Mamlakatlararo muloqot doirasida tor doiradagi uchrashuvlar ham boʻlib oʻtdi. Uyushma rahbariyati “DHAKA LEATHER CORPORATION” kompaniyasi vakillari bilan muzokaralar oʻtkazdi. Dakka kompaniyasi bilan Oʻzbekistondan tayyor charm mahsulotlarini eksport qilish, mamlakatimizga sarmoya jalb etish masalasi muhokama etildi. “nafis charm”, “Peng Sheng Charm”, “Hamkor Nur Savdo” va “Angren Charm” kabi korxonalarning tijorat takliflari taqdim etildi. Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston kompaniyalarining mahsulotlari namunalarini Dakkaga yetkazib berish boʻyicha kelishuvga erishildi.
“Apex Footwear LTD” kompaniyasi vakillari bilan oʻtkazilgan muloqotda Oʻzbekiston-Bangladesh qoʻshma poyabzal korxonalarini tashkil etish masalasi muhokama etildi. Mazkur masalani batafsil muhokama etish va “Apex Footwear” vakillarini Oʻzbekiston charm sanoati imkoniyatlari bilan yaqindan tanishtirish maqsadida joriy yil 12-14-oktyabr kunlari boʻlib oʻtadigan “UzCharmExpo-2022” kuzgi xalqaro koʻrgazmasiga taklif etildi.
Biznes-forum doirasida ““Mehdi Mahbub” kompaniyasi bilan ham muzokaralar olib borildi. Qoʻshma loyihalarni amalga oshirish uchun Bangladeshning charm-poyabzal sanoati korxonalarini Oʻzbekistonga jalb etish boʻyicha kelishuvga erishildi.
“UzCharmExpo-2022” 13-xalqaro koʻrgazma-yarmarkasi doirasida ham qoʻshimcha muhokamalar oʻtkazish rejalashtirilgan. Oʻzbekistonda boʻlib oʻtadigan kuzgi koʻrgazmada Bangladeshning 10 dan ortiq poyabzal va charm ishlab chiqaruvchi kompaniyalari ishtirok etishi kutilmoqda. “Amico Footwear”, “Bata Shoe Co. LTD”, “Bliss Fashion & Crafts LTD” va “Anan Footwear And Leather Goods LTD” kabi korxonalar bilan sarmoyaviy va eksport hamkorligini kengaytirish masalalari muhokama etiladi, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati.