Oʻzbekiston tashabbuslari davlatlar taraqqiyotini barqarorlashtirishga xizmat qiladi

    Fikr 12 Noyabr 2020 2216

    Shanxay Hamkorlik Tashkiloti asrimiz tengdoshi. U insoniyat jadal rivojlanish pallasiga qadam bosgan bir davrda tashkil etilgani bejiz emas edi, albatta. XXI asr boʻsagʻasida yer kurrasida keskin va jiddiy geosiyosiy oʻzgarishlar yuz berdi. Bu vaziyatda SHHT tashkil topishini zamonimizning mushkul savollariga mintaqamiz xalqlarining mushtarak javobi boʻldi, deyish mumkin.

    SHHT qisqa davrda amaliy harakat tuzilmasi sifatida maydonga chiqdi. Bu jarayonda nafaqat muloqot uchun platforma, balki xalqlarimiz kutayotgan, davlatlarimizni bezovta qilayotgan muammo va masalalarni yechishda umummaqsadlarni amalga oshiruvchi muhim tashkilotga aylandi. Shu bois, tashkilot dunyodagi eng nufuzli va obroʻli xalqaro tuzilma sifatida eʼtirof etila boshlandi. Bugun tashkilotga sayyoramizning toʻrtdan bir hududini egallagan davlatlar aʼzo, yer yuzi aholisining 40 foizi shu davlatlarda yashaydi. Dunyo yalpi mahsulotining uchdan biri SHHTga aʼzo mamlakatlarda ishlab chiqariladi. Bu ham tashkilot nufuzini oshiradi, ham iqtisodiy salohiyati yuqori ekanini koʻrsatadi.

    Nufuzli tashkilotning eng asosiy ikki yoʻnalishi bor. Birinchisi, xavfsizlik masalalarini hal qilish, ikkinchisi, mintaqaviy rivojlanish, yaʼni barqaror iqtisodiy, ijtimoiy taraqqiyot dasturlarini amalga oshirish.

    Oʻzbekistonning SHHTga munosabati doimo jiddiy boʻlib kelgan. Hamkorligimiz doirasida faqat ichki nizolar, muammolarni hal qilish emas, mudom koʻp tomonlama, mintaqaviy dasturlarni targʻib etishga intilganmiz. Kuni kecha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga aʼzo davlatlar rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etib, ilgari surgan tashabbuslari ham ana shu konseptual qarashni oʻzida mujassam etgani bilan ajralib turadi. Shu jihatdan ham Oʻzbekiston yetakchisining bu sammitdagi nutqi siyosatchilar, ekspertlar, tadqiqotchilar eʼtiborini jalb qildi.

    Davlatimiz rahbari oʻz nutqida 14 ta juda dolzarb, mintaqaviy koʻlamli tashabbusni aytdi. Ularning barchasi mintaqa, tashkilotga aʼzo davlatlar aholisini bezovta qilayotgan masalalar edi.

    Shavkat Mirziyoyev SHHT oldida turgan eng muhim maqsad — hozirgi pandemiya sharoitida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni rivojlantirish masalasini koʻtardi.

    Pandemiya sabab iqtisodiy hamkorlik zanjiri uzilib qoldi. Bu zanjirni tiklash barcha mamlakat iqtisodiyoti uchun juda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois, nutqda bu borada maqsadga erishish yoʻllari ham aniq aytildi. Jumladan, “nostandart” yondashuvlardan birgalikda foydalanish, bunda “Aqlli qishloq xoʻjaligi”, “Yashil texnologiyalar” konsepsiyasini hamkorlikda joriy etish zarurligini taʼkidladi.

    Yana bir muhim yoʻnalish — iqtisodiyotni raqamlashtirish borasida muhim takliflarini bayon qildi. Gap shu haqda ketganida, Oʻzbekiston bu yoʻnalishda muhim tashabbuslarni ilgari surib kelayotganini eslash oʻrinli. SHHTning 2019-yil Bishkek sammitida iqtisodiyotni raqamlashtirish boʻyicha dastur Oʻzbekiston tashabbusi asosida qabul qilingan edi.

    Sammitda Prezidentimiz ilgari surgan transport yoʻlaklarini rivojlantirish tashabbusi ham gʻoyat dolzarb ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, Pandemiya sharoitida oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash ham hayotiy zarur masala boʻlib qolmoqda. Koronavirus sabab oziq-ovqat mahsulotlarini bir mamlakatdan ikkinchi mamlakatga olib kelishda muayyan qiyinchiliklar paydo boʻldi.

    Oʻzbekiston rahbari oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi hamkorlik dasturini amalga oshirish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqishni taklif qildi va bu SHHTga aʼzo davlatlar tomonidan ijobiy baholandi.

    Globallashuv davrida eng muhim masalalardan biri, bu — sanoat kooperatsiyasi. Hech bir mamlakat u yoki bu tovarni boshdan oxirigacha oʻzi ishlab chiqara olmaydi. Hatto, yirik klasterlar tashkil qilganda ham bunga erishish juda mushkul. Shu bois, kooperatsiya, yaʼni ham ilmiy, ham amaliy hamkorlik nihoyatda muhim. Prezidentimiz SHHTga aʼzo davlatlar ishbilarmon doiralari oʻrtasida Sanoat kooperatsiyasini ragʻbatlantirish dasturini qabul qilish tarafdori ekanini aytdi. Bu taklif xalqaro ekspertlar tomonidan hayotiy zarurat ekani taʼkidlanmoqda.

    Toʻrtinchi sanoat inqilobi davrida eng muhim yoʻnalishlardan biri — mintaqamiz mamlakatlarini rivojlangan davlatlar safiga kiritish uchun aholining axborot texnologiyalaridan xabardorligini taʼminlash. Bu borada ham Shavkat Mirziyoyev yangi tashabbusni aytdi. Rossiya, Xitoy, Hindiston kabi AKT rivojlangan davlatlar bilan zarur infratuzilmani joriy etish taklifini bildirdi.

    SHHTga aʼzo davlatlar uchun eng muhim masalalardan biri, bu — kambagʻallikni qisqartirish. Davlatimiz rahbari bu ­borada ilgʻor tajribalardan foydalanish zarurligini aytdi. Eʼtibor bersak, oxirgi yillarda Xitoyda amalga oshirilayotgan islohotlar samarasida 740 million fuqaro kambagʻallik darajasidan oʻrta daromadli toifaga oʻtdi. Umuman olganda, 2020-yil oxiriga kelib, Xitoyda kambagʻallikni batamom tugatish maqsad qilingan. Albatta, bu tajribani oʻrganishimiz kerak.

    Bugungi kunda mamlakatlarning ikki yoki koʻp tomonlama hamkorligini koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish borasidagi saʼy-harakatlarsiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Sammitda Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek, bugun insoniyat ilgari maʼlum boʻlmagan infeksiyalarga duch kelmoqda. Ularga qarshi kurashish kundalik turmushimizning bir qismiga aylanmoqda. Shu maʼnoda, davlatimiz rahbari yuqumli kasalliklarning tarqalishi toʻgʻrisida axborot bilan samarali almashinuv tizimini yoʻlga qoʻyish taklifi bilan chiqdi. Jumladan, Epidemiyaga olib keluvchi kasalliklarga qarshi kurash boʻyicha tibbiyot muassasalari tarmogʻini yaratish taklif etildi. Shu asosda yuqumli kasalliklarni diagnostika, profilaktika qilish, davolash boʻyicha tajriba almashish, shifokorlar qoʻshma guruhini tashkil qilish mumkin boʻladi. Albatta, bu nihoyatda muhim.

    Afsuski, hali tugamagan pandemiya davrida xalqaro hamkorlik nihoyatda samarali boʻldi, deb aytolmaymiz. Demak, tegishli xulosalar chiqarib, bu borada hamkorlikni takomillashtirish zarur. Bunda esa Oʻzbekiston tashabbuslarini amalga oshirish katta ahamiyat kasb etadi.

    Shanxay Hamkorlik Tashkiloti uchun xavfsizlik masalalari nihoyatda muhim. Toshkent shahrida SHHTning Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi joylashgan. Prezidentimiz shu tuzilmani xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha prinsipial jihatdan yangi vazifalarni hal qilishga moslashtirish zarurati ortib borayotganini aytdi. Shu orqali bizni bezovta qilayotgan masalalar, yaʼni xalqaro terrorizm, uyushgan jinoyatchilik, ekstremizmga qarshi kurashda ham axborot almashinuvi, ham boshqa hamkorlikni faol yoʻlga qoʻyish mumkinligi taʼkidlandi.

    Davlatimiz rahbari mintaqamiz xavfsizligiga doir yana bir tahlikali masalaga eʼtibor qaratdi. Bu — Afgʻonistondagi vaziyat.

    Shavkat Mirziyoyev “SHHT — Afgʻoniston” muloqot guruhi doirasida Afgʻonistonning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga koʻmaklashish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar rejasini tez fursatda ishlab chiqish va qabul qilish taklifini bildirdi.

    Bugun Markaziy va Janubiy Osiyoni bogʻlab turuvchi transport yoʻlaklarini barpo etish har qachongidan ham muhim. Bu SHHTga aʼzo mamlakatlar uchun yangi istiqbollarni ochishi shubhasiz. Prezidentimiz shu kabi masalalarni 2021-yil aprel oyida Toshkentda oʻtkaziladigan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlik. Xatar va imkoniyatlar” xalqaro konferensiyasida muhokama qilishni taklif etdi.

    Biz oʻylaymizki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning bu kabi tashabbuslari amalga oshirilishi, birinchi navbatda, mintaqa mamlakatlari taraqqiyotini barqarorlashtirishga, SHhTning faoliyat samaradorligini yangi pogʻonaga koʻtarishga yordam beradi.

    Sodiq SAFOYEV,

    Oʻzbekiston Respublikasi

    Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari