“Oʻzbekgidroenergo” AJ hamda “Management Certification” xalqaro sertifikatlashtirish tashkiloti vakillari oʻrtasida navbatdagi tadbir boʻlib oʻtdi.
“Oʻzbekgidroenergo” AJ Boshqaruvi raisi oʻrinbosari Farrux Nurullayev tadbir ishtirokchilarini jamiyatda “Korrupsiyaga qarshi kurash boshqaruv tizimi” boʻyicha olib borilayotgan ishlar, bu borada erishilgan yutuqlarga qisqacha toʻxtalib oʻtdi.
Uchrashuv doirasida “Oʻzbekgidroenergo” AJga “Korrupsiyaga qarshi kurash boshqaruv tizimi” boʻyicha ISO 37001:2016 milliy muvofiqlik hamda xalqaro sertifikatlarni topshirishga bagʻishlangan marosim oʻtkazildi.
Aytish joizki, bugungi kunda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi izchil islohotlar yangi bosqichga chiqdi. Bu borada iqtisodiy sohaning barcha tarmoqlari doirasida faoliyat yuritayotgan korxona va tashkilotlar tomonidan xalqaro standartlarga mos ravishda ishlab chiqarishga katta eʼtibor qaratilmoqda.
Maʼlumki, 2021-yil dekabr oyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi sonli farmoni hamda ISO 37001:2016 “Korrupsiyaga qarshi kurash boshqaruv tizimi. Foydalanish boʻyicha koʻrsatma va talablar” xalqaro standartini joriy qilish ijrosini taʼminlash maqsadida “Oʻzbekgidroenergo” AJ faoliyati “Cert International” MCHJ xalqaro sertifikatlashtirish organi tomonidan tegishli auditdan oʻtkazilib, natijada ISO 37001:2016 boʻyicha milliy muvofiqlik va xalqaro sertifikatlar qoʻlga kiritilgan edi.
Oradan 3-yil oʻtib, 2024-yil noyabr oyida “Management Certificatio” xalqaro sertifikatlashtirish tashkiloti tomonidan navbatdagi audit oʻtkazildi hamda “Oʻzbekgidroenergo” AJ ISO 37001:2016 “Korrupsiyaga qarshi kurash boshqaruv tizimi” boʻyicha milliy muvofiqlik va xalqaro sertifikatlarni qaytadan qoʻlga kiritdi.
Axborot xizmati