2021-yil 5-iyulda ““Suriya va Iroqdan olib kelingan ayollar va bolalarning reabilitatsiyasi hamda reintegratsiyasi” mavzusida tashkil etilgan onlayn-tadbirda Oʻzbekiston vakillari ushbu masala boʻyicha chiqishlar qildi.
“Mamlakatimiz mazkur masalaga juda katta ahamiyat bermoqda. Natijada 2019-yildan buyon hukumat tomonidan 5 ta amaliyot oʻtkazildi va jami 530 nafar inson, asosan ayollar va bolalar oʻz uylariga olib kelindi. Bu ishlar hatto pandemiya davrida ham toʻxtab qolmadi – soʻngi amaliyotlardan biri joriy yilning aprelida amalga oshirildi”, – dedi oʻz chiqishida Oʻzbekiston Respublikasining Jenevadagi BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar huzuridagi doimiy vakili Ulugʻbek Lapasov.
Uning taʼkidlashicha, fuqarolarimizni vatanga qaytarish bilan bogʻliq operatsiyalar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bevosita rahnamoligida amalga oshirilyapti. Xalqaro hamkorlar koʻmagida tashkil etilgan ushbu operatsiyalar Oʻzbekiston Konstitutsiyasi talablariga toʻliq mos keladi. Binobarin, Konstitutsiyaga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi oʻz hududida ham, uning tashqarisida ham oʻz fuqarolarini himoya qilish va ularga homiylik koʻrsatishni kafolatlaydi.
Oʻzbekiston hukumati tomonidan “qaynoq nuqta”lardan olib chiqilgan ayollar va bolalarni reabilitatsiya qilish maqsadida ishchi guruhlar tuzilgan. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov oʻz chiqishida shu haqda batafsil toʻxtaldi.
Ishchi guruhlar zimmasiga ushbu fuqarolarni reabilitatsiya qilish, hujjatlarini tiklash, ishga joylashtirish, boshpana bilan taʼminlash, bolalarni maktab va maktabgacha taʼlim muassasalariga joylash, yetim bolalar uchun vasiy hamda homiylar belgilash yoki ularni davlatga qarashli ijtimoiy muassasalarga joylashtirish, bu insonlarning sogʻligi va ruhiy holati ustidan doimiy monitoring olib borish vazifalari yuklangan.
“Bundan tashqari ehtiyoji bor repatriantlarga jarrohlik amaliyotlari oʻtkazildi. Ota-onalari Suriya va Iroqda halok boʻlgan bolalarga yaqin qarindoshlari orasidan vasiylar belgilandi. Bu kabi tadbirlar yakuniga yetgach, vatandoshlarimiz oʻzlari doimiy yashagan uylariga kuzatib qoʻyildi. Bu yerda davlat va jamoat tashkilotlari muvofiqlashtiruvi ostida ularni ijtimoiy moslashishlari va jamiyat hayotiga kirishib ketishlariga koʻmaklashadigan koʻplab chora-tadbirlar tashkil etildi”, dedi A.Saidov.
BMTning Terrorizmga qarshi kurashda inson huquqlarini ragʻbatlantirish va himoya qilish masalalari boʻyicha maxsus maʼruzachisi professor Fionnuala Ni Aoleyn Oʻzbekistonning ayollar va bolalarni vatanga qaytarish hamda tinch hayotga moslashtirish borasidagi saʼy-harakatlarini, ayni yoʻnalishdagi yetakchilik rolini alohida taʼkidladi. Uning qayd etishicha, hozirgi vaqtda Suriyaning shimoli-sharqiy qismida joylashgan “Al-Hol” va “Roj” lagerlarida qariyb 70 ming inson – 57 davlat fuqarolari hisoblanuvchi asosan ayollar va bolalar ogʻir ahvolda saqlanyapti. Faqat ayrim davlatlargina ana shu ayollar va bolalarni vatanga qaytarish hamda tinch hayotga moslashtirish toʻgʻrisidagi oʻzlarining xalqaro majburiyatlarini bajaryapti, xolos.
Xalqaro uchrashuv ishtirokchilari Oʻzbekiston tomonidan oʻz fuqarolarini vatanga qaytarish boʻyicha amalga oshirilayotgan dastur haligacha fuqarolari Suriya va Iroqdagi lagerlarda saqlanayotgan koʻplab mamlakatlar uchun namuna boʻlib xizmat qilishi, qolaversa, inson huquqlarini taʼminlash sohasidagi ibratli amaliyot sifatida qabul qilinishi mumkinligini eʼtirof etdilar.
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi matbuot xizmati