Ona tilimizning “tili” boʻlganda yoxud unga xiyonat qilmoq xayrli bitmas

    Baʼzida oʻylab qoladi odam, bizning qadriyatlarga munosabatimiz lov etib yonib, soʻngra oʻchgan olovga oʻxshaydi. Ahyon-ahyonda biyron soʻzlab maqtaymiz-u, yana jim boʻlib ketamiz. Lekin ona tilining qadr-qimmati masalasida bunday munosabat qimmatga tushmasmikin?

    Hademay mamlakatimizda Oʻzbek tili bayrami keng nishonlanadi. Uning arafasida xuddi erta bahor oldidan oʻt-maysalar nish ura boshlagani kabi til jonkuyarlariga ham “til kiradi”. Ijtimoiy tarmoqlarda oʻzbek tilining maqomi haqidagi maqolalar, ajnabiy soʻzlarning koʻpayib borayotgani-yu, butunlay “ovroʻpolashib” ketayotgan doʻkonlar, umumiy ovqatlanish shoxobchalari nomlari... Ayniqsa, oʻzbek tilini rivojlantirishga masʼul davlat tashkilotlarining tadbirlari, bayramlari koʻpaygandan koʻpayadi. Maktablarda ham oʻzbek tili haqidagi hikmatlar yozilgan devoriy suratlar chop ettirilib, bolalarga ona tili haqida sheʼrlar yodlatiladi. Oliygohlar esa ijtimoiy loyihalar tashkillashtirib, odamlarga til bayramini eslatishga harakat qiladi. Agar ona tilimizning “tili” boʻlganda bunday eʼtibordan yuragi hapriqib, tinmay rahmat aytgan boʻlardi, nazarimizda. Lekin bularning aksariyati bayram oʻtguncha ekanini u qayerdan bilsin?!

    Baʼzida oʻylab qoladi odam, bizning qadriyatlarga munosabatimiz lov etib yonib, soʻngra oʻchgan olovga oʻxshaydi. Ahyon-ahyonda biyron soʻzlab maqtaymiz-u, yana jim boʻlib ketamiz. Lekin ona tilining qadr-qimmati masalasida bunday munosabat qimmatga tushmasmikin?

    Bir qarashda, til shunchaki kishilar orasidagi muloqot vositasi. Biroq uning bashariyat, millatlar taqdiridagi ulkan ahamiyatiga sinchiklab nazar solar ekansiz, til shunchaki vosita emasligiga amin boʻlasiz. Millatlarning jipslashuvi, taraqqiyotga erishuvida til muhim markaz vazifasini oʻtab kelgan. Sababi, har qanday qalbga yoʻl dastavval til yordamida ochiladi. Tillar qancha qadimiy boʻlsa, uning quvvati, taʼsir qilish mexanizmi shunchalik yuqori boʻladi. Shukrki, ona tilimiz ana shunday quvvatli tillar sirasiga kiradi.

    Olimlar ona tilimizning rivojlanish tarixini uch bosqichga boʻlgan: qadimgi turkiy, qadimgi oʻzbek va zamonaviy oʻzbek tili davrlari.

    Birinchisi — qadimgi turkiy til. Ushbu bosqich V-XI asrlarni qamrab oladi. Bu davrda turklar Sirdaryo, Amudaryo va Zarafshon qirgʻoqlari boʻylab hind-eron qabilalarini asta-sekin chiqarib yuborgan. Aloqa vositasi qadimgi turkiy til boʻlib, uning asosida keyinchalik koʻplab Osiyo tillari paydo boʻlgan. Bugungi kunda qadimgi turkiy yozuvning faqat oʻsha davrga tegishli madaniy yodgorliklarda tasvirlangan qismlari mavjud.

    Keyingisi – qadimgi oʻzbek tili. Mazkur bosqich XI-XIX asrlarga toʻgʻri keladi. Shu vaqt ichida oʻzbek tili koʻplab qoʻshni tillar taʼsirida rivojlandi. Birlashgan va rivojlangan adabiy tilni yaratgan Alisher Navoiy tilning shakllanishiga ulkan hissa qoʻshdi. Bu shaklda u XIX asrning oxirigacha oʻzgarishsiz ishlatilgan.

    Nihoyat – hozirgi oʻzbek tili. XX asrda zamonaviy oʻzbek tilining shakllanishi boshlandi. Fargʻona lahjasi uning asosini tashkil etadi. Adabiy til normalari yanada demokratlashdi, bu esa uni ancha soddalashtirdi.

    Demak, manbalarga asoslansak, tilimizning shartli tarixi oʻn besh asrdan ziyod. Bu esa uni asrash masʼuliyati naqadar ulkan ekanini anglatadi. Xoʻsh, bu masʼuliyatni qanchalik uddalayapmiz? Bizdan keyingi avlodga uni bekamu koʻst yetkazib bera olamizmi, oʻzi bu haqida oʻylab koʻramizmi?

    Bir safar til muhokamasiga bagʻishlangan davrada shu savol oʻrtaga tashlandi: Nega biz soʻzlashuv jarayonida koʻp soʻzlarning oʻzbekcha muqobilini bilgan holda ajnabiy shakllarini ishlatamiz? Nega tilimizni alishtiryapmiz? Javoblar turlicha boʻldi. Biroq barchasida yakuniy xulosa oiladagi muhit hamda boshlangʻich taʼlimga borib taqalgani meni oʻylantirib qoʻygan edi. Rostan ham oʻzbekona oilada ona tilimizga jiddiy eʼtibor qaratamizmi? Farzand esini taniy boshlaganidanoq unga til oʻrgan, til oʻrganmasang, hech kim boʻlolmaysan, uning bolasini qara, buning bolasini qara, deb “yengil zarbalar” berishni boshlaymiz. Lekin men shu paytgacha farzandidan “Bolam, oʻz ona tilingni qanchalik bilasan?” deya soʻragan ota-onani koʻrmadim yoki eshitmadim. Nega, chunki biz oʻz ona tilimizga kelajakda muvaffaqiyat keltiradigan bilim sifatida qaramaymiz.

    “Ha, til bilsa, yaxshi ishlarga joylashadi”, “Ha, til bilsa, maoshiga qoʻshib beriladi”, “Ha, til bilsa, dunyo kezadi”... Eh-he, oʻzimiz uchun yasab olgan “sabab”larning qatori ancha uzun. Ona tilini bilmasa-chi? Inson ona tilini unutsa, undan uyalsa nima boʻladi? Maoshini kamaytirishadimi, ishga olishmaydimi? Yoki chet elga xizmat safarlariga yuborishmaydimi? Afsuski, mamlakatimizdagi kadrlar tizimida bu hol koʻp uchrayotir. Hozir ham aksariyat davlat va nodavlat tashkilotlarining ishga qabul qilish talablarining bir burchagida “nomzodlar falonchi tilni bilishi shart” degan talab turadi. Qizigʻi, oʻsha lavozimlarning majburiyatlari bilan batafsil tanishib chiqsangiz, xorijiy tilni bilishga oid yerini izlab topa olmaysiz. Ruxsat bersangiz, aytib ketay – bu men uchun jamiyatimizdagi eng tushunarsiz holatlar qatorida eng oldingi oʻrinlarda turadi.

    Bir gal xorijdagi taniqli universitetlardan birini tamomlab kelgan tanishim nufuzli davlat tashkilotiga ishga kirish uchun suhbatga chaqirilgani, barcha bosqichlardan muvaffaqiyatli oʻtgani, biroq rus tilini yaxshi bilmasligi tufayli “yiqilgani” haqida aytib bergandi. Achinarlisi, uning kasbi dasturchilik edi hamda dasturlash uchun eng asosiy til hisoblangan ingliz tilida bekamu koʻst muloqot qila olardi. Tanishim oxir-oqibat oʻziga munosib ish topa olmagani uchun yana xorijga qaytib ketdi. Koʻrdingizmi, bir qarashda shunchaki gʻalati tuyuladigan bu “anʼana” kelajagimiz egalari uchun qanday fojiaga sabab boʻlishi mumkin. Aslida bunday holatga duch kelgan tanishlar hammamizda keragidan ortiq topiladi.

    Aynan kadrlar siyosatidagi bu jihat tufayli ota-onalar farzandini xorijiy tilga oʻqitiladigan bogʻchalarga bergisi keladi, toʻla xorijiy tilda oʻqitiladigan maktablarda oʻqitishni istaydi. Axir qaysi ota-ona oʻz farzandi kelajakda til bilmasligi tufayli ishga kira olmay, qiynalib yurishini istaydi?!

    Pichoqni avval oʻzingga ur, ogʻrimasa boshqalarga, deganlaridek, televizorda, gazeta-jurnallarda til haqida uzundan uzun maʼruzalar qiladigan aksariyat ziyoli insonlar ham farzandini xorijiy tilli maktablarda oʻqitayotganini koʻrib yoki eshitib esa tilni asrash borasida immunitetimiz hali ancha nimjonligi haqida oʻylab qolgandim. Bu xuddi ancha oldin eshitganim bir hikoyani eslatadi. Qadimda bir faylasuf yashab oʻtgan ekan. Uning shogirdlari koʻp boʻlib, taʼlim olish uchun hatto qoʻshni mamlakatlardan ham izlab kelarkan. Faylasuf shogirdlarini, asosan, toʻgʻrilikka chorlar, zararli odatlarni yoʻqotishga daʼvat qilardi. Shogirdlar esa bu tarbiyaga qatʼiy amal qilib, ustozi kabi umr kechirishga intilardi. Kunlarning birida uch-toʻrt musofir shogird qoq yarim tunda faylasuf mast ahvolda uyga qaytayotganiga guvoh boʻlib qolibdi. Tabiiyki, faylasufni savolga koʻmib tashlashibdi. Faylasuf esa ularga “aytganimni qilinglar-u, qilganimni qilmanglar”, deb javob bergan ekan. Shundan keyin ustozidan ixlosi qaytgan shogirdlar oʻz yurtiga qaytib ketibdi.

    Darhaqiqat, bugun til borasida jon kuydirayotgan koʻpchiligimizda ahvol shunday. Yaʼni tilga eʼtiborsizlik jamiyatning eng quyi boʻgʻinlaridan boshlanib keladi. Bunday vaziyatda ayrim olimlarning oʻzbek tili ravnaqini oshirish borasidagi takliflari samara berishiga ham shubha bilan qaraysan kishi.

    Ularga koʻra, oʻzbek tilining obroʻsini oshirish uchun maktablarda ona tili va adabiyot fanlari uchun ajratilgan soatlarni koʻpaytirish, oliygohlarda ayni sohadagi yoʻnalishlarga qabul kvotalarini oshirish, xorijiy mamlakatlarda oʻzbek tilini targʻib qiluvchi markazlar tashkil qilish, shuningdek, oʻzbek tilida jahonga mashhur boʻlishga loyiq asarlar yozilishi kerak. Biroq bu olamshumul vazifalar amalga oshirilsa-yu, mamlakatning oʻzida ona tilining qadri haminqadar boʻlsa, kimga ne naf?!

    Nima qilish kerak? Albatta, muhokama bor yerda taklif ham boʻlishi lozim. Biroq tilning qadri bir kunda yoki bir oyda yuksalib qolmaydi. Darhaqiqat, beshikdagi bolaga ona tiliga muhabbatni singdira boshlasangiz, u kelajakda tiliga xiyonat qilmaydigan boʻlib voyaga yetishi mumkin. “Eh-he, bunga juda koʻp yillar kerak boʻlarkan-ku”, deb oʻylashingiz mumkin. Ammo beshikdagi bolaga ham tilga muhabbatni singdirish uchun insonning oʻzi-da ona tilini sevishi kerak. Xullas, bu xususiyat har birimizning oʻzimizda boʻlmas ekan, tilimizni boshqa tillarga “alishtirib” yashashda davom etaveramiz.

    Ancha ilgari amakimga bozordan telefon olib kelib berdim. Yangi telefon boʻlgani bois, dastlabki sozlamalarni tartibga solish talab qiladi. Sozlamalar orasida qurilma tilini tanlash ham bor. Amakimdan “qaysi tilni tanlay”, deb yuzlandim, u “oʻzbek tilisi ham bormi?” deb soʻradi. Ha, dedim. Shunda amakim “Bor boʻlsa, oʻylab oʻtirmasdan, oʻzbek tilini tanla, bor imkoniyatdan foydalanish kerak”, degandi. Oddiygina kechgan suhbat xayolimda xuddi manguga muhrlanib qolganday boʻldi. Ayrim amaldorlarning, el tanigan insonlarning oʻz xalqi oldida ona tili qolib, boshqa tilda gapirishiga guvoh boʻlsam, har gal amakimning oʻsha gapi yodimga tushaveradi – nega ona tilimiz bor boʻla turib, undan foydalanmaymiz?!

    Bir anjumanda tushlik payti oʻzbek tilini ancha yaxshi oʻrgangan koreys ayol bilan yonma-yon oʻtirib qoldik. Oʻzbek tilini adabiy shaklda oʻrgangan boʻlsa kerak, deb undan sanchqini uzatib yuborishni iltimos qildim. U tushunmadi chogʻi, “vilkani uzatib yuboring, iltimos”, deb takrorladim. Uzatarkan, “bu sanchqi deyiladimi oʻzbek tilida?” deb hayron boʻlib soʻradi. Biroz oʻylanib, nega shunday chiroyli nomi bor ekan, begona tildagi “vilka” soʻzini ishlatasizlar, dedi.

    Hozir oʻylayman, agar oʻsha koreys ayol oʻzbekcha muqobili bor minglab soʻzlarimiz oʻrniga ajnabiy soʻzlarni ishlatishimizni bilsa... Axir har qadamda, har soatda, har davrada tilimizga muttasil xiyonat qilayotgan bizdek millat yana qayda bor? Ona tilimiz bu xiyonatimizni yuzimizga sola olmaydi, sababi uning “tili yoʻq”. Bunday vaziyatda uning asta-sekin nurab, kamayib, yoʻqolib borishdan boshqa chorasi qolmaydi.

    Tilimizning bilinmasdek tuyulayotgan bu tanazzuliga befarq qarab turmaylik. Axir u “ona” nisbati berilgan juda kam sonli neʼmatlardan biri. Ona inson uchun qanchalik kerak boʻlsa, til ham millat uchun shuncha muhim. Shunday ekan, ona tilimizning navbatdagi shodiyonasi oldidan har birimiz oʻzimizga zarur xulosalar chiqara olishimizdan umidvormiz.


    Jonibek ALIJONOV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

    

    Maqola “YangiOʻzbekiston“ gazetasining 211-sonida (2024-yil 18-oktyabr) chopetilgan.