— Ares Marsovich, suhbatimiz avvalida, Oʻzbekiston-Tojikiston munosabatlarida yaqin qoʻshnichilik aloqalaridan tashqari, yana qanday oʻzaro bogʻliqliklar mavjudligi toʻgʻrisida fikr bildirsangiz.
— Dastavval, Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyevning ushbu iqtibosini keltirmoqchiman: «Oʻzbek va tojik xalqi bir daraxtning ikki shohi, bir daryoning ikki irmogʻiga qiyosdir. Bizning dinimiz, yerimiz va suvimiz bir. Bir maqsad yoʻlida birlashgan holda, quvonchu shodligimizda ham, qaygʻuyimizda ham doimo birgamiz. Ajdodlar anʼanasiga sodiq qolgan holda, xalqlarimiz oʻrtasida doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va oʻzaro hamkorlik aloqalarini yana-da mustahkamlamogʻimiz darkor.»
Darhaqiqat, Tojikiston va Oʻzbekiston ikki mustaqil davlat sifatida turli chegara hududiga ega boʻlishiga qaramay, azaldan ularni bogʻlab turuvchi umumiy jihatlari bisyor.
Mustaqillikka erishganimizdan soʻng, tarixan ikki millat birodarligiga hech kim ahamiyat qaratmagan boʻlsada, aslida qadimdan yagona xalq boʻlganimiz maʼlumdir.
Ming yillar mobaynida, yaʼni Somoniylar, Gʻaznaviylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va Temuriylar davridan buyon ikki davlat vakillari yonma-yon, hamjihatlikda umr kechirib kelmoqdalar. Ikki davlat aholisining aynan Islom dinining Hanafiy mazhabiga eʼtiqod qilishi ham gʻoyatda ahamiyatlidir.
Bugungi kunda, mamlakatlar oʻrtasidagi munosabatlar sifat jihatdan yangi oʻsish surʼatini namoyon etmoqda. “Doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va hamkorlik shartnomasi”, “Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasidagi strategik sheriklik toʻgʻrisidagi shartnoma” kabi hujjatlarning tasdiqlanishi, oʻzbek-tojik hamkorlik yoʻnalishini belgilovchi asosiy hujjat sanaladi.
— Sizningcha, nima mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlarning qayta tiklanishiga turtki boʻldi?
— Komil ishonch bilan ayta olamanki, Ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi va saʼy-harakatlari tufayli, yaxshi qoʻshnichilik, qardoshlik aloqalarini rivojlantirishda ijobiy natijaga erishildi.
Mamlakat rahbarlarining oʻzaro konstruktiv muloqoti samarasi oʻlaroq, koʻplab mintaqaviy xarakterga ega muammoli masalalar oʻz yechimini topdi.
Yurtboshimiz Sh.M.Mirziyoyev taʼkidlaganidek: “Zimmamizda ulkan masʼuliyat yuklatilgan: biz nafaqat qoʻldan boy berilgan imkoniyatlardan foydalanishimiz, balki oʻzaro yaqin munosabatlarimizni ham yangi bosqichga olib chiqmogʻimiz darkor”.
— Bundan tashqari, mintaqaviy muammolar va ijobiy yutuqlarimiz deganda aynan nimani nazarda tutyapsiz?
— Shu oʻrinda, 2017-yilda Toshkent-Dushanbe aviaqatnovlarining qayta yoʻlga qoʻyilishi, Gʻalaba-Amuzang temir yoʻli barpo etilishi, Samarqand-Penjikent A-377 xalqaro yoʻlining ochilishi, ikki davlat chegarasida 10 ta nazorat punktlari ish boshlagani quyida fikrimizning tasdigʻidir. Ayniqsa, 2018-yil Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning Tojikistonga tashrifi muhim tarixiy voqea sifatida qayd etilib, unda oʻzbek-tojik xalqlari oʻrtasida yaxshi qoʻshnichilik, doʻstlik, birodarlik va oʻzaro strategik sheriklik sohalaridagi munosabatlarda yangi sahifa ochildi.
