16-oktyabr kuni Oʻzbekiston Milliy matbuot markazida Mudofaa vazirligi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat tilini rivojlantirish departamenti hamkorligida “Oʻzbekiston harbiy atamashunosligi: bugungi holati va istiqbollari” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi.
21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni munosabati bilan tashkil etilgan ushbu tadbir mamlakatimizda harbiy soha va davlat tili siyosatining uygʻunligi, xususan, Istiqlol davrida harbiy atamalarni milliylashtirish boʻyicha qilingan ishlar hamda ayni kunlardagi muhim vazifalar yuzasidan fikr almashishda oʻziga xos minbar boʻldi.
Davra suhbatini Mudofaa vazirining vatanparvarlik targʻiboti, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar hamda yoshlar masalalari boʻyicha maslahatchisi Olimjon Oʻsarov olib borib, oʻz soʻzida u Davlatimiz rahbarining 2019-yil 21-oktyabrdagi Farmonida mamlakatimiz ijtimoiy hayotining barcha sohalari kabi harbiy sohada ham davlat tilining imkoniyatlaridan toʻliq va toʻgʻri foydalanishga erishish boʻyicha qator topshiriqlar belgilab berilgani, bu borada amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi rejalarga toʻxtalib oʻtdi.
Shuningdek, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Hamid Yodgorov “Istiqlol davri harbiy atamashunosligining tarixiy ildizlari” mavzusidagi maʼruzasi bilan ishtirok etdi.
Davlat tilini rivojlantirish departamenti masʼul xodimi, filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) Nodirbek Joʻraqoʻziyev esa sohada amalga oshirilayotgan metodik ishlar hamda yangilangan harbiy atamalarni amaliyotga tatbiq etish jarayonlari haqida soʻz yuritdi.
Davra suhbati yakunida harbiy atamashunoslik sohasini yanada rivojlantirish, Mudofaa vazirligi va Davlat tilini rivojlantirish departamenti hamkorlikni kengaytirish hamda davlat tilidagi harbiy atamalar lugʻati va uslubiy qoʻllanmalarni yaratish vazifalari belgilandi.