Jinoyat huquqi nazariyasida “ayb” deganda shaxsning sodir etgan ijtimoiy xavfli qilmish (harakat yoki harakatsizlik) va uning oqibatlariga (qasddan yoki ehtiyotsizlik koʻrinishidagi) boʻlgan ruhiy munosabati tushuniladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 28-moddasi 1-qismida har bir shaxsning aybsizlik prezumpsiyasiga oid huquqi belgilangan va bu amaldagi milliy qonunlarning mazkur yoʻnalishda rivojlanishiga asos boʻlib xizmat qiladi. Binobarin, Jinoyat va Jinoyat protsessual kodekslarining tegishli moddalari yuqoridagi qoidaga koʻra shakllantirilgan. Xususan, JKning qonuniylik prinsipi deb nomlangan 4-moddasida “hech kim sudning hukmi boʻlmay turib jinoyat sodir qilishda aybli deb topilishi va qonunga xilof ravishda jazoga tortilishi mumkin emas”ligi Konstitutsiyaning 28-moddasida kafolatlangan aybsizlik prezumpsiyasiga asoslangan.

Aybsizlik prezumpsiyasiga koʻra, jinoyat sodir etgani isbotlangan shaxsga qoʻllangan uning huquq va erkinliklarini cheklash choralari ayblanuvchi yoki ayblanayotganga qoʻllanishi mumkin emas. Jinoyat-protsessual kodeksining 23-moddasida ham gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi uning jinoyat sodir etishda aybdorligi qonunda nazarda tutilgan tartibda isbotlanmagunga va qonuniy kuchga kirgan sud hukmi bilan aniqlanmagunga qadar aybsiz hisoblanishi taʼkidlangan.

Mazkur moddada yuqoridagi konstitutsiyaviy qoida kengroq talqin etilgan, yaʼni:

a) gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi uning jinoyat sodir etishda aybdorligi qonunda nazarda tutilgan tartibda isbotlangunga va qonuniy kuchga kirgan sud hukmi bilan aniqlangunga qadar aybsiz hisoblanadi;

b) gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi oʻzining aybsizligini isbotlab berishi shart emas;

v) aybdorlikka oid barcha shubhalar, basharti ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan boʻlsa, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi lozim.

Yuqorida keltirilgan qonun normalari mamlakatimiz jinoyat protsessida jinoyat sodir etishda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining aybsizligi faraz qilinishi, isbotlanmagan aybi boʻyicha oqlov hukmi chiqarilishi va sudlanuvchining toʻliq reabilitatsiya qilinishini koʻrsatadi.

Aynan ushbu qoidalar ham aybsizlik prezumpsiyasining mazmunini ifodalaydi, barcha faraz va gumonlarning sudlanuvchi foydasiga hal etilishini bildiradi. Bundan tashqari, jinoyat sodir etgan shaxsning aybdorligini isbotlash surishtiruvchi, tergovchi va sudning vazifasidir (JPK 86-m.). Ayblanuvchi ham oʻzining himoya huquqidan foydalanib, aybsiz ekanini isbotlashga haqli, biroq ushbu faoliyat uning majburiyati hisoblanmaydi.

JPK 23-moddasi 2-qismida gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi oʻzining aybsizligini isbotlab berishi shart emasligi belgilangan. Ular ushbu huquqdan oʻzi mustaqil yoki himoyachisi orqali foydalanishi mumkin. Sudda ayblanayotgan shaxsga oʻzini himoya qilish uchun barcha sharoit yaratib beriladi.

Ish boʻyicha advokat Jinoyat-protsessual kodeksida nazarda tutilgan qoidalarga muvofiq belgilanadi. Bu masalani hal qilishda birinchi galda ayblanuvchining xohishi hisobga olinadi. U advokatdan voz kechishi ham mumkin. Lekin ayrim holatlar boʻyicha advokatning qatnashishi majburiydir. Masalan, agar ayblanuvchi muomala layoqatiga ega boʻlmagan, soqov, koʻr boʻlsa va jismoniy, ruhiy zaifligi tufayli oʻzini himoya qilish imkoniyatiga ega boʻlmasa, shuningdek, u sud olib borilayotgan tilni bilmasa, ishda advokat ishtirok etishi shart.

Mamlakatimizda sud tizimining huquqiy aoslarini mustahkamlash va liberallashtirish, sudlar mustaqilligiyu masʼuliyatini oshirish, ularning roli va taʼsirini kuchaytirishga qaratilgan islohatlar izchil amalga oshirilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 21-oktyabrdagi “Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini  kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni ushbu sohadagi islohotlarning yangi bosqichi boʻldi. Unda sudda ish yuritish tezkorligi va sifatini oshirish, ish boʻyicha yakuniy qarorlar qabul qilish muddatlarini asossiz kechiktirishni bartaraf etish, sudlarning jinoyat protsessidagi rolini oshirishga qaratilgan yangilik sifatida sud tomonidan jinoyat ishini qoʻshimcha tergovga qaytarish institutining bekor qilinayotgani ham aybsizlik prezumpsiyasining yanada taʼminlanishiga xizmat qiladi.

Aybsizlik prezumpsiyasi shaxs huquqlari, qonuniylik va barqarorlikning muhim konstitutsiyaviy kafolati boʻlib, u bebaho axloqiy mohiyatga va muhim huquqiy oqibatga egadir. Aynan mazkur konstitutsiyaviy kafolatga koʻra u yoki bu jamiyatdagi demokratiya, insonparvarlik va adolat darajasiga baho berish mumkin. Ushbu qoida huquqiy davlatning ajralmas (bevosita) elementi hisoblanadi.

Q.Abdurasulova,

Toshkent davlat yuridik universiteti professori,

yuridik fanlari doktori