Yangi Oʻzbekistonning “2022-2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasi”ning loyihasi bugungi kunda umumxalq muhokamasiga qoʻyildi. Jahon maydonida munosib obroʻ-eʼtiborga ega boʻlgan, obod va farovon mamlakatga aylantirishni maqsad qilgan mazkur tarixiy hujjat loyihasi boʻyicha fikr bildirish barchamiz uchun sharaflidir.
Yetti yoʻnalishdan iborat etib belgilangan Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasida yurtimizda yashayotgan har bir fuqaroning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlari eng oliy qadriyat etib belgilangan. Taraqqiyot strategiyasi “inson – jamiyat – davlat” degan yangi tamoyil asosida ishlab chiqilgan.
Ushbu hujjatlarni diqqat bilan oʻqib, Harakatlar strategiyasi bilan solishtirib, rejalashtirilayotgan islohotlar uchun mutlaqo yangi yondashuv qoʻllanilganligiga amin boʻlamiz. Mamlakatimizni rivojlantirishning 7 ta ustuvor yoʻnalishi doirasida qariyb 100 ta maqsadga erishish nazarda tutilgan.
Adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish borasidagi – toʻrtinchi ustuvor yoʻnalishda nazarda tutilgan qator rejalar bugungi kunda oliy taʼlim sohasida olib borilayotgan islohotlarni davom ettiradi. Loyihaning 46-51-maqsadlarini oʻz ichiga olgan oliy taʼlimga qamrov darajasini amaldagi 28 foizdan 50 foizga yetkazish hamda, davlat-xususiy sheriklik asosida 100 ming oʻrinli talabalar turar joylarini barpo etish, 2026-yilga qadar 10 ta salohiyatli oliy taʼlim muassasasini QS va THE xalqaro reytinglariga kirishga maqsadli tayyorlash, 2026-yilgacha nodavlat oliy taʼlim tashkilotlari sonini kamida 50 taga, jami oliy taʼlim muassasalari sonini 200 taga yetkazish, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali erkin va ijodiy fikrlaydigan yoshlarni nufuzli xorijiy oliygohlarga oʻqishga yuborish koʻlamini 2 baravarga oshirish, iqtisodiyotga innovatsiyalarni keng joriy qilish, sanoat korxonalari va ilm-fan muassasalarining kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish borasidagi maqsadlar oliy taʼlimni yanada yuqori choʻqqilarga koʻtaradi. Aynan shu maqsadlar roʻyobi sifatida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining kuni-kecha qabul qilingan “Oliy taʼlim muassasalarini bosqichma-bosqich oʻzini oʻzi moliyalashtirish tizimiga oʻtkazish toʻgʻrisida”gi 60-sonli va “Davlat oliy taʼlim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 61-sonli qarorlari asosida respublikadagi 35 ta oliy taʼlim muassasalariga akademik va tashkiliy boshqaruv hamda moliyaviy mustaqillik berildi.
Zero, Prezidentimiz taʼkidlaganidek, — “inson qadri biz uchun qandaydir mavhum, balandparvoz tushuncha emas. Inson qadri deganda, biz, avvalo, har bir fuqaroning tinch va xavfsiz hayot kechirishini, uning fundamental huquq va erkinliklarini taʼminlashni nazarda tutamiz”.
Bunday ulugʻvor maqsadlarni amalga oshirishda barchamizdan kuch va imkoniyatlarni birlashtirish, bu boradagi barcha saʼy-harakatlarni uygʻunlashtirish talab qiladi. Xulosa qilib aytganda, Yangi Oʻzbekistonning 2022–2026-yillarga moʻljallangan Taraqqiyot strategiyasi” — inson qadrini ulugʻlashga xizmat qiladi.
Sh.Y.Pulatov,
TDTU Qoʻqon filiali direktori.