Geosiyosiy keskinlik, global qiymat zanjirlarining qayta konfiguratsiyasi, proteksionizmning qayta tiklanishi va texnologik suverenitetga intilish sharoitida davlatlar uchun xalqaro savdo tizimidagi institutsional maqom yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu nuqtayi nazardan, Jahon savdo tashkilotiga (JST) qoʻshilish jarayoni oddiy tashqi savdo siyosati islohoti emas, balki mamlakatimizning butun iqtisodiy modeli, davlat-biznes munosabatlari va global iqtisodiy makondagi oʻrnini qayta belgilab beruvchi strategik qaror sifatida namoyon boʻlmoqda.

2025-yil mamlakatimizning JSTga qoʻshilish tarixida sifat jihatidan mutlaqo yangi bosqich sifatida alohida ajralib turadi. Bu yil avvalgi davrlarda toʻplangan muzokara tajribasi, institutsional bilim va siyosiy iroda aniq, oʻlchanadigan va xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinadigan natijalarga aylandi.

Muhim jihati, JSTga aʼzolik “imtiyoz” yoki “marhamat” sifatida emas, balki qoidalarga asoslangan, oʻzaro manfaatli (win-win) hamkorlik mexanizmi sifatida qabul qilinmoqda. Bu yondashuv mamlakatimizning muzokaralardagi pozitsiya­si, qonunchilik islohotlarining koʻlami va siyosiy ritorikasida yaqqol aks etmoqda.

JSTga aʼzo boʻlish har qanday rivoj­lanayotgan iqtisodiyot uchun ikki tomonlama taʼsirga ega jarayon. Bir tomondan, u tashqi bozorlarga barqaror va prognoz qilinadigan kirish imkoniyatini taʼminlaydi, investitsion muhitni yaxshilaydi va milliy eksportchilar uchun diskriminatsiya xavfini pasaytiradi. Ikkinchi tomondan esa ichki bozor raqobatining kuchayishi, davlat qoʻllab-quvvatlash ins­trumentlarining cheklanishi va institutsional islohotlar bilan bogʻliq adaptatsiya xarajatlarini keltirib chiqaradi.

JSTga qoʻshilish iqtisodiyotni xomashyo eksportiga bogʻliqlikdan xalos etish, sanoat va xizmatlar sohasida raqobatbardoshlikni oshirish, xorijiy investitsiyalar uchun institu­sional kafolatlarni mustahkamlash, tashqi savdo siyosatida shaffoflikni taʼminlash kabi strategik maqsadlar bilan uzviy bogʻliq. 2025-yilga kelib, mazkur maqsadlar deklarativ emas, balki normativ-huquqiy va muzokaraviy jihatdan aniq konturlarga ega boʻla boshladi.

Xalqaro tajribaga koʻra, JSTga qoʻshilish jarayonlari koʻp hollarda yillab davom etadi, ayrim mamlakatlar uchun esa siyosiy yoki ins­titutsional sabablarga koʻra toʻxtab qoladi. Oʻtgan yil biz uchun ana shu xavflarni minimallashtirgan, jarayonni “qaytarib boʻlmas nuqta”ga olib chiqqan yil boʻldi.

2025-yilning oʻziga xosligi muzokaralar intensivligining keskin oshishi, Qonunchilik islohotlarining tizimli xarakter kasb etishi, eng yuqori siyosiy darajada ochiq qoʻllab-quvvatlash, texnik salohiyatning oshishi kabi omillar bilan izohlanadi.

Ortda qolgan yilda amalga oshirilgan ishlar natijasi empirik koʻrsatkichlar bilan ham tasdiqlanadi: oʻnlab muzokara raundlari, yuzlab yozma savollar, mingdan ortiq normativ hujjatlarni ekspertizadan oʻtkazish va oʻttizdan ziyod qonunchilik hujjatlarining qabul qilinishi.

