Shu kunlarda axborot makonidagi asosiy mavzulardan biri Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Pokiston Islom Respublikasiga davlat tashrifi boʻldi. Ushbu tashrifni, hech ikkilanmay, tarixiy voqea deb atash mumkin. Chunki tashrif tarixi va madaniyati chuqur mushtarak boʻlgan ikki xalq oʻrtasidagi munosabatlarda yangi va muhim sahifani ochmoqda.
Tarix va geosiyosat chorrahasida
Pokiston oʻziga xos taqdir va ulkan salohiyatga ega davlat. Bu mamlakat tarixi, shubhasiz, dunyo sivilizatsiyalarining chorrahasini eslatadi. Asrlar davomida bu hudud orqali karvon yoʻllari, qoʻshinlar, dinlar va madaniyatlar uchrashgan.
1947-yili tashkil topgan Pokiston bugun nafaqat Janubiy Osiyo, balki butun musulmon olamida muhim oʻrin tutadi. Indoneziyadan keyin musulmon aholisi soni boʻyicha dunyoda ikkinchi oʻrinda turadi. Odam soni boʻyicha beshinchi oʻrinni egallagan (aholisi 240 milliondan ortiq).
Mamlakatning yalpi ichki mahsuloti hajmi 400 milliard AQSH dollaridan ziyod. Shu bilan u dunyodagi 40 ta yirik iqtisodiyot qatoriga kiradi hamda raqamlashtirish, “yashil” energetika va infratuzilma sohalarida katta rejalarni amalga oshirmoqda.
Eng muhimi, Pokiston Janubiy va Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq hamda Xitoy oʻrtasida joylashgan. Muhim quruqlik va dengiz kommunikatsiyalarini nazorat qiladigan, mintaqalarni bogʻlovchi tabiiy koʻprik vazifasini bajaradi.
Hozirgi murakkab geosiyosiy muhitda Pokistonning mustaqil va salmoqli taʼsirga ega davlat sifatidagi mavqei tobora ortib bormoqda. U 2025-2026-yillar uchun BMT Xavfsizlik kengashining doimiy boʻlmagan aʼzosi. Shuningdek, Islom hamkorlik tashkiloti, SHHT va boshqa yirik xalqaro tuzilmalarda faol ishtirok etmoqda.
Bugun Pokiston shakllanayotgan koʻp qutbli dunyo arxitekturasining muhim tayanch markazlaridan biri sifatida koʻrilmoqda.
Tarix zanjiri: Boburdan zamonaviy davrgacha
Oʻzbekiston va Pokiston haqida soʻz yuritar ekanmiz, xalqlarimizni bogʻlab turgan ulugʻ shaxsni eslamaslik mumkin emas. Bu buyuk ajdodimiz, mutafakkir va boburiylar saltanati asoschisi Zahiriddin Muhammad Boburdir. U XIX asr oʻrtalarigacha hind subqitʼasini boshqargan qudratli sulolaga asos soldi. Nabirasi Akbar Lahorni saltanat poytaxtlaridan biriga aylantirdi. Boburiylar davriga oid Lahor qalʼasi (Shohiqalʼa), Shalimor bogʻlari, Badshohiy masjidi kabi meʼmoriy durdonalar YUNESKOning Butunjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan va Pokistonning asosiy ramzlaridandir.
“Boburnoma”ni qayta-qayta mutolaa qilar ekanman, Boburning hozirgi Pokiston hududiga tegishli oʻlkalar haqidagi fikrlariga doim eʼtibor qaratardim. U bu zamin unumdorligi, suv manbalari moʻlligi, bogʻ-rogʻlar va ekinzorlar serobligi toʻgʻrisida soʻz yuritgan. Shuningdek, Panjob viloyatining gʻoyat obod va gavjumligi, qishloq va shaharlarning deyarli uzluksiz bir-biriga tutashib ketgani haqida ham alohida qayd etgan.
Bu fikrlar XVI asrdayoq hozirgi Pokiston hududi kuch, boylik va strategik ahamiyat markazi sifatida qabul qilinganini koʻrsatadi hamda nega aynan shu yerda boburiylar saltanati barpo etilganini tushuna boshlaymiz.
Bugun Bobur va sulolasi qoldirgan maʼnaviy-maʼrifiy meros millionlab pokistonliklar qalbida yashab kelmoqda va bu ikki xalq uchun umumiy tarixiy xotira. Ana shu umumiy meros zamonaviy Oʻzbekiston — Pokiston sherikligining mustahkam poydevoridir.
Yangi davr boshlanganini belgilovchi tashrif
Prezidentimizning 5-fevralda boshlangan davlat tashrifi dastlabki daqiqalardan boshlab yuksak hurmat va strategik ahamiyat muhitida oʻtdi. Bu qatʼiy diplomatik protokol doirasidan ancha tashqariga chiqqan voqeaga aylandi. Aeroportda davlatimiz rahbarini Pokiston siyosiy doiralaridagi eng muhim ikki shaxs — Prezident Asif Ali Zardoriy va Bosh vazir Shahboz Sharif kutib olgani ham alohida ramziy maʼno kasb etdi. Mezbon mamlakat aziz mehmonni mana shunday kutib oldi.
Tashrif dasturi gʻoyat sermazmun va yuksak ahamiyatga ega boʻldi. U davlatimiz rahbarining “Global sanoat va mudofaa yechimlari” kompaniyasi qarorgohi tashrifi hamda Pokiston Mudofaa kuchlari Bosh qoʻmondoni —Qurolli Kuchlarining quruqlikdagi qoʻshinlari qoʻmondoni, feldmarshal Asim Munir bilan uchrashuvdan boshlandi. Ushbu muloqot sifat jihatidan mutlaqo yangi ishonch darajasiga poydevor yaratdi: harbiy va harbiy-texnik hamkorlik boʻyicha alohida “yoʻl xaritasi”ni tayyorlash, mudofaa korxonalari oʻrtasidagi hamkorlikni kuchaytirish va kadrlarni birgalikda tayyorlash boʻyicha kelishuvga erishildi.
Oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashi faoliyatining yoʻlga qoʻyilgani alohida eʼtiborga loyiq. Ushbu institut ikki tomonlama munosabatlarni aniq maqsadlar bilan tizimli va uzoq muddatli hamkorlikka yoʻl ochadi. Muzokaralar Oʻzbekiston — Pokiston hamkorligining nechogʻliq koʻp qirrali ekanini namoyon etdi. Soʻnggi 8 yilda oʻzaro savdo hajmi 12 barobar oʻsdi, Oʻzbekistonda Pokiston sarmoyasi ishtirokidagi 230 ta korxona faoliyat yuritmoqda, aviaqatnovlar kengaymoqda, bank va tadbirkorlik aloqalari mustahkamlanmoqda.
Tovar ayirboshlash hajmini hozirgi 500 million AQSH dollaridan 2 milliard dollargacha yetkazish boʻyicha ulkan va real maqsad qoʻyildi. Bu aniq yechimlar bilan mustahkamlandi: tovarlar roʻyxatini kengaytirish, imtiyozli savdo, yangi fitosanitariya ruxsatnomalari. Qiymati taxminan 3,5 milliard dollarlik qoʻshma loyihalar portfeli qishloq xoʻjaligi va farmatsevtikadan tortib, geologiya va yengil sanoatgacha boʻlgan muhim tarmoqlarni qamrab olgan.
Transport yoʻlaklarini rivojlantirish alohida strategik ahamiyat kasb etadi. Muzokaralar chogʻida transafgʻon temir yoʻlini qurish loyihasini jadallashtirish, shuningdek, “Pokiston — Xitoy — Qirgʻiziston — Oʻzbekiston” transport yoʻlagini rivojlantirish muhimligi taʼkidlandi. Bularning barchasi mamlakatlarimizni Markaziy va Janubiy Osiyoni bogʻlovchi boʻgʻinga aylantirmoqda. Butun mintaqa va undan tashqarida yangi imkoniyatlar ochmoqda.
Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi mintaqalararo aloqalar ham muhim ahamiyatga ega. Buning ifodasi sifatida mahalliy hamkorlik uchun poydevor yaratuvchi hududlar forumi tashkil etildi.
Imtiyozli savdo, qishloq xoʻjaligi va raqamli texnologiyalardan tortib, yadro xavfsizligi, korrupsiya va giyohvandlik moddalari savdosiga qarshi kurashish sohasidagi hamkorlikkacha boʻlgan koʻplab sohalarni qamrab oluvchi qoʻshma deklaratsiya hamda 30 ga yaqin muhim hujjat imzolandi.
Tashrif chogʻida Islomobod shahridagi koʻchalardan biriga Toshkent, yangi barpo etilayotgan boqqa Zahiriddin Muhammad Bobur nomining berilishiga bagʻishlangan marosim oʻtkazildi. Oʻzbekiston Prezidentiga Pokistonning oliy davlat mukofoti boʻlmish “Nishoni Pokiston” ordeni, shuningdek, Pokiston Milliy fan va texnologiyalar universitetining faxriy doktori hamda professori unvonlari topshirildi.
