Davlat tilining ijtimoiy-siyosiy jarayondagi oʻrni

    Til bu nafaqat odamlar oʻzaro muloqot qilishi uchun vosita, balki madaniyatning eng muhim tarkibiy qismlaridan biridir.

    Tarixiy faktlarga asosan, til bir millatning xususiyatlaridan tashqari, oʻsha xalq qudratining koʻrsatkichi ham hisoblanadi. Jumladan, Rim imperiyasining – lotin tili, oradan ming yillar oʻtganiga qaramay hanuz kimyo, biologiya, farmatsevtika, huquqshunoslik va boshqa koʻplab fan tarmoqlarida asosiy terminlar sifatida uchraydi. Hozirgi kunga nazar tashlaydigan boʻlsak, 1,5 milliarddan ortiq aholi ingliz tilida muloqot qiladi. Buning sababi tarixda dastlab Buyuk Britaniya keyinchalik AQSH kabi rivojlangan davlatlarning davlat tili boʻlganligidir. Tabiiyki, qancha koʻp xorijiy fuqarolar sizning davlat tilingizda gapirsa, shuncha sizning tilingiz, davlatingiz xalqaro maydondagi oʻrni shunchalik katta boʻladi.

    Oʻz mustaqilligini tarixiy mezonlarga koʻra, yaqinda qoʻlga kiritgan Oʻzbekiston rivojlanish va demokratiya yoʻlida ulkan yutuqlarga erishmoqda, ularning ichida nafaqat iqtisodiyot va siyosatga tegishli islohotlar, balki madaniy, xususan, davlat tiliga oid islohotlar ham amalga oshirilyapti. Chunki muayyan tilning xalqaro maydondagi mavqeyini oshirishdan avval, soʻzlovchi mamlakatdagi qadrini mustahkamlashi kerak.

    Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida hukumatimiz tomonidan yuritilayotgan til siyosati ana shu tamoyilga asoslanadi. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

    “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” farmoni oʻz oldiga oʻzbek tilining jamiyat hayotidagi oʻrni va mavqeyini toʻlaqonli taʼminlash maqsadini qoʻyadi. Farmonga muvofiq:

    Davlat rahbarining aynan shu muhim topshirigʻi oʻzbek tiliga bogʻliq keyingi islohotlarga yoʻl ochib berdi.

    2020-yil 20-oktyabrda “Mamlakatimizda oʻzbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Prezident tomonidan imzolangan yana bir farmon davlat tiliga berilgan urgʻuni yanada chuqurlashtirdi. Farmonga koʻra oʻrta va oliy taʼlim muassasalari uchun oʻzbek tili fanining soatini oshirish, kerakli oʻquv lugʻat va adabiyotlar: “Oʻzbek tilining imlo lugʻati”, “Oʻzbek tili sinonimlari lugʻati”, “Oʻzbek tili sinonimlarining katta izohli lugʻati”, “Oʻzbek tili frazeologizmlarining katta izohli lugʻati”; “Oʻzbek tili omonimlari lugʻati” kabilarni nashr etish va koʻplab boshqa chora-tadbirlar talab qilindi.

    2024-yil 18-yanvarda “Xorijiy davlatlarda Oʻzbekiston tarixi va madaniyati, oʻzbek tili va adabiyotini oʻrganishni keng targʻib qilish orqali turistlar oqimini koʻpaytirish hamda mamlakatimiz nufuzini yanada oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” imzolangan farmon esa oʻzbek tilini xalqaro maydonga chiqishiga yoʻl ochdi. Unga koʻra xorijiy fuqarolar yurtimizning madaniyati, tili va tarixini oʻrganishi uchun maxsus “Oʻzbek akademiyasi” («Uzakademy») internet platformasi, Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlarda joylashgan madaniy markazlari va diplomatik vakolatxonalari huzurida oʻzbek tili kurslari yaratilishi koʻzda tutilgan.

    Oʻzbek tilining xalqaro miqyosda obroʻyi oshib, faol muloqot vositasiga aylanib bormoqda. Turli darajadagi rasmiy uchrashuv va muzokaralarda tilimiz keng qoʻllanayotgani, xorijdagi qator taʼlim dargohlarida, ilmiy muassasalarda oʻzbek tili markazlari tashkil etilib, ularda ona tilimizni oʻrganishga qiziquvchilar soni koʻpayib borayotgani buning yaqqol dalilidir. Prezidentimiz tashabbusi va harakatlari bilan oʻzbek tili nafaqat mamlakatimizda muhim oʻrinni egallayapti, balki xorijiy davlatlarda ham asta- sekinlik bilan keng miqyosda yoyilmoqda. Masalan, Rossiya Federatsiyasining mashhur oliy oʻquv yurtlaridan MDXMIda (MGIMO) 2000-yildan beri Xalqaro munosabatlar fakultetida, MDLUda (MGLU) 2010-yildan buyon, OAMI MDU (ISAA MGU) va boshqa rus universitetlarda oʻzbek tili kurslari muntazam ravishda talabalarga ikkinchi xorijiy til sifatida oʻqitilyapti.

    Bundan tashqari oʻzbek tili Gʻarb mamlakatlarida ham keng oʻrganiladi. Ularning ichiga: AQSHning Indiana shtatidagi “Indiana” universiteti Markaziy Yevrosiyo departamentida, Lyudvig-Maksimilian nomidagi Myunxen universiteti sharqshunoslik yoʻnalishida, Fransiya Respublikasining Sharq tili va tamaddunlari milliy institutida, shuningdek, dunyo boʻylab 65 ta universitetda talabalar va yozgi oromgoh qatnashuvchilari uchun oʻzbek tili kurslari faoliyat yurityapti.

    Oʻzbekiston tarixida qolgan yirik siyosiy chiqishlardan biri bu davlatimiz rahbarining BMT minbarida oʻzbek tilida nutq soʻzlagani boʻldi. 2023-yil 23-sentyabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining yetmish beshinchi yubiley sessiyasining yuqori darajadagi umumsiyosiy munozaralarida Prezidentimiz ham ishtirok etdi. Ushbu chiqishning tarixiy ahamiyati shundaki, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tashkil etilgani va unga Oʻzbekiston aʼzo boʻlib kirgandan buyon ilk bor tashkilot minbarida davlat rahbari oʻzbek tilida nutq soʻzlaydi. U kishi sessiyaning yalpi qismida soʻzga chiqib, xalqaro hamjamiyat eʼtiboriga mintaqaviy va global ahamiyatga ega dolzarb masalalar yuzasidan oʻz nuqtayi nazarini taqdim etadi. Oʻzbekistonni siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy modernizatsiya qilishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilab beradi.

    Davlat tilini rivojlantirish maqsadida respublika miqyosida ham bir qator amaliy ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Toshkent shahri va viloyatlar markazidagi jamoatchilik markazlari, idora va tashkilotlar, xizmat koʻrsatish shoxobchalarining nomi oʻzbekchaga oʻzgartirildi. Kirill alifbosidagi kitob, jurnal, darsliklar lotin alifbosi asosida qayta nashr qilindi. Oʻzbek mumtoz va zamonaviy adabiyoti namoyondalari asarlarini tarjima qilishni ragʻbatlantirish tizimi yaxshi yoʻlga qoʻyildi. Alisher Navoiy nomidagi oʻzbek tili va adabiyoti universitetida xorijliklar oʻzbek tilini puxta oʻrganishi uchun “Oʻzbek maktabi” maktabi faoliyat yuritmoqda. Davlat xizmatlari portali saytlari va ularning ilovalari lotin yozuvi asosida tuzilib foydalanishga topshirildi. Oʻzbekona madaniyatni jahonga keng targʻib qilish maqsadida sayyohlar koʻp tashrif buyuradigan shaharlarda doimiy ravishda milliy folklor namunalari boʻyicha konsert dasturlari, “Shashmaqom” milliy musiqa festivali, teatrlarda sahna asarlari namoyish etilmoqda. Xorijiy soʻzlarning oʻzlashgan qatlam soʻzlar tarkibiga kirishining oldini olish uchun Alisher Navoiy nomidagi oʻzbek tili va adabiyoti universiteti talabalari tashabbusi bilan “Oʻzbekchasi borku” loyihasi muvaffaqiyatli oʻtkazildi. Ushbu loyiha doirasida Toshkent shahridagi korxona va tashkilotlarning rasmiy va norasmiy hujjat matnlaridagi rus tilidagi soʻzlar oʻzbek tilidagi muqobiliga oʻzgartirildi. Shuningdek, koʻchalardagi joy nomlari oʻzbekcha nomga almashtirildi. Bundan tashqari oʻzbek tilining nufuzini oshirish maqsadida doimiy ravishda “Qadring baland boʻlsin, ona tilim” tanlovi oʻtkaziladi. Mazkur tanlovda “Eng yaxshi badiiy asar”, “Eng yaxshi publitsistik maqola”, “Eng yaxshi film ssenariysi” nominatsiyalari boʻyicha sinov boʻlib oʻtadi. Oʻzbek millatiga mansub yoki chet el fuqarolari tomonidan yaratilgan xorijda oʻzbek tilini targʻib qilishga qaratilgan ilmiy, badiiy, musiqiy asarlar hamda audio, video mahsulotlar tayyorlash boʻyicha konkurs oʻtkazildi. Oliy darajadagi sanʼat asarlarini yaratgan ishtirokchilar moddiy ragʻbatlantiriladi. Tanlovga taqdim etiladigan ijodiy ishlar aholi hamda yoshlarning dunyoqarashini kengaytirish, ijtimoiy faolligi va millat taqdiriga daxldorlik tuygʻusini kuchaytirish, kitobxonlik madaniyati, yozma va ogʻzaki savodxonligini oshirish, yosh avlodda oʻzbek tiliga nisbatan milliy gʻurur hissini shakllantirish, ular qalbida umuminsoniy qadriyatlarga hurmat-ehtiromni tarbiyalashga, Shuningdek, ijodiy ishlarda chet ellardagi vatandoshlarimiz va oʻzbek tilini sevuvchi xorijliklarning oʻzbek tiliga muhabbati va eʼtiborini namoyish etish, oʻzbek tilining amaldagi xalqaro mavqeyini mustahkamlashga xizmat qilishi lozim. Oʻzbek tilining amaldagi nufuzini oshirish, shu bilan birgalikda davlat tiliga oid muammolarni ham etishga keng jamoatchilikning ijodiy yondashuvini rivojlantirish; taʼlim muassasalari, davlat idoralari, mehnat jamoalarida namoyish etish hamda xalq orasida keng ommalashtirish uchun oʻzbek tili va adabiyotiga doir ijodiy ishlar jamlanmasini yaratish; iqtidorli yoshlarning ijodiy salohiyatini yuzaga chiqarish va rivojlantirish, ularning davlat tilini targʻib qiluvchi ijod namunalarini ragʻbatlantirish va ommalashtirish tanlovning asosiy maqsadlaridir. 2024-yilning 7-iyun kunida “Ziyo forum” ilm-fan va taʼlim-tarbiyani rivojlantirish xalqaro fondi tashabbusi bilan yoshlarga futbolkalar ulashilmoqda. Ularda “Bugungi ishni ertaga qoʻyma”, “Yuzga kirsang yuz yil oʻqi”, “Maqsadli boʻlgan yoʻl topar” kabi xalq donishmandligini aks ettirgan maqollar yozilgan. Inson har kuni bu hikmatlarga nazar tashlar ekan, beixtiyor uning shuuriga oʻzbekcha hikmatlar maʼnosi singib boradi. Bu esa til koʻnikmasini yuqori darajada rivojlantiradi.

    Barcha mamlakatlar ijtimoiy, siyosiy, madaniy jihatdan rivojlantiruvchi tizim ishlab chiqish uchun doimiy saʼy-harakatlar, islohotlarni amalga oshiradi. Oʻzbekiston ham muhim siyosiy jarayonlardan biri Oʻzbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatlar saylovini oʻtkazish arafasida turibdi. Xalq vakillaridan tarkib topgan siyosiy partiyalar jamiyat hayotini yoʻnaltiruvchi kuch hisoblanadi. Shu bois, partiyalarning saylovoldi dasturlari tarkibiga davlat tili nufuzini oshirish va uning xorijdagi targʻiboti masalasini ham kiritish joiz. Bu fikrimizning amaldagi tasdigʻi sifatida Milliy tiklanish demokratik partiyasi saylovoldi dasturining 2-bandi 3-qismida “Davlat tili maqomini oshirish, keng targʻib etish” rejasini aytishimiz mumkin. Afsuski, boshqa partiyalarda bu mavzu qayd etilmagan. Agar partiyalarning mazkur dasturlariga oʻzbek tilini rivojlantirish va xalqaro til darajasiga koʻtarish muammosi qoʻyilsa, oʻzbek tilining ijtimoiy-siyosiy jarayonlaridagi mavqeyi ortgan boʻlar edi.

    Bundan tashqari, Oliy taʼlim muassasalarida taʼlim grantlari sonini oshirish, xorijlik talabalar oʻqishi va ishlashi uchun sharoitlar yaratish davlat tilini yoyishga katta yordam beruvchi omillardan biridir. Xalqaro talabalar uchun grantlar ajratish orqali ularni Oʻzbekistonga jalb qilish samarali natija beradi. Bu tajribani Turkiya va Germaniya davlatlari misolida koʻrsak boʻladi. Taʼlimning birinchi yilida turk tili va nemis tili kurslari majburiy oʻqitiladi. Natijada xorijlik talabalarda oʻzbek tili orqali oʻzbekona madaniyat ham shakllanadi.

    Ijtimoiy hayotda davlat tilidan foydalanish, davlat tilini muhofaza qilish, uning qoʻllanilishini nazorat qilish hamda “Davlat tili toʻgʻrisida”gi qonun talablarini buzganlik uchun javobgarlikni taʼminlash masalalarini tartibga solish maqsadlarida koʻp mamlakatlarda davlat tili haqida maxsus qonunlar qabul qilinmoqda. Baʼzi mamlakatlarda til bilan bogʻliq masalalar konstitutsiyada oʻz ifodasini topgan. Masalan, Hindiston bosh qomusida ham maxsus moddalarda aks ettirilgan. Davlatimizda ham shu kabi til islohoti oʻtkazish maqsadga muvofiq. Xulosa oʻrnida shuni taʼkidlash kerakki, millatparvar inson sifatida barchamiz birgalikda, bir yoqadan bosh chiqarib davlat tilining manfaatlarini himoya qilishimiz, adabiy merosini asrashimiz lozim. Har bir vatandoshimiz ona tilimizning targʻiboti uchun chin dildan qaygʻurishi, uning rivojlanishiga hech qursa kichik-kichik amaliy harakatlar bilan hissa qoʻshishi kerak. Zero, davlat tili nufuzining ortishi millat taraqqiyoti garovidir.

    Muxlisa Sadullayeva,

    Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti

    Oʻzbek va rus tillari kafedrasi oʻqituvchisi,

    Islomov Bositxon,

    Xalqaro munosabatlar fakulteti

    2-bosqich talabasi.