O'zbekiston va Qirg'iziston: yangi hamkorlik

    Loyiha ikki davlat o'rtasidagi transchegaraviy ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan.

    Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO) va Aholishunoslik jamg'armasi (UNFPA) tomonidan BMTning Tinchlik qurish jamg'armasi tomonidan moliyalashtirilgan “O'zaro hamkorlik orqali O'zbekiston va Qirg'izistonning chegaraoldi hududlarini rivojlantirish” loyihasi amalga oshirilmoqda.

    Loyiha ikki davlat o'rtasidagi transchegaraviy ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan. 2022-yil 10—13-may kunlari Farg'ona shahrida bo'lib o'tgan “Nizolarga sezgirlik tahlili” bo'yicha seminar-trening loyihani ishlab chiqish va amalga oshirishda nizolarga sezgirlikni integratsiyalashning muhim bosqichlaridan biri bo'ldi.

    Seminarda loyiha hududlarning mahalliy hokimliklari (Andijon viloyatining Marhamat tumani, Namangan viloyatining Yangiqo'rg'on va Kosonsoy tumanlari), fuqarolik jamiyati institutlari va BMT agentliklari vakillari ishtirok etdi. Seminar-treningni xalqaro ekspertlar — FAO bosh qarorgohining Favqulodda vaziyatlar va chidamlilik boshqarmasi Nizolarga sezgir dasturlash bo'yicha maslahatchisi Mariya Norton va Favqulodda vaziyatlar va reabilitatsiya bo'yicha mutaxassis Filipp Pristli olib borishdi. Tadbir loyihani amalga oshirishda nizolarga sezgir strategiyalarni aniqlash, tahlil qilish va integratsiya qilish, shu orqali barqaror tinchlik va hamkorlik uchun asos yaratish maqsadida barcha ishtirokchilar o'rtasida muloqotni rivojlantirish uchun yaxshi platformaga aylandi.

    — Qishloq aholisining, asosan, ayollar va yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirish, umumiy resurslarni saqlashda iqlimga mos qishloq xo'jaligi amaliyotlarini joriy etish, shuningdek, umumiy platformalar va tarmoqlarni o'rnatish chegaraning har ikki tomonidagi jamoalar o'rtasida ijobiy muloqotni kuchaytiradi, natijada O'zbekiston va Qirg'iziston o'rtasida ishonch yanada mustahkamlanadi, — deydi FAOning O'zbekistondagi vakili o'rinbosari Sherzod Umarov.

    UNFPAning O'zbekistondagi vakili o'rinbosari Kamolxon Inomxo'jaev ta'kidlaganidek, “Xotin-qizlar va yoshlar tinchlik o'rnatish jarayonlaridan manfaatdor va asosiy harakatlantiruvchi kuchdir. Ularni jalb etish, vakolatlarini kengaytirish yaxshi qo'shnichilik munosabatlari va samarali ijtimoiy-iqtisodiy transchegaraviy hamkorlikni rivojlantirish loyihasining muhim tarkibiy qismi bo'ladi”.

    Seminar davomida ishtirokchilar boshqaruv, iqtisod va ijtimoiy hayot, atrof-muhit, tabiiy resurslarni boshqarish va inson xavfsizligi sohalarida tinchlikni ta'minlovchi asosiy omillarni ko'rib chiqdilar va mahalliy hamjamiyatlarning fikrini hisobga olgan holda loyihaning mumkin bo'lgan ta'sirini muhokama qildilar. Natijada ular loyihani amalga oshirishga integratsiya qilish uchun nizolarga sezgir bo'lgan aniq tavsiyalarni ishlab chiqdilar.

    — Nizolarga sezgirlik tahlili” bo'yicha seminar-trening mahalliy hokimiyat organlari, fuqarolik jamiyatlari institutlari va BMT xodimlarini loyihamizning chegaradosh hududlaridagi maqsadli qishloqlarda tinchlik bo'lishiga erishishini ta'minlash uchun birlashtirdi. Bu tinchlik o'rnatish loyihasi bo'lgani uchun biz mas'uliyatni oshirish va mamlakatlar o'rtasida umumiy farovonlik va o'zaro tushunishni ta'minlash uchun jamoalarni jalb qilmoqchimiz, — deydi Favqulodda vaziyatlar va reabilitatsiya bo'yicha mutaxassis Filipp Pristli.

    Loyihaning rasmiy ochilish seminarini 2022-yil iyun oyining boshida o'tkazish rejalashtirilgan bo'lib, ushbu tadbir ijtimoiy, madaniy va iqtisodiy transchegaraviy hamkorlikni rivojlantirishga va farovon istiqbolga qaratilgan qo'shma sa'y-harakatlarning boshlang'ich nuqtasi bo'ladi.