Toshkent harbiy okrugining “Angren” dala oʻquv maydonida Oʻzbekiston va Qozogʻiston Qurolli Kuchlari boʻlinmalarining hamkorligidagi “Qalqon-2023” maxsus taktik-oʻquv oʻquvlarini tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Bugungi kunda dunyoning turli mintaqalarida notinchlik, keskinlik va qurolli toʻqnashuvlar oʻzaro muloqotlarda hal qiluvchi kuch sifatida namoyon boʻlayotgani va ularni mintaqamiz yaqinida yuz berayotgani oʻzaro harbiy sohadagi hamkorligimizni yanada kuchaytirishga undamoqda. Boshlanayotgan hamkorlikdagi maxsus taktik-oʻquv ham ikki mamlakatning harbiy sohadagi uzoq yillik tarixiy asoslarga ega doʻstona munosabatlarining yana bir timsolidir.
Tadbirda Toshkent harbiy okrugi qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Zokir Sayfudinov soʻzga chiqib, ikki davlat oʻrtasida oʻzaro harbiy sohada bunday yaqin hamkorlikning oʻrnatilishi Markaziy Osiyo mintaqasidagi xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etishi alohida taʼkidlab oʻtdi.
Taʼkidlash kerakki, mazkur hamkorlikdagi oʻquv mashgʻulotlari oʻzbek-qozoq harbiy xizmatchilari uchun oʻzaro tajriba almashish, bilim va koʻnikmalarni mustahkamlash, eng muhimi, oʻzaro hamjihatlik va doʻstlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti