O'zbekistonlik tuproqshunos olimlar ISO a'zolari tarkibida

    Bu ularga keyinchalik qo'mitaning rasmiy a'zosi maqomi berilishi yo'lidagi muhim qadamdir.

    Dunyo oziq-ovqat sanoati kun sayin rivojlanib boryapti. Iste'mol mahsulotlarimiz turi ko'payishi barobarida, ularning tarkibida sun'iy qo'shimchalar ulushi ham ortayotgani achinarli. Ammo bu kabi mahsulotlarning bozori qanchalik chaqqon bo'lmasin, oxirgi yillarda aksariyat davlatlarda organik oziq-ovqatga talab o'sib bormoqda.

    Odatiy so'zlashuvda “ekologik toza” tarzida qo'llaniladigan organik so'zi “cheklangan” ma'nosini anglatadi. Ya'ni, bunday mahsulot qo'shimcha mineral o'g'itlarsiz, zaharli ximikatlarsiz va boshqa texnogen ta'sirlarsiz, zamonaviy texnologiyalar asosida etishtiriladi yoki tabiiy toza xomashyolardan olinadi.

    Bugungi kunda dunyoning 179 mamlakatida organik qishloq xo'jaligi rivojlanmoqda. Ularda 2 milliondan ziyod organik mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyat olib boryapti. Natijada 2019-yilda organik qishloq xo'jaligi bo'yicha xalqaro bozorlardagi savdo aylanmasi 96,7 milliard evroni tashkil etgan. ekspertlarning baholashicha, jahon organik mahsulotlari bozorida so'nggi 5 yilda yiliga o'rtacha 15 foizdan o'sishga erishilgani hisobiga, 2022-yilda savdo aylanmasi 212 milliard AQSH dollarga etishi taxmin qilinmoqda.

    Ana endi, asosiy masala — oziq-ovqat sifatini ta'minlashdagi muhim jihatlarga o'tsak. So'nggi yillarda mamlakatimiz ISO — Xalqaro standartlashtirish tashkiloti singari ko'plab nufuzli tuzilmalarning teng huquqli a'zosiga aylanyapti. O'zbekiston ushbu tashkilotga Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari singari a'zo davlat sanaladi. Yaqinda Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot instituti “Analitik sinov laboratoriyasi” bo'limi xodimlari — qishloq xo'jaligi fanlari nomzodi A.Boirov hamda qishloq xo'jaligi fanlari bo'yicha falsafa doktori X.Nuriddinovalar ISO Xalqaro standartlashtirish tashkilotining “ISO/TC 190 Soil quality — Tuproq sifati” texnik qo'mitasiga kuzatuvchi a'zo sifatida qabul qilindi. Bu ularga keyinchalik qo'mitaning rasmiy a'zosi maqomi berilishi yo'lidagi muhim qadamdir.

    Ochig'i, mamlakatimiz shu vaqtgacha mazkur tuzilmaga kuzatuvchi sifatida a'zo bo'lmagan. Olimlarimizning xalqaro qo'mita faoliyatida ishtirok etishi diyorimizda amalga oshiriladigan tuproq tadqiqotlarini ISO standartlarida bajarishni bosqichma-bosqich joriy etishga xizmat qiladi. Bu esa mamlakatimizda yetishtirilayotgan qishloq xo'jaligi mahsulotlarining jahon bozoriga chiqishini yanada kengaytirish, pirovardida, respublikamiz eksport salohiyatini oshirishga katta hissa qo'shadi.

    Xalqaro standartlarga javob beradigan organik mahsulot yetishtirish, aslida, murakkab va uzoq vaqt talab etadigan jarayondir. Bunda belgilangan tadbirlar urug' yoki ko'chatni yerga qadash jarayonidanoq boshlanadi. Ya'ni, ilk bosqichdayoq ko'chat, tuproq, hatto suvning sifati nazorat qilinib, to hosil olinguncha kechadigan jarayonlarda sun'iy qo'shimchalardan foydalanilmaydi. Shundan keyingina mahsulot ekologik toza, deb topilib, unga xalqaro sifat sertifikati beriladi.

    Mamlakatimizda organik qishloq xo'jaligi yoki organik dehqonchilik bo'yicha qonun talablari, ekologik toza mahsulot standartlari hamda bunday mahsulotlarni tartibga soladigan va markirovka qiladigan xuquqiy asoslar oxirgi 5 yilda yaratila boshladi. Hozirgi vaqtda ko'plab mahalliy tashkilotlar, dehqon va fermerlar o'zi ishlab chiqarayotgan mahsulotga sifat sertifikatini olishda faol. Bu, avvalo, zamon talabi bo'lsa, boshqa tomondan, yurtimizda xalqaro standartlarni joriy etishning huquqiy asoslari yaratilganidan.

    Qolaversa, mamlakatimizda ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish, dunyo ilm-fani va texnologiyalari ilg'or yutuqlaridan milliy iqtisodiyot raqobatbardoshligini yuksaltirishda foydalanish, chet el investitsiyalari, yetuk ilmiy va texnologiya markazlari, olimlar, mutaxassislarni yurtimizga jalb etish, ilmiy-tadqiqot bilan shug'ullanuvchi xodimlarning xorijda tajriba va malaka orttirishlarini ta'minlash masalalariga katta e'tibor qaratilmoqda.