JSTga qoʻshilish jarayoni faqat texnik majburiyatlar yigʻindisi emas, balki mamlakatimizning xalqaro iqtisodiy obroʻsiga berilgan bahodir. 2025-yilda yurtimizga nisbatan xalqaro hamjamiyatning munosabatida sezilarli siljish kuzatildi. Bu, avvalo, yirik savdo hamkorlari — Yevropa Ittifoqi, Xitoy, Buyuk Britaniya, Rossiya, Kanada va Avstraliya bilan ikki tomonlama kelishuvlarning yakunlanishi orqali namoyon boʻldi.

Bu davlatlar JST doirasida eng talabchan va tajribali muzokarachi sifatida tan olinadi. Ular bilan kelishuvga erishish bizning nafaqat siyosiy xohishimizni, balki institutsional tayyorgarligimizni ham tasdiqladi. Shu bilan birga, Jeneva va Nyu-Yorkdagi yuqori darajadagi muloqotlar, xalqaro anjumanlar va Prezident Administratsiyasi rahbarining JST markaziga rasmiy tashrifi jarayonga qoʻshimcha siyosiy legitimlik berdi. Xalqaro amaliyotda bu kabi tashriflar muzokaralarni tezlashtiruvchi “siyosiy signal” sifatida qabul qilinadi.

Jahon savdo tashkilotiga qoʻshilish jarayonida ikki tomonlama bozorga kirish muzokaralari (bilateral market access negotiations) nomzod mamlakat uchun eng murakkab va siyosiy jihatdan sezgir bosqich hisoblanadi. Aynan ushbu muzokaralar doirasida aʼzo davlatlar nomzod mamlakatdan tariflar, xizmatlar bozori, investitsiya rejimi va ayrim hollarda eksport bojlari boʻyicha aniq va oʻlchanadigan majburiyatlar talab qiladi.

Yakunlangan yilda Oʻzbekiston aynan shu frontda sifat jihatidan katta yutuqqa erishdi. 34 ta manfaatdor JST aʼzosidan 33 tasi bilan ikki tomonlama kelishuvlarni yakunlash — xalqaro amaliyot nuqtayi nazaridan juda yuqori koʻrsatkich hisoblanadi. Koʻplab mamlakatlar uchun bu jarayon oʻn yillab choʻzilgani, baʼzilari esa siyosiy sabablarga koʻra muzokaralarni toʻliq yakunlay olmagani maʼlum.

Oʻzbekiston holatida esa ikki muhim jihatni alohida taʼkidlash mumkin. Birinchisi, muzokaralar intensiv va tizimli xarakter kasb etgan boʻlsa, ikkinchisi, kelishuvlar turli iqtisodiy modelga ega davlatlar bilan imzolandi. Bu esa Oʻzbekiston taklif etgan bozorga kirish shartlari universal va muvozanatli ekanini koʻrsatadi.

Yevropa Ittifoqi, Xitoy, Rossiya, Buyuk Britaniya, Kanada, Shveysariya va Avstraliya kabi yirik iqtisodiyotlar bilan ikki tomonlama kelishuvlarning yakunlanishi tasodifiy emas. Bu davlatlar, odatda, JSTga qoʻshilayotgan mamlakatlardan yuqori standartlarni talab qiladi va texnik jihatdan juda detallashgan muzokaralar olib boradi.

Mazkur kelishuvlarning ahamiyatini quyidagi uch oʻlchovda baholash mumkin:

Birinchisi, tarif majburiyatlari boʻlib, Oʻzbekiston tovarlar boʻyicha tarif jadvallarini shakllantirishda bosqichma-bosqich liberallashtirish tamoyilini qoʻlladi. Bu ichki ishlab chiqaruvchilar uchun “shok terapiyasi” emas, balki adaptatsiya davrini nazarda tutuvchi yondashuv ekanini anglatadi.

Ikkinchisi, xizmatlar bozori hisoblanib, xizmatlar sohasidagi majburiyatlar, ayniqsa, moliya, telekommunikatsiya, logis­tika va professional xizmatlar segmentida, mamlakatimiz iqtisodiyotining oʻrta va uzoq muddatli raqobatbardoshligi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega. Kelishuvlarda mahalliy regulyator vakolatlarini saqlab qolgan holda bozorga kirishni ochishga harakat qilingan.

Uchinchisi, siyosiy ishonch. Yirik savdo hamkorlari bilan kelishuvlar Oʻzbekistonning JSTga qoʻshilish jarayoni “qaytarib boʻlmas” bosqichga kirganini xalqaro hamjamiyatga aniq signal sifatida namoyon qildi.

2025-yil yakuniga kelib, faqat bitta ikki tomonlama muzokaraning ochiq qolgani jarayonning zaif nuqtasi emas, balki aksincha, uning deyarli tugallanganini koʻrsatadi. Xalqaro amaliyotda aynan oxirgi muzokaralar eng murakkab boʻladi, chunki ular koʻp hollarda bozorga kirishdan tashqari masalalar — geosiyo­siy yoki institutsional omillar bilan bogʻliq.

Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlish boʻyicha bosh muzokarachisi Azizbek Urunov taʼkidlaganidek, ayrim protokollarning kechikishi bozorga kirish bilan bevosita bogʻliq boʻlmagan sabablar tufayli yuz bermoqda. Bu esa mamlakatimizning texnik tayyorgarligi emas, balki muzokaralar siklining tashqi omillarga bogʻliqligini koʻrsatadi. Muhim jihat shundaki, Oʻzbekiston ushbu qolgan muzokarani ham 2026-yilning birinchi choragida yakunlash imkoniyatiga ega ekanini ochiq bildirmoqda.

Ikki tomonlama kelishuvlar qanchalik muhim boʻlmasin, JSTga aʼzolikning huquqiy asosi koʻp tomonlama formatda — Ishchi guruh (Working Party) doirasida shakllantiriladi. Ishchi guruh hisoboti nomzod mamlakatning butun savdo rejimini kompleks baholaydi va aʼzolikning “yoʻl xaritasi” vazifasini bajaradi.

Yakunlangan yilda Oʻzbekiston ushbu frontda ham sezilarli ilgarilashga erishdi. Jumladan, 200 dan ortiq yozma savollarga javob berildi, 1200 dan ziyod normativ-huquqiy hujjatlar ekspertizadan oʻtkazildi, 65 ta rasmiy bildirishnoma JST kotibiyatiga taqdim etildi. Bu raqamlar faqat miqdoriy koʻrsatkich emas. Ular mamlakatimizning institutsional xotirasi, texnik salohiyati va regulyator shaffofligining oshganini anglatadi.

2026-yil arafasida Azizbek Urunov tomonidan bildirilgan “beixtiyor sekinlashish xavfi” haqidagi bayonot xalqaro iqtisodiy doiralarda katta qiziqish uygʻotdi. Bu xavfni ikki xil talqin qilish mumkin.

Birinchi talqin — institutsional realizm. JST ishchi guruhlari muayyan protseduralar asosida ishlaydi va ayrim aʼzo davlatlar tomonidan berilayotgan qoʻshimcha savollar jarayonni sunʼiy ravishda uzaytirishi mumkin.

Ikkinchi talqin — muzokaraviy signal. Bu bayonot orqali Oʻzbekiston aʼzo davlatlarga jarayonni asossiz kechiktirmaslik, faktlarga tayanish va siyosiy irodani hisobga olish zarurligini eslatmoqda.

Muhimi, Oʻzbekiston bu xavfni bahona sifatida emas, balki ochiq muloqot uchun signal sifatida ilgari suryapti. Bu yondashuv JST anʼanalariga toʻliq mos keladi.

JSTga qoʻshilish jarayoni koʻpincha tashqi savdo tariflari bilan bogʻlab talqin qilinadi. Aslida, aʼzolikning eng chuqur taʼsiri ichki regulyator muhit orqali namoyon ­boʻladi. 2025-yilda qabul qilingan 30 ta normativ-huquqiy hujjat aynan shu nuqtayi nazardan baholanishi lozim.

Mazkur hujjatlar mazmunan uchta asosiy yoʻnalishni qamrab oldi. Birinchisi, savdoni tartibga solish va bojxona maʼmuriyatchiligi, ikkinchisi, raqobat va savdo himoya vositalari, uchinchisi, intellektual mulk, texnik reglamentlar va SPS/TBT tizimlaridir. Bu yerda gap faqat JST talablarini “rasman bajarish” haqida emas, balki davlatning iqtisodiyotdagi rolini qayta formatlash haqida bormoqda.

JSTning Savdoni yengillashtirish toʻgʻrisidagi bitimi (TFA) doirasida amalga oshirilgan islohotlar biz uchun strategik ahamiyatga ega. Chunki mamlakatimiz geografik jihatdan dengizga chiqish imkoniyati boʻlmagan davlat sifatida tashqi savdo xarajatlariga ayniqsa sezgir.

2025-yilda qabul qilingan qarorlar, yaʼni elektron deklaratsiyalashni kengaytirish, risk­larni boshqarish tizimini joriy etish, tranzit operatsiyalarini soddalashtirish qisqa muddatda eksport-import operatsiyalarining narxini pasaytirishga xizmat qiladi. Bu esa raqobatbardoshlikni tariflar emas, logis­tika samaradorligi orqali oshirish imkonini beradi.

JST doirasida eksport bojlari alohida sezgir masala hisoblanadi. Oʻzbekistonda ushbu instrument tarixan ichki bozorni himoya qilish va qoʻshimcha qayta ishlashni ragʻbatlantirish vositasi sifatida qoʻllangan.

2025-yildagi islohotlar bu sohada evolyutsion yondashuv tanlanganini koʻrsatdi. Yaʼni eksport bojlarini keskin bekor qilish emas, balki ularni JST qoidalariga muvofiq shaffof va prognoz qilinadigan mexanizmga aylantirish. Bu yondashuv ichki ishlab chiqaruvchilar uchun adaptatsiya imkonini saqlab qolgan holda xalqaro majburiyatlarni bajarishga yoʻnaltirilgan.

Intellektual mulkni himoya qilish va texnik reglamentlar sohasidagi islohotlar JSTga qoʻshilish kontekstida koʻpincha ikkinchi darajali masala sifatida qabul qilinadi. Aslida, aynan shu sohalar iqtisodiyotning yuqori qoʻshilgan qiymat segmentlariga chiqish imkoniyatini belgilaydi.

2025-yilda patent va mualliflik huquqi tizimi yangilandi, texnik reglamentlar xalqaro standartlarga uygʻunlashtirildi, SPS va TBT tizimlarida institutsional masʼuliyat aniq belgilab berildi. Bu islohotlar eksportni faqat hajm jihatdan emas, sifat jihatdan ham diversifikatsiya qilish uchun zamin yaratadi.

JSTga aʼzolik iqtisodiy taraqqiyotning avtomatik kafolati emas. U imkoniyatlar va chek­lovlar toʻplamini taklif etuvchi institutsional platforma. Biz uchun aʼzolikdan ke­yingi davrda kamida uchta asosiy ssenariyni koʻrib chiqish mumkin. Birinchisi, faol integ­ratsiya va eksport diversifikatsiyasi (optimis­tik). Bu ssenariyda biz JST aʼzoligidan strategik instrument sifatida foydalanamiz.

Asosiy xususiyatlar sanoat va xizmatlar eksportida yangi bozorlarga chiqish, xorijiy investitsiyalar oqimining oshishi, milliy kompaniyalarning global qiymat zanjirlariga qoʻshilishida namoyon boʻladi.

Mazkur ssenariyning amalga oshishi uchun raqobat siyosati va sud tizimining samarali ishlashi, davlat korxonalarining bozor tamo­yillari asosida faoliyat yuritishi, eksportni ragʻbatlantirish siyosati JST qoidalariga mos ravishda qayta formatlanishi muhim.