Shuningdek, 2018-yilda “Oʻzbekiston va Tojikiston fuqarolarining oʻzaro sayohatlari toʻgʻrisidagi” kelishuvning imzolanishi, davlatlarimiz oʻrtasidagi yaqin hamkorlik aloqalarini yana-da mustahkamlanishida asos yaratib, millionlab fuqarolar hayotida yengillashtiruvchi misli koʻrilmagan tub burilish yasadi. Shu bilan bir qatorda, ushbu kelishuv yurtimizda sayyohlar oqimining keskin koʻpayishi, qarindoshlik aloqalarining qayta tiklanishi va transchegaraviy savdo-sotiqni amalga oshirishga ulkan hissa qoʻshdi. Oʻtgan yillar mobaynida, Oʻzbekistondan qoʻshni Tojikistonga gaz yetkazib berish tizimi qayta yoʻlga qoʻyildi. Suv resurslaridan foydalanishdagi oʻzaro manfaatli aloqalar qayta oʻrnatildi.
Shu oʻrinda, Oʻzbekiston va Tojikiston BMT,SHHT,MDH,IFAS,YEXHT,IHT kabi qator xalqaro va mintaqaviy tuzilmalarda bir-birini faol qoʻllab-quvvatlab kelmoqda. Bundan boshqacha boʻlishi ham mumkin emas. Zero, mamlakatlarimiz mintaqaviy va xalqaro barqarorlik, xavfsizlik va iqtisodiy rivojlanish masalalari boʻyicha, jumladan, qoʻshni Afgʻonistondagi vaziyat boʻyicha ham umumiy fikrga ega davlatlar hisoblanadi.
Shu oʻrinda, Tojikistonning birinchilar qatorida, 2021-2023-yillarda BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashiga boʻlib oʻtgan saylovlarda Oʻzbekiston nomzodini qoʻllab-quvvatlagani ham fikrimizning yorqin tasdigʻidir.
Emomali Rahmon oʻz nutqida: “Umumiy uyimizda doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik muhitini yaratish yoʻlidagi qatʼiy qadamlaringizni iliq qarshi olamiz. Ular bizning maqsadlarimizga ham toʻla mos keladi”,- deya murojaat qilgan edi.
— Darhaqiqat, soʻnggi bir necha yillar mobaynida, koʻplab ijobiy oʻzgarishlarga erishildi. Ammo Oʻzbekiston va Tojikiston munosabatlarining bugungi holati toʻgʻrisida qanday fikrdasiz?
— Bugungi kunda, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlik aloqalari ijobiy oʻsish surʼatini qayd etmoqda, ayniqsa, Oʻzbekiston va Tojikiston Parlamentlari, hukumatlari, vazirlik va idoralari oʻrtasidagi ochiq va konstruktiv muloqoti diqqatga sazovordir.
Markaziy Osiyoni xavfsiz va barqaror mintaqaga aylantirish yoʻlida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, terrorizm, ekstremizm, giyohvandlik va qator buzgʻunchi unsurlarga qarshi kurash doimiy ravishda kuchaytirib borilmoqda.
Mamlakatlarimiz rahbarlarining saʼy-harakatlari va savdo hajmini oshirish boʻyicha aniq belgilangan chora-tadbirlari tufayli, 2018-yilda 202,5 mln. dollarlik mahsulot yetkazib berish boʻyicha 92 ta shartnoma va kelishuvlar imzolandi. 2020-yilda Oʻzbekiston-Tojikiston biznes-forumi yakunlari boʻyicha yana 711,5 mln. dollarlik 306 ta hujjat tasdiqlandi.
Oʻtgan besh yil mobaynida, Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarning jadal oʻsish surʼatlari yana-da kengayib, izchil davom etmoqda. Shu tariqa, 2020-yilda ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo aylanmasi hajmi $ 500 mln. dan oshgani qayd etildi.
