Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nur “Oltin medal” mukofoti bilan taqdirlandi

    Mukofotni TURKSOY Bosh kotibi Sultanbay Rayev topshirdi.

    Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nur Toshkent shahrida oʻtgan TURKSOYning 30 yillik yubiley tantanalari doirasida turkiy davlatlar orasida madaniyat va sanʼatning keng targʻiboti, professional mahorati bilan turkiy davlatlarda obroʻ va eʼtibor qozongan taniqli madaniyat va sanʼat xodimlari uchun taʼsis etilgan “Oltin medal” mukofoti bilan taqdirlandi.

    Mukofotni TURKSOY Bosh kotibi Sultanbay Rayev topshirdi.

    Turk dunyosining mushtarak tomi boʻlgan TURKSOY, tashkil topganidan buyon turli xil madaniy tadbirlarni amalga oshirdi, opera kunlari, shoirlar, bastakorlar, fotosuratchilar, haykaltaroshlar va rassomlar uchrashuvlari, xalqaro festivallar, xotira va nishonlash kunlari, koʻrgazmalar tashkil qildi, konferensiyalar, simpoziumlar va davra suhbatlari oʻtkazdi, jurnallar va kitoblar nashr etdi, madaniy aloqalarimiz va qardoshlik rishtalarining mustahkamlanishi va umumiy madaniyatimizni dunyoga tanitish uchun faoliyat olib bordi.

    Turk dunyosi rassomchilik sanʼatini tanitish, rassomlarimiz oʻrtasidagi aloqalarni yaxshilash hamda tajriba almashish imkoniyatini berish maqsadida 25 yildan beri “TURKSOY rassomlar uchrashuvi” tashkil qilmoqda.

    Joriy 2023-yilning aprel oyida Badiiy akademiya tomonidan oʻtkazilgan Xalqaro tasviriy va amaliy sanʼat festivali doirasida Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasida “Turk dunyosi rassomlarining uchrashuvi” deb nomlangan badiiy koʻrgazma tashkil qilindi.

    Bularning barchasi oʻzaro hamjihatlikda qadim turkiy madaniyat, sanʼatni rivojlantirish yoʻlida munosabatlar tobora mustahkamlanayotganidan dalolat beradi.

    Gulichehra DURDIYEVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri