Uchrashuv chogʻida investitsiyalar, sanoat, savdo va transport sohalaridagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati koʻrib chiqildi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining oʻtgan yilning iyun oyida Tojikiston Respublikasiga tashrifi chogʻida erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi muhokama qilindi.

Tomonlar investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlariga toʻxtalib oʻtdilar, shuningdek, amaldagi tarif va notarif choralarni izchil bekor qilib borish hamda oʻzbek va tojik mahsulotlarining ikki mamlakat bozorlariga kirib kelishiga koʻmaklashish orqali sanoat kooperatsiyasi loyihalarini amalga oshirish va oʻzaro savdoni rivojlantirish sharoitlarini yaxshilash boʻyicha birgalikdagi ishlarni faollashtirishga kelishib oldilar.

Konstruktiv muloqot yuzaga kelayotgan masalalarni belgilab, ularni hal qilish yuzasidan maqbul yechimlarni ishlab chiqish imkonini berdi. Amalga oshirilayotgan loyihalarni, shuningdek, oʻzaro manfaatli iqtisodiy sheriklikni kengaytirishning yangi yoʻnalishlarini ilgari surish boʻyicha navbatdagi qoʻshma tadbirlar rejalashtirildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.