Millatning maʼnaviy timsoli

    Tilning barhayotligi, shubhasiz, uning harakatlantiruvchi kuchi boʻlgan insonlarga bogʻliq. Hozir katta bir oilani birlashtirib turgan oʻzbek tilida soʻzlashuvchilarning 60 millionga yaqin ekani ham uning xalqaro maydondagi darajasini belgilaydi.

    Til har bir xalqning oʻzlik bulogʻidir. unda xalq boshidan kechirgan voqea va hodisalar jamlangan. Hozirgi kunda ona yer bagʻrida 8 milliard odam, turli millat vakillari yashaydi. Yaqin-yaqingacha ular 7-8 mingta tilda gaplashgan. Bugun mavjud tillar soni 6 mingga qadar tushib ketgan. Achinarlisi, bu tillarning 90 foizi yoʻqolib ketish arafasida.

    Yuqoridagi raqamlarga eʼtibor bersak, uning ortida atom bombasi taʼsiridan qolishmaydigan darajadagi tanazzul yotibdi. Yaʼni bir necha ming xalq oʻz soʻzlashish zabonidan ayrilgan. Taniqli adib Pirimqul Qodirov “har bir xalqning ona tili vatanning maʼnaviy timsoli hisoblanadi. Demak, tilidan ayrilgan xalq maʼnaviy vatanidan judo boʻladi”, deya juda toʻgʻri fikrni ilgari surgan edi. Agar millatning maʼnaviy qiyofasi boʻlmasa, bu oʻz-oʻzidan xalqning qadriyatlarini ushlab turgan ustunning qulashidir. Yaʼni yuqorida raqamlar qanchadan qancha xalqlar maʼnaviy qiyofasi yoxud oʻzligidan ayrilganini bildiradi. Tasavvur qiling-a, millat bor-u, uning bolasi boshqa tilda alla eshitadi. Ruhi boshqa millatning dunyoqarashi bilan kamol topadi…

    Befarqlik — illatlarning bosh omili

    Bugungi shiddatli davr har bir millatdoshimizga masʼuliyat yuklash bilan birga bir musht boʻlib kurashishni ham talab qilmoqda. Ayniqsa, elning borligi va birligi ramzi boʻlmish til masalasida. Ona tilimizga davlat tili maqomi berilganda xalqimiz haqli ravishda quvongan. “Men oʻzbekman, oʻzimga bekman”, deya oʻz ona tilida erkin gapira olmay, vatan ozodligi, tilning sobitligi uchun jon olib, jon berganlarning ruhi shod boʻldi. Ammo oradan yillar oʻtib, tilning barhayotligi faqat qarorlarga bogʻliq emasligini anglab bormoqdamiz.

    Til rivoji davlatning iqtisodiy qudratiga ham bogʻliq. Bugun yuqori sanoatlashgan davlatlar nafaqat iqtisodiy taʼsir kuchi, balki buning ortidan tili va boshqa qadriyatlarini xalqaro maydonda yoyishga bor kuchi bilan harakat qilmoqda. Afsuski, buning taʼsir koʻlami yurtimizda ham, yosh avlod dunyo qarashida ham sezila boshladi.

    Birgina poytaxtimiz koʻchalarini kuzata turib, bu yurt qaysi millatga tegishli ekanini bilish qiyin. Har qadamda uchraydigan tadbirkorlik qoʻnalgʻalarining peshtaxtalariga ilib qoʻyilgan ajnabiy soʻzlarni koʻrib koʻzimiz toʻydi, eshitaverib qulogʻimiz oʻrgandi. Yomoni, oʻsha doʻkonda yoki boshqa sanoat sohasida ishlayotgan insonlarning aksariyati peshtaxtaga yozilgan soʻzning maʼnosini bilmaydi. Yilda bir-ikki bora xorijlik mehmon u tadbirkorlik obyektiga kiradimi yoki yoʻq, nom xorijniki. Bunga shunchaki befarqlik deya qarash kerakmi? “Nom qoʻygan bilan hech narsa oʻzgarib qolmaydi, muhimi, ona tilimiz qalbimizda boʻlishi”, deydigan “vatanparvar”lar ham topilishidan ajablanasan.

    Insonning komilligi, shaxsligi ortida toza ruh yotadi. Bu ruhni soʻz yuksaltiradi. Beshikda yotgan bolaning ruhi soʻz bilan ulugʻlanadi. Bir kun kelib, u soʻz orqali ota-onani, ogʻa-inini taniydi, oila degan muqaddas qoʻrgʻonning himoyachisiga aylanadi. Millatning qanotiga aylanib, vatanning erku ozodligi yoʻlida belini mahkam bogʻlaydi. Yaʼni bir insonning oʻzini, oʻzligini tanishi yoʻlidagi yagona koʻprik — ona tili. Uning yoʻqolishi millatning mustaqilligini, elning borligini soʻroq ostiga oladi. Bunday masalalar yechimi esa, albatta, qonuniy asosni talab etadi.

    Eng muqaddas burch

    Prezidentimizning 2020-yil 20-oktyabrdagi “Mamlakatimizda oʻzbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni davlat tiliga oid masalalarni tizimli hal etishga xizmat qilmoqda. Farmon bilan 2020-2030-yillarda oʻzbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi tasdiqlangan. Davlat tilini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari belgilab berilgan. Bugungi kunda 350 dan ortiq vazirlik, idora va mahalliy davlat hokimiyati organida rahbarning davlat tili masalalari boʻyicha maslahatchisi lavozimi joriy etildi.

    Eʼtibor bersak, chekka viloyatlarda eski tuzumdan qolgan nomlar juda koʻp uchraydi. Ayni damda til maslahatchilari tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda oʻtgan davrda 100 mingdan ortiq geografik obyektning nomi belgilangan tartibda davlat reyestriga kiritildi.

    Tilning barhayotligini taʼminlaydigan asosiy omillardan biri savodxonlik darajasidir. Bugun nafaqat oʻzaro yozishmalarda, balki mahalliy tashkilotlar va idoralarda yuritiladigan xat-hujjatlarda xatolar koʻpligi koʻzga tashlanadi. Achinarlisi, ularning bir qismi hamon davlat tilida yuritilmayotgani odamni oʻylantiradi.

    Shuningdek, koʻchalarda berilayotgan eʼlonlarning aksarida xatolar uchrashi ham odatiy hol boʻlib qoldi. Albatta, bunga qarshi choralar koʻrilmoqda. Masalan, soʻnggi vaqtlarda hududlardagi 150 mingdan ortiq tashqi yozuv davlat tili va reklama toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiqlashtirilgan.

    Ona tilimizning qoʻllanishini zamon talablariga hamqadam qilishimiz, shuningdek, oʻzbek tilida internetdan toʻliq foydalanish imkoniyatini yaratish kerak. Buning uchun, avvalo, boshqa tillardan oʻzbek tiliga tarjima qiladigan elektron tizimlar, lugʻatlar yaratishimiz zarur. Shuningdek, dunyo miqyosidagi zamonaviy fanlarga doir ilmiy asarlarni oʻzbek tiliga tarjima qilishimiz kerak. Bu borada ham haminqadar ishlanmoqda. Misol uchun, Oʻzbek tilini rivojlantirish jamgʻarmasi tomonidan 2020-2024-yillarda 58 nomda 152 ming nusxadan ortiq sohaviy lugʻat va qoʻllanma chop etildi.

    Davlat tilini raqamlashtirish borasida muayyan ishlar qilindi. Masalan, “Oʻzbek tili izohli lugʻati”ning veb-sayti — izohli.uz yaratildi. Oʻzbekcha matnlarni tahrir qilish hamda ularni lotin va kirill yozuviga oʻgirish, soʻzlarning lugʻaviy maʼnosini koʻrsatishga moʻljallangan tahrirlovchi.uz elektron dasturi ishga tushirildi.

    Ona tili umummillat mulkidir

    35-yil kam muddat emas. Bu fursatda tilimizning grammatik qoidalari shakllantirildi. Shu bilan birga, hal qilinishi zarur masalalar ham bor. Shulardan biri oʻzbek tilini ilm tiliga aylantirishdir. Aksariyat ilmiy ishlar, maqola va dissertatsiyalar oʻzbek tilida yozilayotgani quvonarli hol. Ammo elakni suvdan koʻtarib, atrofga real koʻz bilan qarasak, bu boradagi ishlar talaygina ekaniga guvoh boʻlamiz. ayrim ilmiy ishlar hamon xorijiy tillarda yozilib, oʻsha tilda himoya qilinmoqda. Ehtimol, olim dunyo miqyosidagi eng dolzarb mavzuda ilmiy ish yoqlagandir. Ammo oʻz tilining ahamiyatini bilmay turib, bu mavzuning insoniyat uchun muhimligini qanday tushuntiradi? Pasportiga “oʻzbek” deya yozib qoʻyilganini ular shu yoʻl bilan isbotlayaptimi? Xoʻsh, uning oʻz tilida yozmasligiga nima xalaqit bermoqda?

    Shu oʻrinda Erkin Vohidovning soʻzlari yodga keladi: “Ona tili umummillat mulkidir, demak, til oldidagi masʼuliyat ham umummilliy. Men oʻzbekman degan har bir inson oʻzbek tili uchun qaygʻurmogʻi kerak. Unutilgan soʻzlarni tiklash, borini boyitib borish, xorijiy atamalarga munosib istilohlar topish yolgʻiz tilshunoslarning emas, millatning ishidir. Eski tuzum barbod boʻldi. ostanovka turganda bekat, rayon turganda tuman, vilka turganda sanchqi deyishga nima bor, deguvchilarning davri oʻtdi”.

    Tilning ham uvoli bor, deyishadi. Bugun ajnabiy soʻzlar hayotimizning ajralmas qismiga aylanib borayotganini koʻrib mum tishlab oʻtirsak, yosh avlodni qanday qilib ona tilimizga hurmat ruhida tarbiyalaymiz?!

    Shu oʻrinda bir masalaga toʻxtalsak. Tilimiz, mazkur mavzu atrofidagi masalalar haqida koʻp gapirilmoqda. Hatto bu borada qonunlar qabul qilinmoqda. Lekin har kim oʻz-oʻziga savol berib koʻrsin-chi: tilimizni kimdan muhofaza qilyapmiz? ona tilida oʻzaro muloqotda shevada gapirishdan faxr tuyadigan millatdoshdanmi yoki ijtimoiy tarmoqlardagi yozishmalarda savodxonlikning koʻchasidan oʻtmagan, xorijiy tilni oʻrganib, oʻzga davlatga ketish maqsadida oʻzbek tilida gaplashishdan iymanadigan yoshlardanmi? yoki xat-savodsiz ham yashash mumkinligini isbotlashga urinayotgan insonlardanmi?

    Til oʻrganish yaxshi. Bejiz ulugʻlar “ish bilganga bir tanga, til bilganga ming tanga”, demagan. Boshqa davlatlarning yutugʻini oʻsha tilda oʻrganish shaxs kamoloti yoʻlida katta vazifani oʻtaydi. Ammo buni oʻz tilimizni oyoqosti qilish bilan amalga oshirish kerak emas.

    Til himoyasi bir kishining qoʻlidan kelmaydi! Unga shu millatga mansub barcha insonlar birdek masʼul. Uni himoya qilish uchun tilshunos boʻlish ham shart emas. Har bir ota-ona farzandida oʻz ona tili haqidagi tasavvurlarni toʻgʻri shakllantirib, unga ona tiliga boʻlgan toza ruhni singdirishi eng muqaddas burch.

    Bugun tilimiz borasida qilinayotgan ishlar samarasi odamni quvontiradi, albatta. Shu bilan birga, har bir inson bu yoʻlda yeng shimarib kelajak uchun harakat qilishi zarur. Biz tilimizga achinib qaramay, balki undan faxrlanish tuygʻusini his etib yashashimiz kerak.


    Sardor TOLLIBOYEV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

    

    “Yangi Oʻzbekiston“ gazetasining 212-sonida (2024-yil 19-oktyabr) chop etilgan.