Poytaxtimizda Qoraqalpogʻiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni qabul qilinganligining 35-yillik bayram tadbiri boʻlib oʻtdi

    Dastlab Adiblar xiyobonida qad rostlagan qoraqalpoq maʼrifatparvar shoiri Berdaq poyiga gul qoʻyib, shoir ijodidan sheʼrlar ijro etildi.

    Oʻzbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid haykal poyida yigʻilganlarga bayram tabrigini yoʻlladi.

    Shundan soʻng asosiy bayram tadbiri Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi majlislar zalida davom etdi. Unda yozuvchi va shoirlar, olimlar, keng jamoatchilik vakillari qatnashdi. Tadbirda Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayid, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat tilini rivojlantirish departamenti rahbari Nodirjon Xolboʻtayev, Yozuvchilar uyushmasi raisining ijodiy masalalar boʻyicha birinchi oʻrinbosari Minhojiddin Mirzo, filologiya fanlari doktori, professorlar – Perdaboy Najimov, Nizomiddin Mahmudov, Bahodir Karimov tadbirda nutq soʻzlab, qoraqalpoq tilining boy tarixi, adabiyotining oʻziga xos yutuqlari, badiiy saviyasi haqida fikr bildirdi.

    Qoraqalpoq tilida yangragan kuy-qoʻshiqlar yigʻilganlar koʻngliga bayram shukuhini baxsh etdi.

    Qoraqalpoq tili — turkiy tillarning qipchoq guruhiga mansub tillardan; qozoq va noʻgʻay tillari bilan birgalikda qipchoq tillarining qipchoq-noʻgʻay guruhchasini tashkil etadi. Asosan, Qoraqalpogʻistonda, shuningdek, Xorazm, Navoiy, Buxoro viloyatlari hamda Qozogʻiston va Turkmanistonning unga qoʻshni hududlarida, Rossiya federatsiyasi va Afgʻonistonda tarqalgan.

    1989-yil 1-dekabr – Qoraqalpogʻiston tarixidagi muhim sanalardan biri. Ayni shu kuni Qoraqalpoq tiliga davlat tili maqomi berilgan.

    Maʼlumot uchun, qoraqalpoq yozuvi ham xuddi oʻzbek yozuvi kabi bir necha bosqichlarni boshidan oʻtkazgan. U 1928-yilgacha arab alifbosi asosida yozilgan boʻlsa, keyin lotin alifbosiga oʻtdi. 1940-yilda kirill yozuviga, 1994-yilda esa yana lotin alifbosini qabul qilgan.

    Bugungi kunda qoraqalpoq tilini yanada boyitishga davlat siyosati darajasida eʼtibor qaratilmoqda.

    Xususan, qoraqalpoq tilidagi yangi darsliklar bilan qoʻllanmalar, badiiy kitoblar nashrdan chiqarilayotgani, ilmiy anjumanlar va boshqa tadbirlarning tashkil etilayotgani, Ibroyim Yusupov nomidagi qoraqalpoq tili va adabiyoti fanini chuqur oʻrgatishga ixtisoslashgan ijod maktabining ochilganini qayd etish mumkin. Adiblar xiyobonida qoraqalpoq shoir va yozuvchilarining haykallari oʻrnatilishi shular jumlasidandir.