Darvozalar oʻrniga goh gʻisht, goh tosh qoʻyiladigan chang koʻchadagi qoʻlbola oʻyingohdan toʻp tepib qaytarkan, shularni bola orzulari bilan xayolida gavdalantirmagan, olam-olam zavq tuymagan odam kam topilsa kerak. Taktika bilan birovning ishi yoʻq, chopganimiz-chopgan, yiqilgan-turgan, yigʻlagan, quvongan — siz ham toʻrtburchak maydonni hayotning kichik bir modeli, uning kelgusi sinovlari, bahslari, oʻyinlariga tayyorlov ekani haqida u vaqtlar oʻylab ham koʻrmagansiz-ku, toʻgʻrimi?
Yaqinda qishloqqa bordim. Oʻzimcha bolaligimni tasavvurimda yaxshiroq jonlantirmoqchi boʻldimmi, har qalay xayollarimga ergashib, bolalar maydonchasiga borib qolibman. Yoʻq, men koʻrishni istagan manzaradan asar ham yoʻq edi bu yerda. Hech kimning ust-boshi chang boʻlmagan, tekis, sunʼiy chim yotqizilgan yam-yashil maydonda bolakaylar shoshilmaygina, tartib bilan bir-biriga toʻp uzatardi. Bu yerda men tushunishga qiynalayotgan bir narsa bor edi. Aslida, oʻzim hali yoshman, bolaligim ham yaqin oʻn-oʻn besh yillar nari- berisida kechgan. Biroq bolakaylar nigohida nimadir farqli ekanini sezib turgandek edim, bu ishonchmi, umidmi, qatʼiyatmi yoki ularning barchasini oʻzida mujassam etgan dadillikmi, aniq aytishim qiyin…
Yashil maydon. Ulkan stadion. Madhiya, oʻyin shiddati, gol zavqi, gʻalaba shukuhi, muxlislar quvonchi, kubok… Darvozalar oʻrniga goh gʻisht, goh tosh qoʻyiladigan chang koʻchadagi qoʻlbola oʻyingohdan toʻp tepib qaytarkan, shularni bola orzulari bilan xayolida gavdalantirmagan, olam-olam zavq tuymagan odam kam topilsa kerak. Taktika bilan birovning ishi yoʻq, chopganimiz-chopgan, yiqilgan-turgan, yigʻlagan, quvongan — siz ham toʻrtburchak maydonni hayotning kichik bir modeli, uning kelgusi sinovlari, bahslari, oʻyinlariga tayyorlov ekani haqida u vaqtlar oʻylab ham koʻrmagansiz-ku, toʻgʻrimi?
Kishining tashqi koʻrinishi — kiyinishidan tortib, koʻz qarashigacha uning ichki olamini aks ettirishi haqida albatta oʻqigan, eshitgansiz. Maydonchadagi bolalarni kuzata turib oʻylab qoldim: bu qoida jamiyatlar uchun ham birdek amal qilar ekan. Yaʼni infratuzilma, sharoit, imkoniyat, harakat, mehnat — hammasi jam boʻlgan muhitda jamiyatning umumkayfiyati, rivojlanish va shunga monand samarasi ham tezda boʻy koʻrsatadi. Shu maʼnoda, sportda, xususan, futbolda erishiladigan natijalar, yutuqlar, hatto muvaffaqiyatsizliklar zamirida ham katta bir falsafa, ijtimoiy- ruhiy maʼno-mazmun mujassam.
Demak, eng chekka hududlarda qurilgan, qurilayotgan maydonchalaru yuzlab-minglab muxlisni bagʻriga sigʻdira oladigan muhtasham arenalar qad rostlayotgani bugun oʻsha mini stadionlarda xotirjam mashgʻulot oʻtayotgan bolakaylarning ertaga olamshumul muvaffaqiyatlarni reallikka aylantirishiga zamin hozirlaydi, olgʻa boshlaydi.
Chunonchi, turli yoshdagi terma jamoalarimiz muntazam yuqori natijalar uchun kurashmoqda, yurtimiz esa katta futbol festivallariga mezbonlik qilyapti. Xususan, FIFA kengashi tomonidan Oʻzbekiston va Ozarbayjonning 2027-yilgi U-20 jahon chempionatiga mezbon sifatida rasman tayinlanishi mamlakatimiz sport salohiyatiga yuksak ishonch ramzi, katta masʼuliyat boʻlish bilan birga dunyo nigohida ham emas, avvalo, oʻzimizga islohotlar samarasini, tizimning ichki tayanchlari qay darajada yetilganini koʻrsatib beradigan koʻzgu vazifasini bajaradi. Davlatimiz rahbarining 2025-yil 15-dekabrdagi “2027-yilgi futbol boʻyicha U-20 Jahon chempionatiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ham ayni shu jihatlarni nazarda tutgani bilan ahamiyatli, sohadagi keyingi qadamlarni aniq belgilab olish uchun dasturilamal hujjat boʻldi.
Shubhasiz, mazkur musobaqaga mezbon boʻlish huquqi stadionlar mahobati, undagi oʻrindiqlar soni bilan oʻlchanmaydi. Bu tanlov ortida uzoq vaqt davomida shakllangan tartib, masʼuliyat, ichki muvozanat va ishonch yotadi. Zero, u, birinchi navbatda, xalq tomonidan qanday qarshi olinadi, qanday kuzatiladi, qanday xotira qoldiradi — mana shu savollar mezbonlikning asl mohiyatini belgilaydi. Shu nuqtada futbol oʻzining sport qobigʻidan chiqib, mamlakatning tashkiliy madaniyati, jamoatchilik kayfiyati va oʻziga ishonchini namoyon etadigan maydonga aylanadi.
Bugungi natijalar esa bosqichma-bosqich toʻplangan tajriba, maydonda va uning tashqarisida shakllangan intizom orqali oʻz ifodasini topdi. Futbol atrofida yuzaga kelgan muhit oʻzgardi, maydonga chiqayotgan avlodning nigohida boshqacha ishonch paydo boʻldi, tomoshabin ham endi faqat natijani emas, jarayonni his qila boshladi. Shu bois, 2027-yilgi U-20 jahon chempionati bilan bogʻliq qarorni alohida bir hodisa emas, balki shu yoʻlning mantiqiy davomi sifatida qabul qilish toʻgʻriroq boʻladi. Demak, qaror mohiyatida nimalar yotibdi, u qaysi bosqichlarning ustiga qurildi, qanday omillar bu darajagacha yetib kelishga zamin hozirladi degan savollarga javob izlash orqali istiqboldagi marralar borasida ham dadil fikr yuritish imkoni tugʻiladi. Zero, bu yerda gap faqat turnir haqida emas, futbol orqali shakllanayotgan ishonch, tartib va kelajak haqidagi tasavvur haqida bormoqda.
Boshqaruvdagi institutsional oʻzgarishlar
Oʻzbek futbolida soʻnggi oʻn yil ichida yuz bergan oʻzgarishlar tablodagi hisob bilan boshlanib, hisobotlar bilan yakun topadigan jarayonni tom maʼnoda yangi koʻrinishga keltirdi. Bu davr, avvalo, futbolning ichki boshqaruv mexanizmlarini qayta koʻrib chiqish, masʼuliyat va vakolatlarni aniq belgilash, qaror qabul qilish madaniyatini shakllantirish bosqichi sifatida kechdi. Bir paytlar alohida-alohida harakat qilgan tuzilmalar asta-sekin yagona tizim ichida ishlay boshladi, musobaqalar taqvimi tasodifga emas, oldindan rejalashtirilgan mantiqqa tayanadigan boʻldi, klublar va ligalar oʻrtasidagi munosabatlar tartibga solindi. Bu jarayon tashqaridan qaraganda keskin sakrashlarsiz kechganiga qaramay, aslida barqarorlik muhitini paydo qildi. Xususan, 2018-yildan futbol boshqaruvida markazlashgan, aniq vazifalarga boʻlingan model shakllana boshladi. Futbol federatsiyasi tuzilmasi yangilandi, professional ligalar faoliyati alohida yoʻnalish sifatida mustahkamlandi, musobaqalar taqvimi xalqaro standartlarga moslashtirildi.
Shu yillar mobaynida futbolni boshqarish masalasiga yondashuv ham oʻzgardi. Natijani bugun olish uchun ertani qurbon qilish odati asta-sekin chekinib, bosqichma-bosqich rivojlanish tamoyili ustuvorlik kasb eta boshladi. Bu sokin, biroq qatʼiy oʻzgarishlar infratuzilmasiz oʻz samarasini bermas edi. Bir necha yil avval xalqaro talablarga javob beradigan maydonlar soni juda kam boʻlgan, keyingi davrda esa bu manzara izchil oʻzgara boshladi. Stadionlar rekonstruksiya qilindi, mashgʻulot bazalari yangilandi, hududlarda futbol uchun doimiy sharoit yaratildi. Muhimi, bu jarayon markaziy hududlar bilan cheklanib qolmadi, viloyatlarda, chekka-chekka qishloq-ovullarda ham futbol bilan shugʻullanish tizimli tus oldi. Mashgʻulot maydonlari atrofida sport tibbiyoti, reabilitatsiya, tiklanish jarayonlarini qamrab olgan muhit shakllandi. Shu bilan birga, xorijiy tajriba asosida ishlashga oʻtildi, mutaxassislar almashinuvi, malaka oshirish jarayonlari futbol ichidagi bilim aylanishini tezlashtirdi.
Mazkur jarayonda natijalar izchil ishlangan mexanizmning ochiq ifodasi oʻlaroq birin- ketin boʻy koʻrsatdi. 2023-yilda Oʻzbekiston U-20 terma jamoasining Osiyo chempionligini qoʻlga kiritishi yoshlar futboli tarixida burilish nuqtasi sifatida qabul qilindi. Musobaqa davomida jamoa oʻyini tartib, jismoniy tayyorgarlik va bosim ostida toʻgʻri qaror qabul qilish qobiliyati bilan ajralib turdi. Mazkur gʻalaba bir turnir bilan chegaralanib qolmadi, u yoshlar bilan ishlashda tanlangan yoʻlning toʻgʻriligini koʻrsatib berdi. Shu yilning oʻzida U-17 terma jamoamiz Osiyo chempionatida gʻalaba qozonib, oʻsmirlarimiz 2012-yildan keyin yana bir bor bosh sovrinni boshi uzra koʻtardi. Bundan keyin ham muvaffaqiyatlardagi izchillik zanjiri uzilmadi. Oʻzbekiston U-23 terma jamoasining Parij Olimpiadasiga yoʻllanma olishi futbolimiz tarixida yangi sahifa ochdi. Bu natija yoshlar jamoalaridan katta futbol sari oʻtish jarayoni uzviy yoʻlga qoʻyilganining amaldagi tasdigʻi boʻldi.
Muhim jihati shundaki, bu yutuqlar oʻzaro uzviylik kasb etdi, yaʼni U-17, U-20 va U-23 jamoalari tarkibida maydonga tushgan futbolchilar oʻrtasida mantiqiy bogʻliqlik kuzatildi. Bir bosqichda shakllangan intizom va masʼuliyat keyingi darajaga oʻtishda yoʻqolmadi, aksincha, yanada mustahkamlandi. Bu jarayonda individual texnikadan koʻra jamoaviy fikrlash va ruhiy barqarorlik hal qiluvchi omilga aylandi.
Oxir-oqibat katta maydonda ham shu jarayon oʻz aksini topdi. Yillar davomida shakllangan tizim — intizom, masʼuliyat va ruhiy barqarorlik milliy terma jamoa darajasida ham sezila boshladi. Uzoq yillik orzu boʻlib kelgan manzilga nihoyat qadam qoʻydik: Oʻzbekiston milliy terma jamoasi tarixda ilk bor jahon chempionatiga yoʻllanma oldi. Bu natija birgina saralash oʻyinlaridagi gʻalabalar bilan izohlanmaydi, u oldindan qurilgan poydevorning mantiqiy choʻqqisi sifatida namoyon boʻldi. Bu manzilga olib borgan yoʻl yoshlar futbolidan boshlangan, bosqichma-bosqich mustahkamlangan, maydonda va uning tashqarisida qatʼiyat bilan qilingan mehnat, bir butun, yaxlit mexanizmga aylangan tizim orqali barpo etildi. Aynan mana shu uzviylik Oʻzbekiston futbolining bugungi holatini belgilab berdi va uni yangi sinovlarga tayyor holda olib chiqdi.
Ijtimoiy maydonga ham taʼsir koʻrsatuvchi jarayon
FIFA singari nufuzli tashkilotlar jahon miqyosidagi katta musobaqalarni shunchaki toʻgʻri kelgan mamlakatga topshirib qoʻyavermaydi. Yaʼni mezbonni tanlashda, avvalo, maydonlarning chiroyiga emas, maydon atrofidagi tartibga qarab ish tutiladi. Qanday kutib olinadi, qanday joylashtiriladi, oʻyinlar qanday muhitda oʻtadi, xavfsizlik, logistika, translyatsiya, tomoshabin oqimi qanday boshqariladi — mana shu savollarga javob topilgandagina ishonch shakllanadi. 2027-yilgi FIFA U-20 jahon chempionatini Oʻzbekiston va Ozarbayjonga ishonib topshirish qarori ana shu uzoq tekshiruvlar natijasida qabul qilindi.
Bu ishonchga sekin-astalik bilan erishildi, bir turnirdan keyin boshqasiga oʻtib, sinovdan sinovga ulanib bordi. 2023-yil mart oyida Oʻzbekiston U-20 Osiyo chempionatiga mezbonlik qildi. Bir necha shaharda oʻtkazilgan oʻyinlar tashkiliy jihatdan uzluksiz kechdi, jamoalar va rasmiylar uchun zarur sharoitlar yaratildi, musobaqa aniq jadval asosida yakunlandi. Bu tajriba futzal yoʻnalishida yanada kengroq koʻlamda sinovdan oʻtdi. 2024-yilda FIFA futzal boʻyicha jahon chempionatini yurtimizda oʻtkazish qarorini qabul qildi va mezbon shaharlar sifatida Toshkent, Buxoro va Andijon tanlandi. Turnir doirasidagi tadbirlar, oʻyinlar, tashkiliy jarayonlar Oʻzbekistonning global futbol protokollari bilan ishlashga tayyorligini koʻrsatdi. Ayniqsa, final qurʼa marosimining Samarqanddagi Registon maydonida oʻtkazilishi futbol tadbirini madaniy makon bilan uygʻunlashtirish mumkinligini namoyon etdi.
Bunday nufuzli turnirlarni qabul qilish uchun tashkilot reglamentiga mos infratuzilma yaratish masalasi ham turadi. FIFA U-20 jahon chempionati uchun belgilangan talablardan biri yarim final va final uchrashuvlarini kamida 40 ming tomoshabinni sigʻdira oladigan stadionda oʻtkazish shartidir. Shu talabdan kelib chiqib, Yangi Toshkent hududida 55 ming oʻrinli stadion qurilishi boshlandi. Ushbu loyiha aniq bir turnir ehtiyoji bilan bogʻlandi va global standartlar asosida rejalashtirildi.
Shu tariqa xalqaro ishonchning ichki mantigʻi aniq koʻrina boshladi. Avval mintaqa darajasidagi turnirlar, keyin FIFA darajasidagi musobaqa orqali global standartlar bilan ishlash tajribasi orttirildi. Endi esa yigirma yoshgacha boʻlgan futbolchilar oʻrtasidagi jahon chempionati ana shu yoʻlning mantiqiy davomiga aylanmoqda.
Mazkur sport festivaliga puxta tayyorgarlik koʻrishni nazarda tutuvchi qaror shu maʼnoda ham muhim hujjat boʻldi. Unda, avvalo, tashkiliy masʼuliyat masalasi aniqlashtirildi. Jahon chempionatiga tayyorgarlik bir necha idora zimmasiga yuklandi, vazifalar oʻzaro bogʻlangan holda taqsimlandi. Davlat boshqaruvi, sport tuzilmalari, mahalliy hokimiyat, xavfsizlik va logistika yoʻnalishlari yagona jarayonga birlashtiriladi. Bu yondashuv tayyorgarlikni butun mamlakat miqyosida muvofiqlashtiradigan harakatni talab qiladi.
Shuningdek, ushbu qaror bilan FIFA va Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasining Toshkent shahrida FIFAning Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun mintaqaviy ofisini ochish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullandi. Bu Oʻzbekiston futbolning mintaqaviy markaziga aylanib borayotganini koʻrsatadigan muhim belgidir. FIFAning Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun mintaqaviy ofisini aynan Toshkentda joylashtirish taklifini futbol boshqaruvi, tashkiliy madaniyat va institutsional tayyorlik masalasida mamlakatga bildirilgan ishonch sifatida baholash mumkin. Mintaqaviy ofisning Toshkentda faoliyat yuritishi Markaziy Osiyo hududidagi futbol jarayonlarini muvofiqlashtirish, federatsiyalar oʻrtasidagi aloqalarni kuchaytirish, FIFA dasturlari va tashabbuslarini bevosita hududda amalga oshirish imkonini beradi. Bu orqali Toshkent shunchaki mezbon shahar emas, balki mintaqaviy futbol qarorlarining muhim muhokama maydoniga aylanadi.
Qarorda infratuzilma masalalari aniq yoʻnalishga ega. Stadionlar, mashgʻulot bazalari, muhandislik va transport tizimlari turnir ehtiyojidan kelib chiqib rejalashtiriladi. Shu bilan birga, xavfsizlik va tashkiliy tartib masalalariga alohida ahamiyat qaratiladi. Jahon chempionati oʻyinlarining maydondagi jarayoni bilan birga stadion tashqarisidagi muhit ham nazoratga olinadi. Tomoshabinlar oqimi, jamoalar harakati, rasmiy delegatsiyalar bilan ishlash, translyatsiya aniq tartibga solinadi. Bunday yondashuv turnir faqat sport musobaqasi emas, murakkab ijtimoiy jarayon sifatida koʻrilayotganidan darak. Shunday qilib, qaror mazmunidan koʻrinadiki, bu masalada asosiy maqsad bir necha hafta davom etadigan musobaqani oʻtkazish bilan cheklanmaydi. Gap undan keyin ham ishlaydigan tizimni shakllantirish haqida bormoqda.
Bundan kelib chiqadiki, 2027-yilgi U-20 jahon chempionati yakunlangach, maydonlar boʻshab qolmaydi, tribunalar sukutga choʻmmaydi. Katta turnirning eng muhim savoli ham aynan shu yerda tugʻiladi: keyin-chi, keyin nima boʻladi, hammasi qanday davom etadi? Chunki haqiqiy mezbonlik musobaqa tugaganidan keyingi bosqichlarda baholanadi. Stadionlar ishlashda davom etadimi, tizim oʻz maromini yoʻqotmaydimi, yoshlar uchun ochilgan eshiklar yopilib qolmaydimi — masalaning mohiyati ana shu savollar atrofida shakllanadi.
Turnirdan keyingi eng muhim vazifa yoshlar bilan ishlash jarayonida namoyon boʻladi. Jahon chempionati davrida yuzlab yosh futbolchilar, murabbiylar, mutaxassislar global futbol muhitini bevosita koʻradi, uning talablari va surʼatini his qiladi. Bu tajriba mashgʻulot maydonlariga, futbol maktablariga, seleksiya jarayonlariga koʻchadi. Bir avlod oʻz koʻzi bilan koʻrgan darajani meʼyor sifatida qabul qiladi, keyingi avlodga ham ayni talabni qoʻyadi. Shu tarzda futbol ichida ichki standart paydo boʻladi.
Yana bir muhim jihat tashkiliy madaniyat bilan bogʻliq. Jahon chempionati davomida ishlaydigan logistika, xavfsizlik, media va servis tizimi keyinchalik boshqa yirik sport tadbirlariga ham asos boʻlib xizmat qiladi. Oʻyin kunidagi tartib umumiy boshqaruv madaniyatining bir boʻlagi sifatida qaraladi. Bu tajriba sport doirasidan chiqib, kengroq ijtimoiy maydonga ham taʼsir koʻrsatadi.
Asosiysi, bu jarayon Oʻzbekiston futbolini boshqalarga koʻz-koʻz qilish uchun amalga oshirilmayapti. U, avvalo, oʻzimiz uchun. Kelajakdagi futbolchilar, murabbiylar, muxlislar, xalqimiz — sizu biz uchun. Shu bois, bu yoʻlni bir qaror bilan boshlab, bir turnir bilan tugatib boʻlmaydi. Futbol tirik jarayon. U doim harakatda boʻlishni talab qiladi. Oʻzbekiston futboli hozir aynan shu holatda.
Asliddin ABDURAZZOQOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri