Oʻzbek charm-poyabzal mahsulotlari Wildberries onlayn savdo platformasidan joy oladi

    Biznes 9 Noyabr 2022 958

    “Oʻzcharmsanoat” uyushmasida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi eksportni ragʻbatlantirish agentligi tashabbusi bilan Rossiyaning yirik “Wildberries” onlayn savdo platformasi vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Muloqotda mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan poyabzal, charm-attorlik, sport aksessuarlari mahsulotlarini onlayn marketpleysda savdosini yoʻlga qoʻyish masalasi muhokama etildi.

    Muloqot avvalida “Wildberries” kompaniyasi vakillariga mamlakatimizning ishlab chiqarish salohiyati, mahsulot sifati, xalqaro sertifikatlar, eksport koʻrsatkichlari yuzasidan taqdimot oʻtkazildi. Oʻz navbatida onlayn savdo tarmogʻi vakillari Oʻzbekiston bilan mahsulotlarni elektron sayt orqali MDH va jahon bozoriga olib chiqish masalasiga qizish bildirdi.

    Maʼlumot oʻrnida qayd etish kerak, “Wildberries” kompaniyasi 17 yildan buyon muvaffaqiyatli ish olib boradi. Bugungi kunda Rossiya, Belarus, Qozogʻiston, Armaniston, Isroil, Qirgʻiziston va Oʻzbekistonda oʻz platformasi ishini yoʻlga qoʻygan. Bir kunda onlayn-doʻkon orqali 3,5 million buyurtma kelib tushadi. Savdo maydonchasidan 210 mingdan ortiq brendlar mahsuloti oʻrin olgan. “Wildberries” onlayn-doʻkoni arzon narxlarni, muntazam yangilanib turadigan assortimentni anglatadi. “Wildberries” onlayn-katalogida ayollar, erkaklar va bolalar kiyimlari va poyabzallarining 35 mingga yaqin yetakchi brendlari taqdim etilgan.

    Muloqotda kompaniya vakillari bilan “Wildberries” orqali mahalliy korxonalarimizni xalqaro bozorga olib chiqish masalasi atroflicha muhokama etildi. Shuningdek, charm-poyabzal mahsulotlarining onlayn savdosini yoʻlga qoʻyish maqsadida Oʻzbekistonda mahsulotlarni tarqatish markazi tashkil etish taklifi koʻrib chiqildi.

    Muloqot soʻngida “Wildberries” kompaniyasi vakillari hamda mahalliy korxonalar ishtirokida onlayn uchrashuv tashkil etishga kelishib olindi. Milliy mahsulotlarimizni internet-magazinda sotish boʻyicha kelishuvlarga erishish yuzasidan qaror qabul qilindi, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati.