“Oʻzbekgidroenergo” AJ delegatsiyasi Xitoy Xalq Respublikasi poytaxti – Pekin shahrida xizmat safarida boʻlib turibdi.
Jamiyatimiz vakillari hamda Xitoyning nufuzli moliyaviy tashkilotlari oʻrtasida gidroenergetika sohasidagi amaliy hamkorlikka qaratilgan oʻzaro manfaatli uchrashuvlar oʻtkazilmoqda.
Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 28-sentyabrdagi qaroriga muvofiq, “Namangan viloyati Katta Andijon kanalida GESlar kaskadi qurilishi” loyihasi doirasida asbob-uskunalarni yetkazib berishga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy kredit jalb etish koʻzda tutilgan.
Loyiha doirasida Xitoyning “China National Technical Import and Export Corporation” kompaniyasi (CNTIC) tomonidan asbob-uskunalarni yetkazib berish borasida shartnoma imzolangan.
2024-yil 10-oktyabr kuni China CITIC Bank vakillari bilan amaliy uchrashuv boʻlib oʻtdi. Tadbirda jamiyat Boshqaruvi raisi oʻrinbosari Farrux Nurullayev hamda ijro apparati rahbari Suxrob Xamrayev “China CITIC Bank” rahbariyatiga samimiy qabul uchun minnatdorchilik bildirdi.
Muzokarada mazkur loyihani moliyalashtirish uchun “Oʻzbekgidroenergo” AJ va Xitoyning “China CITIC Bank” oʻrtasida kredit kelishuvi imzolandi. «China CITIC Bank» rahbarlari tomonidan avvallari ushbu bank tomonidan Oʻzbekiston kompaniyalariga toʻgʻridan-toʻgʻri kreditlar taqdim etilmagani va mazkur kredit kelishuvi Oʻzbekiston va Xitoy mamlakatlari hamkorligi doirasida ushbu bank tomonidan hamkorlikning dastlabki bosqichi ekanligi alohida taʼkidlandi.
Maʼlumot uchun: 2023-yilning iyun oyida “Namangan viloyati Katta Andijon kanalida GESlar kaskadi qurilishi” loyihasi doirasida asbob-uskunalarni yetkazib berish boʻyicha tender savdolarida Xitoyning “CNTIC” kompaniyasi gʻolib boʻlgan hamda shu yilning oktyabr oyida tomonlar oʻrtasida tegishli tartibda 18,5 million dollarlik shartnoma imzolangan edi.
“Oʻzbekgidroenergo” AJ axborot xizmati