Ikkinchisi, institutsional moslashuv, lekin cheklangan iqtisodiy effekt (inersion). Ushbu ssenariyda JSTga aʼzolik formal jihatdan muvaffaqiyatli yakunlanadi, ammo iqtisodiy natijalar cheklangan boʻladi. Bunda tarif va reglamentlar moslashtiriladi, lekin raqobat muhiti toʻliq shakllanmaydi, ayrim sohalarda monopol tendensiyalar saqlanib qoladi.

Bu ssenariy koʻplab rivojlanayotgan mamlakatlar tajribasida kuzatilgan va u JST aʼzoligini “pasport” sifatida qabul qilish xavfini aks ettiradi.

Uchinchisi, ichki qarshilik va adaptatsiya xarajatlarining ortishi (xavfli). Bu eng noqulay ssenariy hisoblanadi, ammo uni inkor etib boʻlmaydi. Ushbu holatda ichki ishlab chiqaruvchilar raqobatga tayyor emas, ­ijtimoiy norozilik kuchayishi mumkin, davlat qoʻllab-quvvatlash instrumentlarining cheklanishi qisqa muddatda salbiy taʼsir koʻrsatadi.

Biroq shuni taʼkidlash lozimki, Oʻzbekis­ton 2025-2026-yillarda amalga oshirayotgan bosqichma-bosqich islohotlar aynan shu ssenariyni oldini olishga qaratilgan.

Oʻtgan yilda Oʻzbekiston JSTga qoʻshilish yoʻlida texnik, institutsional va siyosiy jihatdan tarixiy burilish nuqtasiga yetdi. 2026-yil bu jarayonni huquqiy va siyosiy jihatdan mustahkamlash, aʼzolikdan keyingi davrga tayyorgarlik koʻrish yili boʻladi.

Agar 2025-yil JSTga qoʻshilish jarayonida siyosiy va texnik burilish yili boʻlgan boʻlsa, 2026-yil ushbu jarayonni huquqiy va institutsional jihatdan yakunlash yili sifatida tarixga kirishi mumkin. Bu yerda gap yangi konsepsiyalar yoki muzokara formatlari haqida emas, balki allaqachon kelishib olingan majburiyatlarni aniq, izchil va oʻz vaqtida mustahkamlash haqida bormoqda.

Rasmiy rejalarga koʻra, 2026-yilda Oʻzbekiston oldida toʻrtta strategik vazifa turadi. Bular — qolgan yagona ikki tomonlama muzokarani yakunlash; Ishchi guruh doirasida koʻp tomonlama muzokaralarni tugatish; Working Party Reportʻni toʻliq shakllantirish; Milliy qonunchilikni qabul qilingan barcha majburiyatlarga muvofiqlashtirish hisoblanadi.

Bu vazifalarning har biri texnik koʻrinishda boʻlsa-da, amalda yuqori darajadagi siyosiy muvofiqlashuv va institutsional intizomni talab qiladi.

Joriy yilda qabul qilinishi rejalashtirilgan 29 ta normativ-huquqiy hujjat soni emas, balki ularning mazmuni va ijro mexanizmi hal qiluvchi ahamiyatga ega.

2026-yil mart oyida oʻtishi rejalashtirilgan JSTning 14-Vazirlar konferensiyasi biz uchun ramziy va amaliy ahamiyatga ega. Koʻplab aʼzo davlatlar, jumladan, Oʻzbekiston rahbariyati aynan shu sanagacha jarayonni yakunlash mumkinligini taʼkidlab kelmoqda.

Jahon savdo tashkiloti konsensus asosida ishlaydigan tuzilma hisoblanadi. Bu uning kuchli jihati bilan birga zaif nuqtasidir. Ayrim aʼzo davlatlar qoʻshimcha savollar berish orqali vaqt yutsa, siyosiy yoki geoiqtisodiy manfaatlarini ilgari sursa, nomzod mamlakatdan JST doirasida mavjud boʻlmagan majburiyatlarni talab qilsa, jarayon obyektiv boʻlmagan holda sekinlashishi mumkin.

Bizning holatda 2025-yilda berilgan koʻp­lab savollar mazmunan avval muhokama qilingan masalalarga qaytish bilan bogʻliq ekani taʼkidlandi. Bu esa institutsional charchoq (process fatigue) xavfini keltirib chiqaradi.

Haqli savol tugʻiladi: iqtisodiy nuqtayi nazardan kechikish nimaga olib keladi? JSTga aʼzolikning kechikishi iqtisodiy falokat emas, ammo u imkoniyatlar qiymatini oshiradi.

Asosiy oqibatlarda ayrim eksportyorlar uchun noaniqlik saqlanib qoladi, investorlar “kutish pozitsiyasi”ni tanlashi mumkin, davlat islohotlarining ichki qoʻllab-quvvatlanishi susayishi xavfi paydo boʻladi.

Biroq shuni taʼkidlash lozimki, Oʻzbekiston 2025-2026-yillarda amalga oshirgan islohotlari bilan ushbu xavflarni minimallashtirish imkoniga ega.

Muhim strategik jihat shundaki, bizda JSTga qoʻshilish uchun real muqobillik mavjud emas. Mintaqaviy yoki ikki tomonlama savdo kelishuvlari JST aʼzoligining oʻrnini bosa olmaydi. Shu bois, mamlakatimizning pozitsiyasi mantiqiy va izchil.

Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish koʻp hollarda davlatlar uchun “qoidalarni qabul qilish” bosqichi sifatida talqin qilinadi. Biroq mamlakatimiz misolida aʼzolikdan keyingi davrni faqat majburiyatlar ijrochisi sifatida tasavvur qilish yetarli emas.

Amalga oshirilgan keng koʻlamli islohotlar, xalqaro muzokaralarda namoyon etilgan muvozanatli va qatʼiy pozitsiya, shuningdek, davlat siyosatidagi yangicha siyosiy ritorika Oʻzbekistonning jahon savdo tizimida oʻz oʻrnini aniq belgilab olayotganini yaqqol koʻrsatmoqda. Bu jarayonlar mamlakatimizning passiv kuzatuvchi emas, balki Jahon savdo tashkiloti qoidalarini faol va manfaatlaridan kelib chiqqan holda talqin qiladigan, rivojlanayotgan iqtisodiyotlar ovozi va manfaatlarini ifoda etuvchi, eng muhimi, mintaqaviy integ­ratsiya bilan global savdo tizimi oʻrtasida mustahkam va ishonchli “koʻprik” vazifasini bajara oladigan taʼsirchan aʼzo boʻlishga intilayotganini anglatadi.

Bu rol, ayniqsa, Markaziy Osiyo uchun strategik jihatdan oʻta dolzarb. Sababi bugungi kunda mintaqada JST qoidalarini toʻliq va tizimli ravishda institutsional darajada ilgari sura oladigan barqaror iqtisodiy markaz hali shakllanmagan. Ana shu sharoitda Oʻzbekiston ushbu boʻshliqni toʻldirish, mintaqada savdo qoidalari va yondashuvlarini muvofiqlashtiruvchi tayanch davlatga aylanish salohiyatiga ega ekanini namoyon etmoqda.

JSTga aʼzo boʻlish masalasi faqat milliy iqtisodiyotimiz doirasida cheklanib qolmaydi. U butun Markaziy Osiyo savdo arxitekturasiga keng qamrovli, multiplikativ taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan muhim omil sifatida maydonga chiqmoqda. Aynan shu jarayonda Oʻzbekiston “normativ eksportyor” sifatida maydonga chiqishi mumkin. Yaʼni mamlakatimiz oʻz qonunchilik bazasi, savdo tartib-taomillari va institutsional amaliyoti orqali nafaqat ichki bozorni, balki qoʻshni mamlakatlar bozorlarini ham xalqaro standartlarga moslashtirishga taʼsir koʻrsatadigan markazga aylanish ehtimoli yuqori.

Iqtisodiy siyosat nuqtayi nazaridan eng katta xato JSTga aʼzolikni islohotlar jarayonining yakuni sifatida qabul qilishdir. Aslida, aʼzolik raqobatni institutsionallashtirish, davlatning iqtisodiyotdagi rolini qayta belgilash, xususiy sektor uchun teng oʻyin qoidalarini taʼminlash kabi jarayonlarning boshlanish nuqtasi hisoblanadi.

Amalga oshirilgan ishlar shuni koʻrsatadiki, mamlakatimiz rahbariyati JSTga aʼzolikni maqsad emas, instrument sifatida qabul qilmoqda. Bu esa xalqaro amaliyotda kam uchraydigan, ammo eng samarali yondashuvlardan biri hisoblanadi.

2025-yil Oʻzbekistonning JSTga qoʻshilish tarixida mazmun, natija va ishonch yili boʻldi. Muzokaralarning deyarli toʻliq yakunlanishi, qonunchilikning tizimli moslashuvi va yuqori darajadagi siyosiy qoʻllab-quvvatlash jarayonni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqdi.

2026-yil esa ushbu natijalarni huquqiy jihatdan mustahkamlash, institutsional jihatdan toʻliqlash va Oʻzbekistonni JSTning toʻlaqonli, masʼuliyatli aʼzosiga aylantirish yili boʻlishi mumkin.

Hukumat JSTga aʼzolikni faqat huquqiy maqom sifatida emas, balki uzoq muddatli ins­titutsional transformatsiyaning boshlanish nuqtasi sifatida qabul qilgan holda, aʼzolikdan keyingi davr uchun alohida va yaxlit milliy strategiya ishlab chiqishi maqsadga muvofiq. Shu bilan birga, raqobat siyosati va mus­taqil sud tizimini islohotlar arxitekturasining markaziga qoʻyish, davlat ishtirokidagi korxonalarni esa bozor tamoyillari, ochiqlik va samaradorlik asosida bosqichma-bosqich transformatsiya qilish hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

Xususiy biznes esa JSTga aʼzolikni yangi cheklovlar emas, balki imkoniyatlar manbai sifatida anglashi lozim. Shu nuqtayi nazardan, eksport strategiyalarini JST qoidalariga muvofiq qayta koʻrib chiqish, mahsulot raqobatbardoshligini oshirish uchun standartlashtirish, sertifikatlash va sifat infratuzilmasiga yoʻnaltirilgan investitsiyalarni kengaytirish dolzarb vazifaga aylanadi.

Xalqaro moliya institutlari va taraqqiyot boʻyicha hamkorlar Oʻzbekistonni Markaziy Osiyoda savdo islohotlarini ilgari surishda tayanch davlat sifatida qoʻllab-quvvatlashi maqsadga muvofiq. Bunda texnik yordamni faqat qonunchilik bazasini uygʻunlashtirish bilan cheklab qolmasdan, balki uning amaldagi ijrosini taʼminlaydigan institutsional salohiyat, kadrlar tayyorlash va boshqaruv amaliyotini mustahkamlashga yoʻnaltirish alohida ahamiyatga ega.

Xulosa qilib aytganda, JSTga qoʻshilishimiz tashqi savdo siyosatidagi navbatdagi qadamgina emas, balki mamlakatimizning global iqtisodiy makonda oʻz oʻrnini ongli ravishda qayta belgilashidir. 2025-yil tayyorgarlik va qarorlar yili boʻldi. 2026-yil esa natijalar va tarixiy qarorlar yili boʻlishi mumkin. Agar jarayon sunʼiy toʻsiqlarsiz yakunlansa, mamlakatimiz iqtisodiyoti yangi institutsional sifat bosqichiga koʻtariladi.

Nodir JUMAYEV,

iqtisodiyot fanlari doktori, professor

Odiljon IMINOV,

iqtisodiyot fanlari doktori, professor