    Prezidentimizning 2019-yil 17-iyundagi “Qishloq xo'jaligida er va suv resurslaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari to'g'risida”gi va 2019-yil 23-oktyabrdagi “O'zbekiston Respublikasi qishloq xo'jaligini rivojlantirishning 2020—2030-yillarga mo'ljallangan strategiyasini tasdiqlash to'g'risida”gi Farmonlarida tarmoqda jahon standartlarini joriy qilish masalalariga alohida e'tibor qaratilgan.

    Sifatli tuproq — sifatli mahsulot degani(mi)?

    Biz tuproq sifati xalqaro standartlarini joriy etish qishloq xo'jaligi mahsulotlari sifatining jahon bozori talablariga javob berishiga xizmat qilishi haqida gapiryapmiz. Ya'ni, ekologik toza mahsulot etishtirishni tuproq sifati bilan bog'layotganimiz bejiz emas. Chunki, qishloq xo'jaligi mahsulotlari tuproqda yetishtiriladi. Uning kimyoviy tarkibini xalqaro standartlar bilan aniqlash esa tuproqning ekologik xavfsizlik talablariga javob berishi va zarur hollarda ularning sog'lomligini ta'minlash chora-tadbirlarini ishlab chiqish imkonini beradi. Tabiiyki, ekologik xavfsiz tuproqda yuqori sifatli, ekologik toza mahsulot etishtirish va uni jahon bozoriga kiritish mumkin.

    Shu o'rinda savol tug'iladi, xo'sh, tuproqning sifati, deganda o'zi nima tushuniladi? Oddiy qilib izohlaganda, tuproq sifati — bu qishloq xo'jaligi ekinlarining yaxshi o'sib rivojlanishi va rejalashtirilgan hosilni olishda tuproqning ishlab chiqarish qobiliyati yoki tabiiy unumdorligiga berilgan qiyosiy bahoni anglatadi. Tuproqlar sifati bo'yicha bir nechta guruhlarga bo'linadi. Yomon yerlar, o'rtachadan past yerlar, o'rtacha yerlar, yaxshi yerlar, eng yaxshi yerlar va hokazo. Tuproqning sifati uning asosiy xossa xususiyatlari ya'ni, mexanik tarkibi, argokimyoviy xossalari, sho'rlanish darajasi, erroziyalanish jarayonlari, tosh aralashganligi va boshqalarni hisobga olgan holda aniqlanadi.

    Yartimizda 20174,0 ming gektar qishloq xo'jaligi yerlari mavjud bo'lib, umumiy yer maydonlarining 9,7 foizini sug'oriladigan erlar, 2,9 foizini lalmi ekin yerlari tashkil etadi.

    Respublikamizda tayyorlanayotgan qishloq xo'jalik mahsulotlarining 90 foizdan ortig'i sug'oriladigan erlarda etishtiriladi. Ammo ushbu yerlarning 47 foizi turli darajada sho'rlangan. Shuningdek, 14 foizi suv eroziyasi, 15 foizi shamol eroziyasiga uchragan. Sug'oriladigan yerlarning 43,6 foizi o'rta qumoqli, 23,9 foizi engil qumoqli, 20,3 foizi og'ir qumoqli, 8,0 foizi qumoqli, 2,5 foizi qumli va 1,7 foizi loyli mexanik tarkibga ega tuproqlardan iborat. Tabiiyki, ushbu yerlarda etishtirilayotgan mahsulotlarning talab darajasidagi sifatini ta'minlash uchun, albatta, tuproqlarning xossa-xususiyatlarini aniqlab, ularning holatini yaxshilash chora-tadbirlarini qo'llash kerak bo'ladi.

    Bunda rivojlangan mamlakatlarda ishlab chiqilgan yangi, zamonaviy agrotexnologiyalardan foydalanish muhim ahamiyatga ega. Bu texnologiyalar negizida, aksariyat hollarda, ISO standartlari, jumladan, “ISO/TC 190 Soil quality —Tuproq sifati” uslublaridan foydalanish o'z samarasini beradi.

    Yurtimizda tuproq sifatini baholash ishlari bo'yicha tadqiqotlar barcha sug'oriladigan qishloq xo'jalik yer maydonlarida har besh yilda, lalmi yer maydonlarida har o'n yilda bir marta o'tkaziladi hamda tuman hududini to'liq qamrab oladi. Yer maydonlarining holati turli hududlarda turlicha bo'ladi. Masalan, respublikamizning shimoliy hududlari — Qoraqalpog'iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro viloyatlari va markaziy zona hududlaridagi Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida tuproqlarning unumdorligi boshqa viloyatlarga qaraganda pastroq hisoblanadi.

