barcha sheʼriy misralar, parchalarni nazmiy tarjimada beradi. Shuni alohida taʼkidlash joizki, tarjimon Sharq mumtoz adabiyotining anʼanalariga sodiq qolgan holda forsiy baytlarni ozarbayjon tiliga muvaffaqiyat bilan tarjima qilgan.

Vafoiy forsiy baytda qoʻllagan muvozana, radif va qofiya kabi sheʼriy sanʼatlarini u, mahorat bilan ozarbayjon tilida qayta yarata olgan. Bobur oʻz xolavachchasi Haydar Mirzo haqida maʼlumot berar ekan, u tomondan bitilgan forsiy baytni “Boburnoma”da keltiradi:

Boz gardad baasli xud hama chiz,

Zarri sofiyu nuqravu arziz.

Mazmuni: Hamma narsa: xoh sof oltin, xoh kumush va xoh qoʻrgʻoshin boʻlsin, baribir, oʻz asliga qaytadi.

Ruscha tarjimasi quyidagicha:

Vsyakaya veщ vozvraщayetsya k svoyemu nachalu –

I chistoye zoloto, i serebro, i svines.

Ozarbayjoncha tarjimasi:

Hәr şey, ister saf altin, istәr guműs, istәr qalay olsun, axirda őz әslinә dőnәr.

Eʼtibor bersangiz, ruscha tarjima sheʼriy tarjimadan koʻra nasriyga yaqinroq. Ramiz Askar tarjimasida oʻziga xos ritm va musiqiylik mavjuddir. Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, Ramiz Askar va umuman asarni tarjima, tahrir qilish jarayonida ishtirok etgan olimlar oʻz maqsadlariga erishganlar.

Zero, mashhur tarjimashunos olim Levon Mkrtchyan oʻzining “O stixax i perevodax” nomli risolasida quyidagi fikrni keltirib oʻtgan: “Agar tarjima (boshqa tilda) qabul qiluvchi muhit tiliga yangilik olib kelmasa, bunday tarjimani umuman keragi yoʻq”.

Darhaqiqat, tarjimon oʻzining tarjimasi bilan oʻzga adabiyotga adabiyotining anʼanalarini ham olib kiradi. Bu esa, oʻz navbatida, oʻzga tilda soʻzlashuvchi kitobxonga asliyat adabiyotini butun goʻzalligi bilan namoyon boʻlishiga xizmat qiladi, ularga estetik zavq bagʻishlaydi, lekin albatta poetik tarjimada oʻzgartirishlar va yoʻqotishlar boʻlishi muqarrar.

Yana shunisi eʼtiborga molikki, “Boburnoma”ning ozarbayjon tiliga tarjimasi soʻnggi yillarda tarjimashunoslik fani qoʻlga kiritgan yutuqlar qatorida baholanadi. Mutarjim asarning eski oʻzbek tilidagi nusxasini turkcha va ruscha tarjimalarini isteʼfoda etgani, tarjimani yanada mukammal boʻlishiga xizmat qilgan. Taglama vazifasini oʻtagan yuqoridagi nashrlar bir-birini toʻldirgan va oxir-oqibat “Boburnoma”ning ozarbayjon tilidagi nashri goʻzal bir shaklda va mazmunda dunyo yuzini koʻrdi.

Hazrat Nizomiy, Hazrat Navoiy ikki qardosh xalq uchun qanchalik aziz boʻlsa, oʻylaymizki, Hazrat Bobur Mirzo ham ozarbayjon xalqi uchun shunday aziz va moʻtabar boʻlib qoladi.

Tan olish kerak, soʻnggi yillarda boburshunoslik mamlakatimizda yangi bosqichga koʻtarildi, desak aslo mubolagʻa qilmagan boʻlamiz. Ayniqsa, soʻnggi olti yil ichida Prezidentimiz tashabbusi va homiyligi ostida, boburshunoslik nafaqat bizning yurtimizda, balki xorijiy davlatlarda ham yangicha qarashlar bilan boyimoqda.

Umuman olganda Zahriddin Muhammad Bobur shaxsi va ijodini oʻrganishda turkiy davlatlar olimlarining yangi avlodi maydonda boʻy koʻrsatmoqda. Bu borada goʻzal va betakror Ozarbayjon diyorining olimlari butun dunyoga namuna boʻlib kelishayotir.

“Boburnoma” tarjimasida muayyan yutuqqa erishgan filologiya fanlari doktori, professor Ramiz Askar mazkur ishi bilan kifoyalanib qolmadi. U hozirgi vaqtda bobokalonimizning “Mubayyin”, “Volidiya”, “Aruz risolasi” va boshqa asarlarini tarjimasi bilan mashgʻul va bu ish olim hayotining mazmuniga aylangan.

Biz oʻzbekistonlik boburshunos olimlar ozarbayjonlik olimlar erishayotgan yutuqlarni koʻrib xursand boʻlamiz. Ramiz Askar Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti bilan sermahsul hamkorlikni yoʻlga qoʻygan. Universitet tomonidan oʻtkaziladigan Zahiriddin Muhammad Bobur ijodiga oid xalqaro konferensiyalarda professor doimiy ishtirokchimiz hisoblanadi.

Ramiz Askar tufayli Ozarbayjon xalqi ham Boburning eng goʻzal asarlaridan bahramand boʻlayotganligidan va ijodiy hamkorligimizning bardavomligidan mamnunmiz. Oʻylamizki, qardoshlarimiz bilan ijodiy hamkorligimiz mustahkamlanib, yanada sermahsullik kasb etaveradi.

Toʻlqin SAYDALIYEV,

Jamoat xavfsizligi universiteti professori,

isteʼfodagi podpolkovnik

Elmirza ERKAYEV,

universitet dotsenti