Oʻzbekiston va Hindiston Mudofaa vazirliklari oʻrtasida imzolangan ikki tomonlama harbiy hamkorlik rejasiga muvofiq mamlakatimizning 45 nafar harbiy xizmatchilari 2023-yilning fevral-mart oylarida “Doʻstlik-2023” birgalikdagi oʻzbek-hind oʻquvida ishtirok etish uchun Nyu-Dehlidagi Indira Gandi nomidagi xalqaro aeroporti orqali Uttarakxand shtatining Pitxoragarx shahridagi togʻli hududda joylashgan Garhwal Rifles14-batalyoniga yetib kelishdi.
Oʻzbekiston va Hindiston respublikalari oʻrtasidagi harbiy hamkorlik 2019-yilda, yaʼni Toshkent harbiy okrugi hududidagi umumqoʻshin poligonida birinchi marotaba oʻtkazilgan “Doʻstlik” hamkorlikdagi oʻzbek-hind oʻquv mashgʻulotlaridan soʻng yangi bosqichga koʻtarilgan edi. Shundan soʻng, ushbu oʻquv mashgʻulotlarining ikkinchisi 2021-yilda Hindistondagi Utaranchal shtati, Ranikxet provinsiyasi hududida joylashgan “Chaubatiya” oʻquv markazida oʻtkazilgan boʻlib, Hindiston bilan harbiy aloqalarni yanada mustahkamlash, jangovar operatsiyalarni rejalashtirish va olib borishda ilgʻor tajribalar bilan almashish imkonini yaratgan edi.
Uchinchi bor oʻtkazilgan “Doʻstlik–2022” birgalikdagi oʻquv mashgʻulotlari Xorazm viloyatida joylashgan Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugning “Yangiariq” umumqoʻshin poligonida tashkil etilib, ikki davlat harbiy xizmatchilarining yangi bilim va tajriba almashishga zamin yaratgan edi.
Bugun Oʻzbekiston koʻplab yetakchi xorijiy mamlakatlarning armiyalari bilan mudofaa sohasida mustahkam hamkorlik aloqalarini oʻrnatib, harbiy hamkorlik sohasida rejalashtirilgan tadbirlarni samarali davom ettirmoqda. Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasida tarixiy va madaniy mushtaraklik, mamlakatlarimiz xalqlarining doʻstona rishtalari hurmat va ishonch tamoyillariga asoslangan boʻlib, bugungi kunda strategik sheriklik darajasiga koʻtarilgan hamkorlik ikki tomonlama keng qamrovli munosabatlarning mustahkam poydevorini tashkil etmoqda.
“Doʻstlik-2023” hamkorlikdagi oʻquv mashgʻulotlarining tantanali ochilish marosimi Oʻzbekiston va Hindiston respublikalarining davlat bayroqlarini maydonga olib chiqishdan boshlandi. Shundan soʻng, ikki ishtirokchi mamlakat sharafiga avval Hindiston, undan keyin Oʻzbekiston davlat madhiyalari hindistonlik harbiy orkestr sadolari ostida yangradi.
Tantanali tadbirda ishtirok etgan Garhwal Rifles 32-brigada komandiri brigadir Mayank Vaid nutq soʻzlab, ushbu oʻquvlarni tashkil etish va oʻtkazish uchun katta imkoniyatlar yaratib berayotgan ikki mamlakat davlat rahbarlariga samimiy minnatdorchiligini izhor etdi.
Oʻzbekiston Respublikasi harbiy kontingenti nomidan soʻzga chiqqan Mudofaa vazirligi masʼul ofitseri podpolkovnik Shavkatjon Sarmonqulov bugungi kunda ikki davlat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, tibbiyot, va turizm sohalaridagi hamkorliklar bilan bir qatorda harbiy sohada ham hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyilganini eʼtirof etib, barcha ishtirokchilarga muvaffaqiyatlar tiladi.
Tantanali tadbirdan soʻng ikki mamlakat harbiy kontingenti vakillari uchun brifing hamda jamoaviy suratga tushish tadbirlari tashkil etildi.
Oʻquv mashgʻulotining ilk kunidan ishtirokchilar Hindiston davlatining tarixi, madaniyati, hududiy boʻlinishi, urf-odat va anʼanalari, harbiy salohiyati va mudofaa qudrati, armiyaning tashkiliy tuzilmasi haqida maʼlumot berildi.
Shundan keyin hamkorlikdagi oʻquv mashgʻuloti ishtirokchilari uchun Hindiston qurolli kuchlarida foydalaniladigan qurol-aslahalar tanishtirildi.
Eslatib oʻtamiz, hamkorlikdagi oʻquvlar shu yilning 20-fevraldan 5-mart kuniga qadar davom etadi. Hamkorlikdagi mashgʻulotlar doirasida ikki davlat harbiy xizmatchilarining shartli terroristik guruhlarini qidirib topish, yoʻq qilish, togʻli toʻsiqlarni yengib oʻtish hamda togʻli oʻrmon sharoitlarida jangovar operatsiyalarni bajarish kabi maxsus vazifalar hamda sport va madaniy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti