Alisher Toʻrayev Moʻgʻuliston tomonini mamlakatimizda qishloq xoʻjaligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, zamonaviy bozor mexanizmlarini joriy etish, boshqaruv tizimini rivojlantirish va bu borada eksport salohiyatini oshirish yuzasidan ishlar haqida maʼlumot berdi. Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligi tarmoqlarini modernizatsiya va diversifikatsiya qilish boʻyicha chora-tadbirlar faol ravishda amalga oshirilyapti. Paxtachilik, gʻallachilik, meva-sabzavotchilik tarmoqlarida klasterlar tashkil etilgani tadbir chogʻida asosiy misol sifatida keltirildi.
Batsumber Munxjin, oʻz navbatida, Moʻgʻuliston qishloq xoʻjaligining holati haqida soʻzlab berdi. Taʼkidlanishicha, chorvachilik mamlakat agrar sektorining eng rivojlangan tarmogʻi hisoblanadi. Moʻgʻulistonda 70 millionga yaqin yirik va mayda qoramol boʻlsa, shundan 35 millionga yaqini qoʻy. Shuningdek, janob Munxjin bugungi kunda oʻzaro tovar yetkazib berish asosan quruqlikdagi transport orqali amalga oshirilayotganini taʼkidlab, shu munosabat bilan mamlakatlar oʻrtasidagi savdo-sotiqning yangi yoʻlagi sifatida charter reyslarini yoʻlga qoʻyish taklifini bildirdi.
Moʻgʻuliston tomoni Oʻzbekiston bilan qator masalalar boʻyicha oʻzaro hamkorlikni jadallashtirishdan manfaatdor ekanligini bildirdi. Xususan, Batsumber Munxjin Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi rahbariyati bilan Hukumatlararo komissiya tuzish va uning birinchi majlisini 2022-yilning ikkinchi yarmida oʻtkazish boʻyicha kelishuvga erishilganini maʼlum qildi, deb xabar beradi Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha quyidagi kelishuvlarga erishildi:
Oʻzbekistondan Moʻgʻulistonga yetkazib beriladigan oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari hajmini oshirish. (Oʻzbekistonda har yili 20 million tonnadan ziyod mahsulot ishlab chiqariladi va dunyoning 100 ga yaqin davlatiga 80 dan ortiq turdagi yangi va qayta ishlangan meva-sabzavotlar eksport qilinadi).
Moʻgʻulistondan goʻsht va goʻsht mahsulotlari yetkazib berish hajmini oshirish.
Tomonlar Oʻzbekiston va Moʻgʻulistonning oʻzaro savdo va qoʻshma loyihalarni yoʻlga qoʻyishda hamkorlik qilishdan manfaatdor korxonalari roʻyxatini tuzish.
Bogʻdorchilik va issiqxonalarni rivojlantirish boʻyicha Oʻzbekiston tajribasini oʻrganish boʻyicha ikki davlat ilmiy idoralari oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish.