Yigʻilishda ikki davlatning asosiy vazirlik, idora va tarmoq birlashmalari, shuningdek, diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ishtirok etdi.
Tadbir ishtirokchilariga qutlov soʻzi bilan murojaat etar ekan, delegatsiyalar rahbarlari ikki mamlakat oʻrtasida oʻsib borayotgan ishonch va yuqori darajadagi doimiy muloqotni yuqori baholadi. Chexiya hukumati rahbarining joriy yil aprel oyida Oʻzbekistonga tashrifi qayd etildi. Taʼkidlanganidek, samarali hukumatlararo aloqalar oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, investitsiyalarni jalb etish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratyapti.
Savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirishning ijobiy dinamikasi qayd etildi. Xususan, oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi soʻnggi bir necha yil ichida ikki baravar oshdi. Oʻzbekiston va Chexiya ishbilarmon doiralarining uzoq muddatli va oʻzaro manfaatli shartnoma va bitimlar tuzishga qiziqishi kuzatilyapti.
Yigʻilishda konchilik, elektrotexnika, qishloq xoʻjaligi, gidroenergetika, qurilish materiallari ishlab chiqarish, bank sohasida oʻzaro manfaatli investitsiya loyihalarini amalga oshirishning amaliy jihatlari muhokama etildi. Tomonlar mamlakatlar oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikning barcha yoʻnalishlari boʻyicha oʻzaro munosabatlarni oshirishga toʻliq tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Hukumatlararo komissiya yigʻilishi doirasida, shuningdek, delegatsiyalar rahbarlarining tor doiradagi uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Unda Laziz Kudratov va Yozef Sikel qator sohalarda hamkorlikni rivojlantirish salohiyatidan toʻliq foydalanishning amaliy jihatlarini muhokama qildi. Konstruktiv fikr almashish hamkorlikni faollashtirishning bir qator istiqbolli tarmoqlarini aniqlash, erishilgan kelishuvlarni monitoring qilish va nazorat qilishning aniq mexanizmlarini ishlab chiqish imkonini berdi.
Yigʻilish yakunlari boʻyicha HK yigʻilishining Yakuniy bayonnomasi, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi va Chexiya oʻrtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish boʻyicha qoʻshma “Yoʻl xaritasi” imzolandi, unda yangi oʻzaro manfaatli loyihalar va ilgʻor tashabbuslar oʻz aksini topdi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.