Partiya Matbuot xizmati tomonidan bildirilgan munosabatda qayd etilishicha, Qizil kitobga kiritilgan kamyob va yoʻqolib ketish xavfi ostidagi hayvon turlarini tabiiy muhitdan ajratib olishga ruxsatnomalar Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining xulosasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi kelishuviga asosan Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tomonidan rasmiylashtiriladi.

Ayni paytda partiya kamyob va yoʻqolib borayotgan yovvoyi hayvonlar turlarini tabiiy yashash muhitidan ajratib olishga qaysi hollarda ruxsat berilishi aniq belgilanmaganini taʼkidlaydi.

Partiya Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 20-oktyabrdagi 290-son qarori bilan tasdiqlangan oʻsimlik va xayvonot dunyosi obyektlaridan foydalanish va ularga ruxsat berish toʻgʻrisidagi nizomni qayta koʻrib chiqish lozimligiga eʼtibor qaratdi.

Shuningdek, partiya qonun hujjatlariga muvofiq alohida zarur boʻlgan hollarda, kamyob va yoʻqolib borayotgan yovvoyi hayvonlar turlarini tabiiy yashash muhitidan ajratib olishga ruxsat berish mezonlarini (jumladan, aholi sogʻligi va xavfsizligiga tahdid, boshqa hollarda) aniq belgilash zarurligini bayon etdi.

Qolaversa, Ekologik partiya oʻsimlik va hayvonot dunyosi obyektlaridan foydalanishga doir ruxsatnomalarni rasmiylashtirishda shaffoflikni taʼminlash maqsadida qoʻmitaning axborot tizimlariga qoʻshimcha ravishda Davlat xizmatlari markazlari va Yagona davlat interaktiv xizmatlari portali murojaat yuborish orqali amalga oshirilishi maqsadga muvofiq hisoblanishini ilgari surdi.