Ishbilarmonlik dasturining choʻqqisi “PEL”, “Engro”, “Fauji”, “Pakistan Steel Mills” kabi 300 dan ortiq yetakchi kompaniya ishtirokidagi qoʻshma biznes-forum, shuningdek, davlatimiz rahbarining Pokiston korporativ tuzilmasi yetakchilari bilan alohida uchrashuvi boʻldi. Oʻzbekiston Prezidenti hamkorlik uchun aniq sohalarni taklif etdi: farmatsevtika va tibbiyot, yengil sanoat, kon-metallurgiya sohasi va geologiya, oziq-ovqat xavfsizligi boʻyicha hamkorlikni kengaytirish shular jumlasidan.
Pokiston kompaniyalari Oʻzbekistonda dori-darmon, biotexnologiyalar va tibbiyot jihozlarini mahalliylashtirish loyihalariga taklif etildi. Toshkent farmatsevtika parkida pokistonlik sarmoyadorlar uchun qulay sharoit yaratiladi. Xalqaro brendlar ostida tayyor toʻqimachilik mahsulotlarini birgalikda ishlab chiqarish uchun katta imkoniyat mavjudligi taʼkidlandi.
Oʻzbekiston tomoni toʻqimachilik korxonalarini ishonchli boshqaruvga berish va pokistonlik hamkorlar uchun alohida charm sanoati hududlarini tashkil etishga tayyor ekanini bildirdi. Logistika boʻyicha aniq qadamlar belgilandi: joriy yil apreldan boshlab Karachiga yuk reyslari hamda Lahorga toʻgʻridan toʻgʻri yoʻlovchi parvozlarini yoʻlga qoʻyish rejalashtirilmoqda.
Pokiston biz uchun nimaga muhim?
Keling, endi bu mamlakat bilan hamkorlikni mustahkamlash nima uchun bu qadar muhimligini tahlil qilib koʻraylik. Tashrif natijalari ikki tomonlama munosabatlar doirasidan ancha keng.
Birinchidan, logistika loyihalarini amalga oshirishda Oʻzbekiston Pokiston portlari orqali xalqaro dengizlarga toʻgʻridan toʻgʻri chiqish imkoniyatiga ega boʻladi. Transafgʻon temir yoʻli va “Pokiston — Xitoy — Qirgʻiziston — Oʻzbekiston” koridori biz uchun strategik ahamiyatga ega. Ushbu loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilsa, butun Yevroosiyoning geoiqtisodiy xaritasini oʻzgartira oladi.
Ikkinchidan, mintaqaviy xavfsizlik nuqtayi nazaridan yadro quroliga ega va armiya soni boʻyicha dunyoda oltinchi oʻrinda turuvchi Pokiston bilan yaqinlashish bugungi beqaror dunyoda Oʻzbekistonning mavqeini mustahkamlashga muhim hissa qoʻshadi. Mudofaa sohasidagi hamda terrorizm, giyohvandlik moddalari savdosi va kibertahdidlarga qarshi kurashish boʻyicha kelishuvlar zamonaviy muammolarga javob beradi. Qolaversa, terrorizmga qarshi kurash xalqaro kun tartibidagi asosiy masalalardan biri boʻlib qolmoqda. Islomoboddagi masjidlardan birida sodir etilgan va 30 dan ortiq begunoh insonning hayotiga zomin boʻlgan terrorchilik harakati buning yaqqol tasdigʻidir.
Dunyo beqarorlik, parchalanish va avvalgi ittifoqlarni qayta koʻrib chiqish davrini boshdan kechirayotgan bugungi kunda Pokistonning masʼuliyatli mintaqaviy kuch sifatidagi mavqei alohida ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu mamlakat Janubiy Osiyo, Afgʻoniston, Hind okeani va Islom dunyosidagi jarayonlarga sezilarli taʼsir koʻrsatadi. Bu esa Islomobodni global muvozanatning muhim aktoriga aylantiradi.
Prezidentimizning Pokistonga davlat tashrifi strategik gʻalaba boʻldi. Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda markazga intiluvchi kuch sifatida oʻzini ishonch bilan namoyon etishni davom ettirmoqda va qudratli mintaqaviy davlatlar bilan aloqalarni mustahkamlamoqda.
Mamlakatlar rahbarlarining xohish-irodasi va yaqin doʻstona munosabatlari, umumiy tarixi hamda oʻzaro iqtisodiy manfaatlari bilan mustahkamlangan Oʻzbekiston — Pokiston aloqalari yangi, strategik mazmun kasb etmoqda. Bu butun mintaqamiz tinchligi, barqarorligi va farovonligi uchun xizmat qiladi.
Sherzodxon QUDRATXOʻJA,
siyosiy fanlar doktori, professor,
Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist