— Ismatilla Raimovich, Afgʻoniston yangi hukumatining koʻknori yetishtirishni taqiqlashi mintaqa hayotiga qanday taʼsir qiladi?

— Afgʻoniston muvaqqat hukumati tomonidan afyun koʻknori yetishtirish, shuningdek, barcha turdagi giyohvandlik vositalarini ishlab chiqarish, sotish, tashish va kontrabandaga nisbatan eʼlon qilingan taqiq mamlakatda ushbu muammoni yoʻq qilish yoʻlidagi, qolaversa, toliblarning mintaqa mamlakatlarining mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlashga qaratilgan saʼy-harakatlariga qoʻshilishdagi muhim qadamlaridan biri boʻldi.

Alohida taʼkidlab oʻtmoqchimanki, BMT maʼlumotlariga koʻra, dunyoda afyun ishlab chiqarishning 80 foizdan ortigʻi Afgʻoniston hissasiga toʻgʻri keladi. Oʻtgan yili opiy ishlab chiqarishdan tushgan daromad taxminan 1,8 mlrddan 2,7 mlrd dollarga boʻlgan.

BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasi 2021-yilda Afgʻonistonda afyun ishlab chiqarish hajmi 8 foizga oʻsgani va 6800 tonnaga yetganini tasdiqlagandi.

Shubhasiz, bu ulkan raqam, biroq ular bugungi kunda mamlakatni qamrab olgan ogʻir gumanitar inqirozning butun koʻrinishini aks ettira olmaydi.

Mening fikrimcha, aksariyat afgʻon dehqonlari uchun koʻknori yetishtirish omon qolishning yagona yoʻli va oʻz oilalarini boqishning usuli ekanligini tushunish lozim. Biroq, bu qardosh mamlakatda 40 yildan ortiq davom etgan urush tufayli sunʼiy ravishda yaratilgan majburiy chora edi.

Ishonamizki, Afgʻonistonning yangi rahbariyatining juda muhim qarori nafaqat ularning vijdonli va masʼuliyatli xatti-harakatlarining aniq tasdigʻi, balki yaqin kelajakda oʻz mamlakatini jahon hamjamiyatining toʻlaqonli va masʼuliyatli aʼzosiga aylantirish istagi hamdir.

— Oʻzbek tomoni Tolibon bilan muzokaralarda Afgʻonistonda giyohvand moddalar yetishtirishni taqiqlash takliflari bilan ishtirok etganmidi? Umuman, ushbu taqiq oddiy afgʻon fuqarolari hayotiga qanday taʼsir qiladi?

— Taʼkidlash joiz, 2018-yildan boshlab Oʻzbekiston “Tolibon” harakati rahbariyati, shu jumladan, toliblarning Qatardagi siyosiy ofisi bilan yaqin va konstruktiv aloqa oʻrnatdi.

Ushbu muloqotning barcha bosqichlarida biz siyosiy harakterdagi masalalardan tashqari, giyohvand moddalar tahdidiga qarshi kurashish masalasini bevosita Afgʻonistonning oʻzida hal etishga intildik.

Men nima uchun bu Afgʻonistonning butun koʻp millatli xalqi uchun juda muhim qaror deyapman?

Eng avvalo, bu nihoyat oddiy afgʻon dehqonlariga koʻknori oʻrniga boshqa qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirishga oʻtish, ichki bozorni ular bilan toʻldirishga va afgʻonlarning farovon yashashiga imkon yaratadi.

Yana bir muhim tafsilotni taʼkidlamoqchiman. Afgʻonlar tabiatan tajribali dehqonlardir, ular faqat urush yillarida afyunni faol yetishtira boshlashdi, asrlar mobaynida ular meva-sabzavot va poliz mahsulotlarining barcha turlarini, shuningdek, guruh, bugʻdoy, kartoshka, pomidor va boshqalarni yetishtirib kelishgan. Afgʻon xalqining buguni va kejalagini tahlil qilishda mana shu tarixiy haqiqatga alohida eʼtibor qaratish kerak.

Bundan tashqari, Afgʻoniston muvaqqat hukumati qarori hozirgi vaqtda hanuz mamlakat hududida boʻlib turgan turli terroristik guruhlarni opiy sotishdan tushgan daromad shaklidagi asosiy moliyalashtirish manbasidan mahrum qiladi.

Shu tarzda toliblar oʻz qarori bilan xalqaro hamjamiyatga nafaqat mamlakatda giyohvand moddalar tahdidiga qarshi kurashishi, balki ular oʻz hududida turli yoʻnalishlardagi xalqaro terrorchilarning kelgusida mavjud boʻlishiga yoʻl qoʻymasligi haqida aniq va tushunarli signal berdi.

Boshqacha qilib aytganda, gap afgʻon yurti endi hech qachon xorijiy terrorchilar panohiga aylanmasligi haqida ketmoqda.

Umid qilamizki, Kobul hokimiyatining ushbu qarori ortidan afgʻon qizlarining bevosita 1-sinfdan 12-sinfgacha toʻliq maktab taʼlimini olishlari uchun imkoniyat yaratish borasida haqiqiy qadamlar qoʻyiladi.

Shuningdek, Afgʻonistonning yangi hukumati oʻz zimmasiga olgan majburiyatlarni, shu jumladan, keng vakillikka asoslangan hukumatni shakllantirish, ayollar va milliy ozchiliklarning huquqlarini himoya qilish, terroristik guruhlar bilan aloqalarni butunlay uzishni bajarish yoʻlida qoʻlidan kelgan barcha ishlarni amalga oshirishini taxmin qilish uchuy asoslar yetarli.

Shu kunlarda Afgʻoniston tashqi ishlar vazirligi bayonot bilan chiqib, mamlakat hududidan, shu jumladan qoʻshni davlatlarga ham tahdid boʻlmasligini yana bir bor kafolatladi va mintaqa davlatlarini chegara xavfsizligini taʼminlash uchun birgalikda ishlashga chaqirdi.

Ishonchim komilki, Afgʻonistonning yangi hokimiyatining mazkur bayonoti nafaqat afgʻon mojarosi tezroq hal etilishiga, balki Tolibonni qonuniy hukumat sifatida xalqaro miqyosda tan olinishi mumkinligiga umid beradi.

Aytgancha, biz bu haqda mart oyining oxirida Xitoyda boʻlib oʻtgan Afgʻonistonning eng yaqin qoʻshni davlatlari TIV rahbarlarining navbatdagi yigʻilishida muloqot qilgandik.

Ushbu masala yuzasidan BMT muhim rol oʻynashi lozim boʻlgan birlashgan konsolidatsiyalangan yondashuvni ishlab chiqish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Qisqa qilib aytganda, hozirgi Afgʻoniston rasmiylarining nafaqat oʻz vatanlariga tinchlik olib kirish, balki Afgʻoniston hech qachon jahon hamjamiyatida “xalqaro terrorizm va giyohvand moddalar savdosi oʻchogʻi” tushunchasi bilan assosatsiya boʻlmasligi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solish istagi mavjud. Endi hammasi yangi hokimiyat oʻz vaʼdalari va qarorlarini toʻgʻri bajarishiga bogʻliq.