Muzokaralar chogʻida tomonlar Oʻzbekiston-Misr hamkorligini yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar va oʻzaro munosabatlarni keng qamrovli sheriklik darajasiga olib chiqishga kelishib oldilar.

Davlat rahbarlari siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, madaniyat va taʼlim sohalaridagi hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan Qoʻshma bayonotni qabul qildilar.

Taʼkidlash oʻrinliki, bugungi kunda Misr Arab Respublikasi bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish Oʻzbekiston tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishlardan biri hisoblanadi.

Misr arab mamlakatlari orasida birinchilardan bizning mustaqilligimizni tan olgan davlat sanaladi. Diplomatik munosabatlarimizning oʻrnatilganiga oʻtgan yili 30 yil toʻlganiga qaramay, azaliy doʻstlik va mustahkam ishonch ustunlariga qurilgan ikki mamlakat xalqlari oʻrtasidagi aloqalar uzoq yillik tarixga ega.

Bu oʻrinda aytish joizki, aloqalarimizning yangicha mazmun bilan boyishiga va jadal surʼatlar bilan faollashuvida quyidagi omillarning oʻziga xos oʻrni bor.

Avvalambor, ikki davlat rahbarlari oʻrtasida nafaqat rasmiy, balki oʻzaro samimiy doʻstlik munosabatlari oʻrnatilgan.

Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisining 2018-yilda Oʻzbekistonga rasmiy tashrifi va uning yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev bilan boʻlib oʻtgan oliy darajadagi uchrashuvi tarixiy ahamiyat kasb etdi.

Bundan tashqari, 2022-yil fevralida ikki davlat rahbarlari Pekinda oʻtkazilgan qishki Olimpiada oʻyinlarining tantanali ochilish marosimi doirasida xam uchrashib, muzokaralar olib bordilar. Ushbu yuqori darajadagi tadbirlar yakunida erishilgan kelishuvlar siyosiy, xavfsizlik, savdo-iqtisodiy, madaniy, ilm-fan kabi sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga mustahkam zamin yaratdi.

Shuningdek, ikki tomonlama aloqalarning mavjud institutsional mexanizmlari takomillashtirilmoqda va yangilari tashkil qilinmoqda. Xususan, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Misr parlamentlari, vazirlik va idoralari oʻrtasidagi hamkorlik sezilarli darajada faollashdi.

Jumladan, davlatlar parlamentlarida doʻstlik guruhlari faoliyat koʻrsatmoqda, tashqi ishlar vazirliklararo muntazam siyosiy maslahatlashuvlar mexanizmi samarali faoliyat olib bormoqda. Hozirgi kunda Oʻzbekiston-Misr hamkorligining shartnomaviy-huquqiy bazasini 60 ga yaqin hujjat tashkil etadi. Bu oʻzaro hamkorlik koʻlamini kengaygaytirishga va ikki tomonlama munosabatlarni yangi darajaga olib chiqishga imkon yaratib beradi.

Shu bilan bir qatorda diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining ilk davridan boshlab Toshkent va Qohira xalqaro maydonda ishonchli hamkor ekanliklarini koʻrsatdilar va bugungi kunga qadar bir-birini diplomatik qoʻllab-quvvatlab kelmoqda.

Tomonlar yetakchi xalqaro tashkilotlar (BMT, SHHT, IHT) doirasida faol va samarali xamkorlikni yoʻlga qoʻygan. Xususan, Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 2016-yil oktyabr oyida Oʻzbekistonda boʻlib oʻtgan 43-sessiyasida Misr delegatsiyasi ishtirok etdi.

Oʻtgan yili Misrning Sharm ash-Shayx shahrida Islom taraqqiyot bankining Boshqaruvchilar Kengashining navbatdagi 47-yillik yigʻilishida Oʻzbekiston delegatsiyasi qatnashdi.

Samarqandda oʻtkazilgan SHHTning navbatdagi sammiti faoliyatida Misr delegatsiyasi ishtirok etdi. Ahamiyatli jihati shundaki, aynan ushbu tashrif doirasida Misr Arab Respublikasiga SHHTning “Muloqot boʻyicha hamkori” mavqeini berish haqida tarixiy hujjat imzolandi.

Bundan tashqari dolzarb mintaqaviy va global masalalarga nisbatan ikki mamlakatning yondashuvlari bir-biriga yaqin sanaladi. Oʻzbekiston Misrning Yaqin Sharq muammosini tinch yoʻl va diplomatik vositalar orqali hal etish borasidagi saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlaydi. Qohira oʻz navbatida Toshkentning Afgʻonistonda tinchlik va barqarorlik oʻrnatish yoʻlidagi borasidagi amaliy va adolatli siyosatini va mintaqada olib borayotgan diplomatik faolligini ijobiy baholaydi va bularni mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlashdagi muhim omillar deb biladi.

Qayd etish lozimki, davlatlarimiz xalqaro maydonda atrof- muhitni asrash va ekologik muammolarni birgalikda bartaraf qilishda samarali hamkorlik qilmoqdalar. Jumladan, Misrning Sharm ash-Shayx shahrida boʻlib oʻtgan BMT Iqlim oʻzgarishi toʻgʻrisidagi hadli konvensiyasi tomonlarining 27-konferensiyasida (COP27) Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyasi ishtirok etdi.

Oʻz navbatida Misr tomoni davlatimiz tashabbusi bilan BMT doirasida qabul qilingan “Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb eʼlon qilish” (2021-yil) rezolyutsiyasining hammualliflari qatoriga kirdi.

Xulosa oʻrnida taʼkidlash kerakki, Oʻzbekiston va Misr Prezidentlari oʻrtasida Qohirada boʻlib oʻtgan oliy darajadagi muzokaralar va imzolangan ikki tomonlama shartnomalar mamlakatlarimiz oʻrtasidagi faol rivojlanayotgan aloqalarni mazmun va sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqadi.

Sarvar Kamolov,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
huzuridagi SMTI bosh ilmiy xodimi