Ming yildan ortiq aloqalarni o‘zida aks ettiruvchi mamluklar sulolasi, Ayubiylar davrida 70 mingdan ortiq turkiy xalqlarning Misr zaminida qo‘nim topishi, o‘zbek xalqi vakillarining Misrda yashab, Tuluniylar va Ixshidiylar davlatlariga asos solgani, Ahmad Farg‘oniyning Qohira shahri yaqinida olib borgan muhandislik tadqoqotlari natijasida “Miqyas an-Nil” nomi bilan tanilib, Nil daryosi suvi sathini o‘lchashda uzoq muddat foydalanilgan jihoz va nihoyat, bugungi kunda Qohira markazida “O‘zbekiya” mahallasining mavjudligi O‘zbekiston va Misr Arab Respublikalari o‘rtasidagi samarali tarixiy aloqalar mavjud bo‘lgani va bu esa do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlashda mustahkam asos bo‘lib xizmat qilishidan dalolat beradi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yurtimizga tashrif bilan kelgan Misr Bosh imomi, Al-Azhar majmuasi rahbari shayx Ahmad Muhammad Tayyibni qutlar ekan, Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisining O‘zbekistonga 2018-yil 4-5-sentyabr kunlari amalga oshirgan rasmiy tashrifi ikki tomonlama munosabatlarimizni rivojlantirish yo‘lida tarixiy qadam bo‘lganini qayd etgan edi.
2020-yil 4-mart kuni Samarqandda o‘tkazilgan “Imom Abu Mansur Moturidiy va moturidiya ta’limoti: o‘tmish va bugun” mavzusidagi xalqaro konferensiyada “Al-Azhar” majmuasi rahbari Ahmad Tayyibga Samarqand shahrining faxriy fuqarosi unvoni berildi. “Al-Azhar” majmuasi rahbariga Prezident Shavkat Mirziyoyevning ezgu tilaklari yozilgan nomasi va Burhoniddin Marg‘inoniy “Hidoya” asarining XIII asrga oid faksimile nashri topshirildi. Tuhfa qilingan noyob kitob “Al-Azhar” majmuasida qimmatli tarixiy manba sifatida foydalanishi va yanada keng tadqiq etilishi kutilmoqda. Zero, bugungi kunda O‘zbekiston va Misr muqaddas islom dinining bag‘rikenglik tamoyillarini, ma’rifiy qadriyatlarini targ‘ib etish, uning insonparvarlik mohiyatini saqlash, diniy-ma’naviy merosni tadqiq etish, turli xavf-xatarlarga qarshi kurashish borasida tahsinga sazovor vazifalarni o‘z oldiga maqsad sifatida belgilab olgan.
Ayn Shams universitetining professori, Magida Maxluf xonim yigirma yillik izlanishlar natijasida Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asarini turk va o‘zbek tillaridan arab tiliga tarjima qilishga muvaffaq bo‘ldi hamda ushbu tarixiy asarni arab dunyosida keng tanilishiga sabab bo‘ldi.
Shuningdek, Osiyo mamlakatlari bo‘yicha tadqiqotchi Ahmad Abdu Tarabik ham “O‘zbekiston va islom sivilizasiyasi o‘choqlari” nomli kitob tayyorlab, uni nashr etdi. Kitobning “O‘zbekiston islom sivilizasiyasi beshigi” deb nomlangan bobida mamlakatimiz tarixi, geografik joylashuvi, aholisi va tili, shuningdek, Toshkent, Buxoro, Samarqand, Termiz, Xorazm kabi tarixiy shaharlar haqida ilmiy manbalarga asoslangan ma’lumotlar keltirilgan. Kitobning ikkinchi bobida dunyo ilm-fani rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk allomalar — Muhammad Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Ahmad Farg‘oniy, Ibn Sino, Alisher Navoiy hayoti va ijodiy faoliyatiga alohida o‘rin berilgan.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti olimlari bilan hamkorlikda Misrda O‘zbekistondagi me’moriy obidalar tarixi, ayniqsa, Buxoro, Samarqand, Xiva va Qo‘qon kabi tarixiy shaharlarimiz haqida salmoqli ilmiy tadqiqotlar nashr etildi va dissertasiyalar yoqlandi. Institut fondidagi ba’zi nodir qo‘lyozmalarning hamkorlikdagi nashri va Alisher Navoiy hikmatlarining arab tiliga tarjimasi kitobxonlarga taqdim etildi.
Jumladan, Qohira universiteti professori Ahmad Rajab Rizq 2008–2011-yillarda Misrning Toshkentdagi elchixonasi madaniyat bo‘yicha maslahatchisi, vakolatxona huzuridagi Madaniyat markazi mudiri lavozimida faoliyat yuritgan, 2017-yilda “Buxoro me’moriy obidalari va islom sivilizasiyasi” nomli kitob nashr etgan. 2018 yil uning Samarqand me’moriy obidalariga bag‘ishlangan yangi kitobi chop etilgan. Hozirda Toshkent, Xiva, Termiz va Farg‘ona to‘g‘risidagi kitoblarni nashrga tayyorlamoqda. U O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020-yil avgustdagi farmoniga muvofiq “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan.
Ahmad Rajab Rizq tomonidan Movarounnahrning buyuk tarixini o‘zida aks ettiruvchi 7 jildli kitob tayyorlangan, ushbu noyob qo‘llanma asosida Qohira universiteti madaniy meros va arxeologiya fakultetining 5 ming nafardan ortiq talabasi va 100 nafardan ziyod professor-o‘qituvchisi magistrlik va doktorlik ishlarida faol foydalanishmoqda.
Ahmad Rizq arxeologiya fakultetida tarixiy obidalarni ta’mirlash, islomiy me’morchilik va yog‘och o‘ymakorligini tadqiq etish, to‘qimachilik, gilamchilik va zardo‘zlik san’ati sirlarini o‘rganishga ixtisoslashgan 3 ta laboratoriyaga asos solgan. Ushbu labaratoriyalarda islom dunyosi xalqlari, jumladan Buxoro, Samarqand, Xorazm tarixiy-madaniy merosiga oid ma’lumotlar beriladi.
Qohira universiteti magistranti, yosh olima Habiba Muhammad o‘zbek tilida kurs olib boradi. O‘zbek tilining rivojlanish tarixi, uning morfologik xususiyatlari bo‘yicha olib borayotgan izlanishlari natijalari haqida talabalarga ma’lumot berib boradi.
Hulvan universiteti doktori Karim Kamol Hilol Xivadagi Sherg‘ozixon, Qutlug‘murod madrasalari tarixi, epigrafikasi, madrasadagi vaqfnomalar haqida, shuningdek, Temuriylar davridagi Samarqand me’moriy diniy obidalari tarixi haqida bir qator fundamental ilmiy kitob va tadqiqotlarni nashr etdi. Ushbu tadqiqotlari asosida o‘zining doktorlik dissertasiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi.
Qohira universiteti doktori Dalya Isom Xalil Mustafo “Samarqandda Temuriylar davridagi me’moriy bitiklar” mavzuida doktorlik dissertasiyani yoqladi.
Misr yozuvchilar uyushmasi a’zosi Abdurahmon al-Xamisiy esa ikki jildlik “O‘zbek xalq ertaklari” kitobini qayta chop etdi. Muallifning ushbu kitobi bilan tanishgan kitobxon ikki mamlakat xalqlari og‘zaki ijodi bir-biriga o‘xshash ekaniga ishonch hosil qiladi.
Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti bilan Misr Arab Respublikasi Milliy kutubxona va arxivlari tashkiloti o‘rtasida qo‘lyozmalarni o‘rganish, ularni asrab-avaylash, ikki davlatning hujjatlar va arxivlar sohasidagi hamkorligini o‘zaro manfaatlar asosida rivojlantirish va kengaytirish maqsadida o‘zaro hamkorlik memorandumiga kelishib olindi. Mazkur hujjat madaniy, adabiy va tarixiy nashrlar va qo‘shma faoliyatni tashkil etish, qo‘lyozma merosi va kitoblar bilan bog‘liq tadqiqotlarni olib borish, hujjatlarni va tegishli texnologiyalarni saqlash va ulardan foydalanish, shuningdek, qo‘shma konferensiyalar va madaniy ko‘rgazmalar tashkil etishga yangi yuqori darajaga ko‘tarishga xizmat qiladi.
Bahrom ABDUHALIMOV,
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vise-prezidenti,
tarix fanlari doktori, professor