Jumladan, xotin-qizlar oʻrtasidagi mintaqaviy hamkorlikning samarali mexanizmi sifatida Muloqotni yanada rivojlantirish maqsadida Muloqot shafeligida quyidagi ixtisoslashtirilgan platformalarni yaratish taklif etildi.

Biznes-hamkorlik platformasi. 2021-yilda bu yoʻnalishda bir qancha biznes-forumlar, bir qator B2B uchrashuvlar oʻtkazish va Markaziy Osiyo tadbirkor ayollarining muhokama klubini tashkil etish orqali muvaffaqiyatli ishlar boshlandi.

Fuqarolik jamiyati tashkilotlari darajasida oʻzaro hamkorlik platformasi. Yaqinda fuqarolik jamiyati tashkilotlari ishtirokida oʻtkazilgan mintaqaviy forum ushbu masalaning dolzarbligini koʻrsatdi. Mamlakatlarimizda fuqarolik jamiyati institutlari oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va rivojlantirishga katta qiziqish va ehtiyoj bor. Ular oʻzaro muloqot qilib, muntazam fikr almashib, oʻz salohiyatini sezilarli darajada oshirib, Markaziy Osiyo mamlakatlari va jamiyatlaridagi ayollar bilan bogʻliq dolzarb muammolarni hal etish boʻyicha oʻz qarashlari, taklif va tavsiyalarini yuqori siyosiy mansabdor ayollarga yetkaza oladi.

Yoshlar hamkorlik platformasi. Yaqinda Muloqot shafeligida Markaziy Osiyo davlatlaridan kelgan qizlar uchun yetakchilik, murabbiylik va gender tenglik boʻyicha oʻquv mashgʻuloti yigʻini oʻtkazildi. Natijada mashgʻulot ishtirokchilari tomonidan Murojaatnoma qabul qilinib, unda bunday tadbirlarni muntazam oʻtkazib turishni koʻrib chiqish taklifi bildirildi. Bunday platforma juda dolzarb boʻlib, kelajakdagi yetakchi ayollarimizni bir-biriga yaqinlashtirishga xizmat qiladi.

Olima ayollar va ilmiy tadqiqotchilar oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik platformasi.

Maʼlumki, Markaziy Osiyo mamlakatlarida iqtisodiyotni raqamlashtirish, ilm-fan, ilgʻor axborot texnologiyalari va bilim talab qiladigan sohalarda xotin-qizlarning salohiyatini roʻyobga chiqarish, innovatsion loyihalarda ular ishtirokini qoʻllab-quvvatlash dolzarb vazifalardandir. Shu nuqtayi nazardan bunday hamkorlik platformasining yaratilishi mintaqadagi olima ayollarning bir-biriga yaqinlashishiga, ularning hududiy tashabbuslarini ilgari surishiga xizmat qiladi.

Oʻz-oʻzidan ayonki, bunday platformalarni yaratish va tashkil etish insoniy, tashkiliy va katta moliyaviy resurslarni talab qiladi.

Shu maʼnoda Oliy Majlis Senati Raisi, Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqoti tashkiloti raisi T.Narbayeva ushbu vazifalarni amalga oshirishda hukumatlar va xalqaro hamkorlar, shu jumladan BMTning asosiy agentliklari va boshqa xalqaro tashkilotlar koʻmagini olish juda muhim ekanini taʼkidladi.

Oʻzbekiston tomoni bildirgan yuqoridagi barcha vazifa va rejalarning amalda tatbiq etilishi, shubhasiz, Markaziy Osiyoda gender tenglik hamda ayollar va qizlarning huquqlarini kengaytirish sohasidagi taraqqiyotga kuchli turtki boʻladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.