Tojikistonda sanoat hamkorligi doirasida oʻzbek mablagʻi hisobidan 51 ta korxona tashkil etilgan boʻlsa, mahalliy aholi oʻrtasida xaridorgir maishiy texnika ishlab chiqaradigan «Artel Avesto Electronics" qoʻshma korxonasi shular jumlasidandir.
Sh. Mirziyoyev va E. Rahmon tomonidan maxsus kommunal va qurilish transportini yigʻish hamda ishga tushirish bilan shugʻullanuvchi “TALKO-KRANTAS” qoʻshma korxonasi faoliyatining yoʻlga qoʻyilishi, ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash yoʻlidagi yana bir muhim voqea boʻldi.
— Ares Marsovich, suhbatimiz boshida xalqlarimiz oʻrtasidagi qarindosh-urugʻchilik munosabatlari toʻgʻrisida aytib oʻtdingiz, shu bilan bir qatorda, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikning hozirgi holati haqida ham fikr bildirsangiz.
— Shubhasiz, bu borada haqli savol berdingiz, Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning asosiy ustuvor yoʻnalishlaridan yana biri, bu madaniy-gumanitar sohadagi oʻzaro hamkorlikdir.
Ushbu munosabatda, Tojikiston madaniyat kunlarining mamlakatimizda oʻtkazilgani, Dushanbe shahrida atoqli shoirimiz Erkin Vohidovning tavalludiga bagʻishlangan madaniy tadbirlarning tashkil etilganini aytib oʻtmoqchiman.
Shuningdek, 2020-yilda Sugʻd viloyatidagi Qadimiy Sarazm shahrining 5500-yilligi, tojik shoiri va mutafakkiri Kamoli Xoʻjandiy tavalludining 700-yilligi, “Kamoliddin Behzodning Sharq va Gʻarb badiiy madaniyati mazmunidagi asari” mavzusidagi xalqaro simpoziumlar va koʻplab madaniy tadbirlar keng miqyosda nishonlandi.
Oʻtgan yili sentyabrda Oʻzbekiston tomonidan Tojikistonning Spitamen tumanida yangi maktab binosi foydalanishga topshirilgan boʻlsa, Dushanbeda koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashda oʻnlab tibbiyot jihozlari va tibbiy vositalar joylangan qutilar begʻaraz yordam sifatida qoʻshni mamlakatga taqdim etildi.
— Batafsil javobingiz uchun rahmat, va oxirgi savol: bugungi kunda oʻzbek-tojik hamkorligining yana-da rivojlanishiga toʻsiqlar bormi?
— Hozirgi kunda Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasidagi ikki tomonlama munosabatlarda muammoli va munozarali masalalar mavjud emas.
Shu bilan birga, mamlakatlarimiz iqtisodiyotida oʻzaro hamkorlikning ayrim sohalarida salohiyatimiz yetarli boʻlishiga qaramay, ammo amalga oshirilmay qolganlari talaygina, xususan turizm, yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash, yuqori qoʻshimcha qiymatga ega tayyor mahsulotlarni ishlab chiqarish va uchinchi mamlakatlarga eksport qilish uchun qoʻshma guruhlar yaratish sohalari shular jumlasidandir.
Xulosa oʻrnida, Oʻzbekiston va Tojikiston oʻzaro faol siyosiy-iqtisodiy hamkorlikni saqlab qolish, rivojlantirish orqali kelgusida mintaqaviy hamkorlikning yetakchi aʼzolariga aylanishi uchun yetarlicha salohiyatga egadir. Umumiy jihatlarini hisobga olgan holda, Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, Markaziy Osiyo mintaqasining barqaror rivojlanishida muhim rol oʻynashi mumkin.
Ares Bayazitov,
Markaziy Osiyo xalqaro instituti
Bosh ilmiy xodim