Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar natijasida ochiqlik, xalqaro iqtisodiy-siyosiy aloqalarning rivojlanishi yurtimizda sanoat tarmoqlarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash hamda avtomatlashtirish imkoniyatlarini yuzaga chiqardi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 5-oktyabrdagi “Raqamli Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6079-son Farmoni va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-iyundagi “Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni rivojlantirish holatini reyting baholash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 373-son qarori ijrosini taʼminlash hamda gidroenergetika sohasini raqamlashtirish doirasida “Oʻzbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati tomonidan muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jamiyat oʻz faoliyatida raqamlashtirish jarayonini tizimli ravishda tatbiq etib bormoqda.
Zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan “Yagona vaziyatlar markazi”ga “Oʻzbekgidroenergo” AJ Boshqaruv raisi tashrif buyurdi hamda navbatdagi ishchi yigʻilish oʻtkazildi.
Ushbu markaz faoliyati tizimdagi GESlar hamda suv omborlari joriy faoliyatini toʻliq qamrab olgan raqamlashtirish jarayonini oʻz ichiga olib, elektr energiya ishlab chiqarish, gidrotexnik inshootlar barqarorligi va xavfsizligini ishonchli taʼminlash, inshootlar umumiy ekspluatatsiyasidagi barcha texnologik va texnogen vaziyatlarni doimiy kuzatib borish, markazlashgan ASKUE tizimi bilan integratsiya qilish, GESlar va suv omborlarida oʻrnatilgan zamonaviy dasturiy texnologiyalar, ilgʻor asbob-uskunalar va nazorat-oʻlchash qurilmalari orqali avtomatik ravishda tizimli monitoringni olib borishga moʻljallangan.
Shuningdek, markaz orqali Jamiyatning barcha GES va suv omborlaridagi (70 dan ortiq obyekt) 5000 dan ortiq texnologik qurilma va kompyuterlarni birlashtirish, ulardagi maʼlumotlarni qayta ishlash hamda zaruriy tahliliy axborotlarni tayyorlashda zamonaviy yechimga erishiladi.
Maʼlumki, respublikamizdagi suv omborlarining xavfsizligini taʼminlash va ularning joriy holatini monitoring qilib borish maqsadida Gidroinshootlarning xavfsizligini taʼminlash boʻyicha dasturiy taʼminot hamda avtomatik diagnostika axborot tizimlari ishlab chiqildi.
Tizimni ishga tushirishdan maqsad barcha suv omborlarining xavfsizlik holatini doimiy monitoring qilib borish va hodisalarni elektron tarzda avtomatik qayd etib borishdan iborat.
Italiyaning nufuzli “SISGEO” kompaniyasining zamonaviy qurilma va jihozlari (datchiklari) obyektlarga oʻrnatildi. Datchiklardan olinayotgan maʼlumotlarni ishonchliligi va tezkorligi oshib, suv omborlari va ulardagi gidrotexnika inshootlarini texnik holatini va xavfli jarayonlarni oldindan baholash, inson omilisiz onlayn tarzda nazorat qilish, ularni operativ ravishda tahlil qilish va tegishli choralarni belgilash imkoni yaratildi.
Shuningdek, Germaniya Yer tadqiqotlari markazining “Markaziy Osiyoda suv” loyihasi tomonidan Oʻrta Osiyoda suv zaxiralarini aniqlash, qor qoplanmalarini oʻrganish va ularni doimiy kuzatib borish hamda monitoring qilish uchun moʻljallangan MODSNOW dasturi tizimda joriy etildi. Mazkur dasturiy taʼminotda sunʼiy yoʻldoshdan olingan fotosuratlar yordamida matematik hisob-kitoblarni amalga oshirish orqali qor zaxirasini katta aniqlik bilan hisoblash imkoni mavjud.
Tanqidiy-tahliliy ruhda oʻtkazilgan yigʻilishda Markaz tashkiliy-amaliy faoliyatida bir qator kamchiliklarga yoʻl qoʻygan hamda belgilangan talablarni oʻz muddatlarida bajarmagan masʼul rahbarlar jiddiy ogohlantirildi.
Bu borada, umumiy faoliyatga masʼul boʻlgan “Yagona vaziyatlar markazi” rahbari K. Sodiqov, Raqamlashtirish va AKTni joriy etish boshqarmasi boshligʻi K. Ikramov, Gidroelektr stansiyalarni ekspluatatsiya qilish boshqarmasi boshligʻi E. Ibraimov, GESlar va ularning gidrotexnik inshootlarni ekspluatatsiyasini nazorat qilish boʻlimi boshligʻi A. Urazov hamda tizim tashkiloti “Gidrotexmonitoring” MCHJ direktori Sh. Talipov va bosh mutaxassisi S. Asadovlarga qattiq ogohlantirish berildi.
Qayd etilgan kamchiliklarni bartaraf etish muddatlari belgilanib, ijro natijalari doirasida masʼullar faoliyati boʻyicha yakuniy xulosa qilinishi alohida taʼkidlandi.
“Oʻzbekgidroenergo”
axborot xizmati
Hamkorlik materiali