Oʻzbekiston aeroportlarida maymunchechak kasalligining oldini olish choralari koʻrilmoqda

    Oʻzbekiston Respublikasi bosh davlat sanitariya vrachining tegishli koʻrsatmasi asosida mamlakatimiz aeroportlarida qator sanitariya-targʻibot tadbirlarini oʻtkazish rejalashtirildi.

    Bu haqda “Uzbekistan Airports” xabar berdi.

    Qayd etilishicha bosh davlat sanitariya vrachining “Chet eldan maymunchechakning kirib kelishining oldini olish va tarqalishining oldini olish chora-tadbirlarini tashkil etish toʻgʻrisida”gi koʻrsatmasi asosida mamlakatimiz aeroportlarida qator sanitariya-targʻibot tadbirlarini oʻtkazish rejalashtirilgan.

    Jumladan, fuqaro aviatsiyasi obyektlarining Sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi markazi bilan birgalikda 20-21-avgust kunlari aeroportlar tibbiyot xodimlari uchun maymunchechak kasalligining etiologiyasi, klinik koʻrinishi, epidemiologiyasi, diagnostikasi va oldini olish boʻyicha seminarlar oʻtkazish rejalashtirilgan.

    Shuningdek, respublikamizning barcha xalqaro aeroportlarida maymunchechak kasalligining oldini olishga qaratilgan sanitariya-targʻibot ishlari kuchaytirildi. Xususan, aeroport xodimlariga ushbu kasallik haqida soddalashtirilgan shaklda maʼlumot beriladi va baʼzi alomatlar vizual tarzda qanday namoyon boʻlishi tushuntiriladi. Bundan tashqari, sanitariya-karantin xizmati tomonidan aeroportlarda havo harorati yuqori boʻlgan yoʻlovchilarni masofadan turib aniqlaydigan teplovizorlar oʻrnatiladi.

    “Uzbekistan Airports” AJning Tibbiy taʼminotni rivojlantirish departamenti JSST maʼlumotlariga tayanib, ushbu kasallikning yangi shtammi asosan Oʻzbekiston bilan toʻgʻridan-toʻgʻri reyslar bilan bogʻliq boʻlmagan Afrika mamlakatlarida tarqalayotganini taʼkidladi.