U joriy yilda “Murakkab dunyoda barqaror rivojlanish” umumiy shiori ostida oʻtkazilyapti.

Yigʻilishning kun tartibidagi savollarga muvofiq, 25-26-sentyabr kunlari “Infratuzilma sohasida investitsiyalar yetishmovchiligini bartaraf etishda xalqaro moliya institutlarining roli” va “Markaziy Osiyoning suv-energetika muammosi: Oʻzbekistonda barqaror rivojlanishni taʼminlash” mavzularida sessiyalar boʻlib oʻtdi.

Bundan tashqari, Bank Boshqaruvchilari oʻrtasida biznes-sessiya boʻlib oʻtdi, unda Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri, Oʻzbekiston Respublikasidan OIIB Boshqaruvchisi Laziz Kudratov ishtirokchilarni Oʻzbekistonda investitsiya va tadbirkorlik faoliyati uchun yaratilgan qulay sharoitlar, joriy etilgan imtiyoz va preferensiyalar, shuningdek, mamlakatimizda konstitutsiyaviy darajada oʻrnatilgan investorlar huquqlarining kafolatlari bilan batafsil tanishtirdi.

Shu bilan birga, hamkorlikni yanada kengaytirish boʻyicha qator konstruktiv takliflar bildirildi. Xususan, davlat va xususiy loyihalarini moliyalashtirish hajmini oshirish, taʼlim va inson kapitalini rivojlantirish sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, Oʻzbekiston orqali oʻtuvchi xalqaro transport yoʻlaklarini yaratish boʻyicha loyihalarni moliyalashtirish taklif etildi.

Oʻzbekiston Respublikasining Bankning navbatdagi Yillik yigʻilishini 2024-yil 25-26-sentyabr kunlari Samarqand shahrida oʻtkazish boʻyicha taklifini maʼqullash toʻgʻrisida OIIB Boshqaruv kengashining qabul qilgan qarori yigʻilishning asosiy masalalaridan biri boʻldi.

Ovoz berish natijalariga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi vakili Laziz Kudratov OIIB Boshqaruv kengashi raisi etib saylandi.

— “Bank Kengashi Bankning navbatdagi yillik yigʻilishini Samarqand shahrida oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilganidan chin dildan xursandman. Oʻzbekiston bunday tadbirlarni xalqaro miqyosda oʻtkazish boʻyicha katta tajribaga ega va tadbirimiz yuqori saviyada oʻtishiga ishonaman” – deydi OIIB Prezidenti Sin Lisyun.

Tadbir doirasida respublikaning sarmoyaviy va sayyohlik salohiyatini yaqqol namoyish etuvchi Oʻzbekiston milliy stendi tashkil etildi.

Tadbir davomida Laziz Kudratov Osiyo infratuzilmaviy investitsiya banki rahbariyati bilan uchrashdi.

Tomonlar energetika, infratuzilmani rivojlantirish, transport va tibbiyot kabi yoʻnalishlarda umumiy qiymati 2,4 milliard dollardan ortiq boʻlgan 13 ta loyihani oʻz ichiga olgan OIIBning Oʻzbekistondagi joriy investitsiyaviy faoliyati oʻsishining ijobiy dinamikasini olqishladilar.

Bank rahbariyati Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan maʼmuriy islohotlarni yuqori baholadi va OIIB mamlakatimiz bilan hamkorlik koʻlamini yanada kengaytirish boʻyicha ishlarni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.

Shu oʻrinda davlat kafolatisiz loyihalarni moliyalashtirish hajmining izchil oʻsishi taʼkidlandi.

Maʼlumot uchun: 2023-yil mart oyidan shu kungacha bank energetika loyihalarini amalga oshirish doirasida davlat kafolatisiz 415 million dollarlik 3 ta kredit liniyasini maʼqulladi.

Muzokaralar natijasida tomonlar qoʻshma loyihalarni sifatli amalga oshirish va hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini ishlab chiqishga qaratilgan faol hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.