“Oʻzbekgidroenergo” AJda Xitoy kompaniyasi delegatsiyasi vakillari bilan uchrashuv oʻtkazildi

    “Oʻzbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyatida XXRning yirik energetik kompaniyasi hisoblangan “China North Industries Group Corporation, Ltd.” (NORINCO) delegatsiyasi vakillari bilan uchrashuv oʻtkazildi.

    Tadbirda “China North Industries Group Corporation, Ltd.” kompaniyasi prezidenti, janob Shan Tzyun boshchiligidagi delegatsiya vakillari ishtirok etdi.

    Dunyoning eng kuchli 200 ta qurilish kompaniyasi qatoriga kiruvchi “China North Industries Group Corporation, Ltd.” kompaniyasi 1980-yilda tashkil topgan. Kompaniyaning koʻp tarmoqli faoliyat yoʻnalishlariga energetika, qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasida tadqiqotlar olib borish, avtomobilsozlik, sanoat texnologiyalari, optik elektronika, kimyoviy mahsulotlar, portlovchi qurilmalar, qurolsozlik, logistika, foydali qazilmalar qazib olish kabilar kiradi.

    Uchrashuvda dunyoning yirik energetik kompaniyalari qatorida keng koʻlamli faoliyat yurituvchi, ayniqsa, qayta tiklanuvchi energiya manbalariga katta eʼtibor qaratayotgan “China North Industries Group Corporation, Ltd.” kompaniyasi mutaxassislariga “Oʻzbekgidroenergo” AJ faoliyati, sohada mamlakatimizda amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar, bu borada, xorijiy va investitsiyaviy hamkorlik, yangi bosqichda rivojlanayotgan davlat-xususiy sheriklik loyihalari borasida maʼlumotlar berildi.

    Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 12-iyuldagi “Gidroenergetika sohasini isloh qilish chora-tadbirlarini jadallashtirish toʻgʻrisida”gi PQ-252-son Qarori asosida ishlab chiqilgan “Oʻzbekgidroenergo” AJning 2024-2028-yillarga moʻljallangan gidroenergetikani rivojlantirish strategiyasining asosiy mazmuni, yaqin 5-yillikda amalga oshirilishi koʻzda tutilgan istiqbolli loyihalar borasida axborot taqdim etildi.

    Mazkur Strategiyaga binoan, “Oʻzbekgidroenergo” AJ tomonidan 2028-yil yakuniga qadar gidroelektr stansiyalari umumiy quvvatini 5 508 MVtga yetkazish, xususan, mavjud gidroenergetik quvvatlarni 3,3 GVt ga oshirish koʻzda tutilmoqda.

    Jamiyat oldida yuqorida qayd etilgan ulkan vazifalarni amalga oshirish vazifasi turibdi. Bu borada, Jamiyat va tizim tashkilotlari bor kuch-salohiyatini ishga solmoqda.

    Uchrashuvda “China North Industries Group Corporation, Ltd.” kompaniyasi vakillariga oʻzaro amaliy hamkorlikni kuchaytirish, istiqbolli loyihalarda hamkorlik qilish, ikki tomonlama manfaatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish taklif etildi.


    “Oʻzbekgidroenergo” AJ axborot xizmati


    Hamkorlik materiali