    Ekin ekishga yaroqsiz tuproqlarni qishloq xo'jaligi ishlab chiqarishiga qaytarish asosiy vazifalarimizdan biri. Bunda bosqichma-bosqich agromeliorativ tadbirlar amalga oshirilib, tuproqlar reabilitatsiyasi va rekultivatsiyasini ta'minlash, organik va organomineral o'g'itlarni belgilangan me'yorlarda kiritish, sug'orish me'yorlari va muddatlarining ilmiy asoslangan tartibini ishlab chiqish ishlari olib boriladi.

    Ammo ayrim sug'oriladigan va lalmikor yerlar borki, ularda tuproq unumdorligiga kuchli ta'sir ko'rsatuvchi tabiiy va antropogen omillar sabab salbiy jarayonlarni to'liq bartaraf etishning imkoni yo'q. Bunday tuproqlar doimiy ravishda meliorativ tadbirlar o'tkazilishini talab etadi, aks holda, katta mehnat va mablag' evaziga tiklangan unumdorligini qisqa muddatda yo'qotishi mumkin.

    Zamonaviy uskunalar zarur

    Yerlarni sug'orish, sho'r yuvish, tuproqqa ishlov berish kabi tadbirlarni belgilash tuproqning mexanik tarkibiga bog'liq. Shu bois, avvalo, tuproqlarni mexanik tarkibiga ko'ra guruhlash kerak bo'ladi.

    Bugungacha mamlakatimiz amaliyotida qo'llanilayotgan tuproq mexanik tarkibini aniqlash uslubi ilg'or mamlakatlar tajribasidan farq qiladi. Bizdagi usullar biroz eskirgani holda, chet elda ishlab chiqarilgan yangi texnologiyalardan samarali foydalanish talab etilmoqda. Tuproqlarni tahlil qilishda ISO standartlariga kiritilgan yangi texnik vositalar va uslublarni qo'llash ancha samarali. Shunday texnik vositalaridan biri avtomatlashtirilgan tahlil tizimidir. Bu texnologiya orqali bir vaqtning o'zida bir necha kishi ishtirokida amalga oshiriladigan tahlillarni bir operator bajaradigan avtomatlashtirilgan tizimlarda amalga oshirish mumkin. Bunga Germaniya davlatining “Skalar” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan avtomatik analitik liniyani misol qilish mumkin. Bu texnologiya bilan vaqt va reagentlarni tejab, tuproq holati to'g'risida bir nechta ko'rsatkichlarni aniqlash imkoniyati mavjud.

    Hozirda Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy tadqiqot institutida ana shunday zamonaviy texnologiyalarni ko'paytirish ishlari olib borilyapti. Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan ajratilgan mablag'lar hisobiga institutimiz zamonaviy laboratoriya asbob-uskunalari bilan jihozlangan. 2021-yilda amalga oshirilgan tajriba-konstruktor loyiha doirasida ikki dona “Tuproq klinikasi” mobil innovatsion laboratoriyasi tashkil qilindi. Ushbu mobil laboratoriya Germaniyaning “STEP Systems GmbH” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan bo'lib, uning asosini “LASA AGRO Mobil” kompleksi tashkil etadi. Uning tarkibi esa “LASA AGRO DR 2800” spektrometri, lyuks-metr, kvantometr, vlagomer va termometr singari oxirgi model uskunalaridan iborat.

    Maxsus avtomobilga joylashtirilgan ixcham asbob-uskunalar yordamida ekin vegetatsiyasining turli bosqichlarida tuproqning meliorativ holati, oziqa moddalari bilan ta'minlanganligi va boshqa agrokimyoviy ko'rsakichlarini dalaning o'zida aniqlash mumkin. Ayni paytda bajarilgan tuproq kimyoviy tahlillari asosida ekin vegetatsiyasining turli bosqichlarida mineral va organik o'g'itlarni samarali qo'llash, sug'orish muddati va me'yorlarini aniq belgilash bo'yicha amaliy tavsiyalar beriladi.

    Shunga mos tarzda institutda qator innovatsion ilmiy loyihalar ham amalga oshirilmoqda. “Respublika tuproqlarini xalqaro tuproq kimyoviy tahlillari standarti asosida tahlil qilish texnologiyasini yaratish”, “Geoaxborot (GIS) texnologiyalari asosida gipsli sug'oriladigan tuproqlarning 3D kartalari va gipslashganlik kartogrammalarini yaratish”, “G'o'zani o'g'itlashda global iqlim o'zgarishlariga mos NRK nisbatidagi innovatsion agrotexnologiyani yaratish”, “Organik dehqonchilikda ekologik sof tuproq sharoiti hosil qilish orqali mahsulot olishga asoslangan agrotexnologiya ishlab chiqish” kabi ilmiy-amaliy ishlar shular jumlasidan.

    Tuproq sifatini standartlashtirish yo'lida olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlaridan ko'zlangan asosiy maqsad mamlakatimiz iqtisodiyotining eng muhim tarmoqlaridan bo'lgan qishloq xo'jaligi sohasida yuqori hosildorlik va sifat ko'rsatkichiga erishishdan iborat. Axir, tuproq sifati va unumdorligi qancha yuqori bo'lsa, biz iste'mol qilayotgan mahsulotlar tabiiyligi shuncha oshib boraveradi.

    Shuhrat BOBOMURODOV,

    Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot instituti direktori, biologiya fanlari doktori