Mamlakat iqtisodiyotining drayveri – energetika tizimini rivojlantirish, mavjud quvvatlarni yanada mustahkamlash va oshirish, shuningdek, aholi farovonligini yuksaltirishda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan biri hisoblangan gidroenergetika tarmogʻi yildan yilga samarador sohaga aylanib boryapti.
“Oʻzbekgidroenergo” AJ masʼullari, OAV vakillari, blogerlar ishtirok etgan anjumanda taʼkidlanganidek, tarmoqqa masʼul – “Oʻzbekgidroenergo” AJ tomonidan amalga oshirilayotgan keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari natijasida yaratilgan qoʻshimcha quvvatlar evaziga Oʻzbekiston gidroenergetikasi salohiyatini nafaqat barqaror holatda saqlash, balki yildan yilga quvvatlarni oshirishga erishilmoqda.
Raqamlarga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, “Oʻzbekgidroenergo” AJ tashkil topgandan buyon yangi qurilish va modernizatsiya loyihalariga qariyb 1 mlrd dollar investitsiya yoʻnaltirildi. Yil sayin jamiyat salohiyati va jozibadorligi oshib bormoqda. Jalb qilinayotgan kapital qoʻyilmalari va chet yel investitsiyalari hisobiga eng zamonaviy texnologiyalarga asoslangan yangi GESlar barpo etilmoqda.
Jamiyat tomonidan bugungi kunga qadar umumiy quvvati 430 MVtga teng 55 ta GES foydalanishga topshirilgan. Shundan 42 ta yangi GES qurilgan boʻlsa, mavjud 13 tasi zamonaviy talablar asosida toʻliq modernizatsiya qilindi. Eʼtiborli jihati, mazkur koʻrsatkich soʻnggi yillarda nafaqat yurtimizda, balki MDH davlatlari orasida ham salmoqli natija hisoblanadi.
Bunyodkorlik ishlari natijasida jamiyat tasarrufidagi jami GESlar soni 77 taga yetkazilib, mavjud quvvatlar 2,256 GVtdan oshirildi.
Mazkur koʻrsatkichlar jamiyat faoliyatiga ijobiy taʼsir etib, 2024-yil yakunlari bilan jamiyatning umumiy aktivlari qiymati ilk bor 1 mlrd 200 mln. dollarga yetkazildi. 2017-yil bilan taqqoslanganda, jami aktivlar qiymati 4 barobarga oshdi. Bu bilan jamiyatning xalqaro miqyosdagi “kredit yelkasi” ishonchlilik darajasi yanada mustahkamlanib, 2,5 koeffitsiyentni tashkil etdi.
2024-yilda tizimdagi energiya hosil qiluvchi korxonalar tomonidan 8,2 mlrd. kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu 2023-yilga nisbatan 20 foiz koʻp demakdir.
Yangi loyihalar hamda modernizatsiya chora-tadbirlari hisobiga 2024-yildagi ishlab chiqarish koʻrsatkichi 100-yillik tarixga ega gidroenergetika faoliyatida eng yuqori – rekord koʻrsatkich hisoblanadi. Qolaversa, amaldagi oʻrnatilgan quvvatlardan foydalanish koeffitsiyenti – 41 foizni tashkil etib, bu ham oʻz oʻrnida tarixiy marra hisoblanadi.
2024-yilda tarmoqqa uzatilgan elektr energiyasini sotishdan tushgan tushum 4 053 mlrd. soʻmni tashkil yetdi. “Oʻzbekgidroenergo” AJ milliy elektr tarmoqlariga elektr energiyasini yetkazib berish asnosida, yirik soliq toʻlovchi sifatida oʻtgan yilning oʻzida davlat byudjetiga qariyb 1 trillion soʻm soliq va boshqa toʻlovlar amalga oshirdi.
Sohada jadal surʼatlarda transformatsiya va raqamlashtirish jarayoni amalga oshirilmoqda. Jumladan, oʻtgan yili sohani transformatsiya qilish jarayoni doirasida tizimdagi GES hamda suv omborlari faoliyatini qamrab olgan elektr energiyasi ishlab chiqarish, gidrotexnik inshootlar barqarorligi va xavfsizligini ishonchli taʼminlash, inshootlar umumiy ekspluatatsiyasidagi barcha texnologik va texnogen vaziyatlarni doimiy kuzatib borish, markazlashgan ASKUE tizimi bilan integratsiya qilish, GES va suv omborlarida oʻrnatilgan zamonaviy dasturiy texnologiyalar, ilgʻor asbob-uskunalar va nazorat-oʻlchash qurilmalari orqali avtomatik ravishda tizimli monitoringni olib borishga moʻljallangan zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan “Vaziyatlar markazi” ishga tushirildi.
Tizim korxonalarida intellektual videokuzatuv tizimi joriy etildi hamda “Vaziyatlar markazi”ga maʼlumotlar onlayn uzatilishi taʼminlandi.
Suv omborlaridagi nazorat-oʻlchov qurilmalarini avtomatlashtirish boʻyicha Andijon, Ohangaron va Hisorak suv omborlariga zamonaviy datchiklar oʻrnatildi.
Qayd yetish joizki, soha avtomatlashtirilib, deyarli toʻliq raqamlashtirilishiga erishildi.
Gidroenergetika sohasi uchun 2024-yilda qabul qilingan muhim hujjat – Prezidentimizning “Gidroenergetika sohasini isloh qilish chora-tadbirlarini jadallashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, gidroenergetika quvvatlarini yanada oshirish maqsadida tarmoqni rivojlantirish strategiyasi tasdiqlandi.
Xalqaro maydonda “Oʻzbekgidroenergo” AJ jahonda yetakchi “top uchlik” reyting agentligi – “Fitch Reytings”ning “BB-“ xalqaro kredit reytingini barqaror suveren darajada saqlab kelmoqda. Jamiyat miqyosida xaridlar borasida oshkoralikni taʼminlash uchun jamiyat doirasida xaridlar jarayonlari forenzik auditdan oʻtkazilib, xalqaro Deloyt kompaniyasining ijobiy xulosasi olinishiga erishildi.
Mana uchinchi yildirki, jamiyat korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimi ISO 37001 xalqaro standart boʻyicha muvofiqlik sertifikatiga ega.
“Ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG)” nufuzli xalqaro reytingi 2023-yilda mamlakatimiz sanoat korxonalari orasida jamiyat tomonidan birinchi boʻlib qoʻlga kiritilgan boʻlsa, 2024-yilda ushbu xalqaro reyting maqomi 72 ball bilan yanada yuqori pogʻonaga koʻtarilib, Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng yuqori koʻrsatkichga ega boʻldi.
“Oʻzbekgidroenergo” AJ tomonidan joriy yilda quyidagi asosiy yoʻnalishlar boʻyicha ustuvor vazifalarni amalga oshirish maqsad etib belgilangan:
– 2025-yilda elektr energiyasi ishlab chiqarishda oʻtgan yilga nisbatan 10 foiz oʻsishga erishish;
– Investitsiya dasturiga asosan umumiy 3,3 mlrd. dollarga teng 14 ta loyihani amalga oshirish;
– umumiy quvvati 222 MVt, yillik ishlab chiqarishi 1 mlrd kVt.soatga teng 38 ta loyihani foydalanishga topshirish.
Tadbir davomida jamiyat mutaxassislari tomonidan anjuman ishtirokchilarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob va tushuntirishlar berildi.
Hamkorlik materiali