Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) shiddat bilan oʻzgarib borayotgan hozirgi zamonning dolzarb muammolarini hal qilish, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni taʼminlashga katta hissa qoʻshib kelayotgan nufuzli xalqaro tashkilot hisoblanadi. U 1996–1997-yillarda “Shanxay beshligi” nomi bilan tashkil etilgan. 2001-yilda Oʻzbekiston aʼzo boʻlib kirganidan soʻng Shanxay hamkorlik tashkiloti nomini olgan mazkur tashkilotning asosiy maqsadi aʼzo davlatlar oʻrtasida oʻzaro ishonch va yaxshi qoʻshnichilikni mustahkamlash hamda siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy, shuningdek, taʼlim, energetika, transport, turizm, atrof-muhitni muhofaza qilish va boshqa sohalardagi samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻyishdan iborat. Mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash, terrorizm, ekstremizm, separatizm va giyohvand moddalarning noqonuniy savdosiga qarshi kurashish ham tashkilot faoliyatining asosiy yoʻnalishlaridir.
Oʻtgan 20 yil ichida xalqaro va mintaqaviy vaziyatda jiddiy oʻzgarishlar roʻy berayotgan bir sharoitda SHHT oʻzini koʻp tomonlama hamkorlikning samarali mexanizmi sifatida namoyon etmoqda. Qisqa vaqt ichida tashkilot salmoqli shartnoma-huquqiy bazaga ega boʻldi, institutsional jihatdan shakllandi, tuzilmaviy organlari tashkil qilinib, ularning barqaror faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Taʼkidlash joizki, tashkilot “Shanxay ruhi” tamoyili asosida tashkil qilingan boʻlib, ushbu tamoyil oʻzaro ishonch, manfaat, tenglik, maslahatlashuv, madaniy xilma-xillikni hurmat qilish, umumiy taraqqiyotga intilish kabi muhim qoidalarni oʻzida mujassam etadi. “Shanxay ruhi” tashkilotga aʼzo davlatlarning siyosiy, harbiy va iqtisodiy qudrati har xil oʻlchamda boʻlishiga qaramay, ularning barchasi oʻzaro tengligini bildiradi. Chunonchi, SHHT doirasida barcha qarorlarning konsensus asosida qabul qilinishi tamoyili ham “Shanxay ruhi”ning mazmun-mohiyatini namoyon etadi. Ushbu tamoyil tashkilotning “oʻrta” va “kichik” aʼzolariga Xitoy va Rossiya kabi yirik davlatlar bilan bir qatorda SHHTning ustuvor yoʻnalishlarini belgilashda faol ishtirok etish imkonini beradi.
Agar SHHTni boshqa mintaqaviy va transmintaqaviy xalqaro tashkilotlar bilan solishtiradigan boʻlsak, u naqadar katta kuchga ega ekanini koʻramiz. SHHTga aʼzo davlatlarning ikkitasi – Rossiya va Xitoy BMT xavfsizlik kengashining doimiy aʼzosi hisoblanadi. Dunyo aholisining deyarli yarmi SHHTga aʼzo mamlakatlarda istiqomat qiladi. Tashkilotning umumiy makoni Yevrosiyo hududining 60 foizini egallaydi. SHHTga aʼzo davlatlarning yalpi ichki mahsuloti jahon yalpi ichki mahsulotining qariyb 23 foizini tashkil qiladi.
Oʻzbekiston ana shunday nufuzli tashkilotning teng huquqli aʼzosi sifatida u bilan oʻzaro aloqalarini mustahkamlashga katta eʼtibor qaratib kelmoqda. Jumladan, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston SHHT doirasida yangi hamkorlik platformalarini ishga tushirish boʻyicha qator tashabbuslarni ilgari surdi.
Toshkentda SHHT Xalq diplomatiyasi markazi ochildi. Tashkilotga aʼzo davlatlar temir yoʻl maʼmuriyatlari rahbarlarining uchrashuvlari mexanizmi yoʻlga qoʻyildi. Samarqandda Ipak yoʻli xalqaro turizm instituti tashkil etildi. Bu poytaxtimizda muqaddam ochilgan Mintaqaviy aksilterror tuzilmasiga qoʻshimcha tuzilmalar sifatida Oʻzbekistonning ahamiyatini yanada kuchaytiradi.
Umuman olganda, oʻtgan 5 yil mobaynida Oʻzbekiston tomoni 30 dan ortiq tashabbusni ilgari surdi. Bu ancha jiddiy va katta koʻrsatkich hisoblanadi. Eng muhimi, Oʻzbekiston tashkilot doirasida oʻz tashabbuslarini shunchaki eʼlon qilmasdan, balki ularni amaliy chora-tadbirlar orqali hayotga izchillik bilan joriy etishga harakat qilmoqda.
Mamlakatimiz SHHT faoliyatini yangi mazmun bilan toʻldirish, mintaqalararo transport va tranzit yoʻlaklarini yaratish, innovatsion va raqamli texnologiyalarni rivojlantirish, iqtisodiy oʻsishning yangi nuqtalarini izlash, iqlim va ekologik tahdidlarga qarshi kurashda aʼzo davlatlarning saʼy-harakatlarni birlashtirish kabi istiqbolli yoʻnalishlarga katta eʼtibor qaratmoqda. Oʻzbekiston SHHTning amaliy ahamiyatini va xalqaro obroʻsini oshirish uchun uning yangi kun tartibini shakllantirishga oʻz konstruktiv hissasini qoʻshishga tayyorligini namoyon etmoqda.
SHHTning joriy yil 16–17-sentyabr kunlari Dushanbe shahrida boʻlib oʻtadigan yubiley sammitida SHHTning 20 yillik faoliyati asosiy natijalari, tashkilot doirasidagi koʻp tomonlama hamkorlikning holati va istiqbollari muhokama qilinishi kutilmoqda. Davlat rahbarlari mintaqaviy va xalqaro hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan batafsil fikr almashadilar. Koronavirus pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan inqiroz oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha SHHT doirasida qoʻshma loyihalar koʻrib chiqiladi.
Dushanbedagi sammit yakunlari boʻyicha SHHTga aʼzo davlatlar rahbarlarining Eron Islom Respublikasini SHHTga toʻliq aʼzo davlat sifatida qabul qilish jarayonini boshlash toʻgʻrisidagi qarorini qabul qilish kutilmoqda. Bundan tashqari, Misr Arab Respublikasi, Qatar davlati va Saudiya Arabistoni Podshohligiga “muloqot boʻyicha sherik” maqomini berish rejalashtirilmoqda.
Sammit kun tartibidan terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurash boʻyicha hamkorlik dasturi, xalqaro axborot xavfsizligini taʼminlash masalasi boʻyicha harakatlar rejasi, pandemiyaning ijtimoiy-iqtisodiy salbiy oqibatlarining oldini olish boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlar rejasi, yashil belbogʻ dasturi, sayyohlik va madaniyat poytaxtlari haqidagi nizom, shuningdek boshqa xalqaro tuzilmalar bilan hamkorlik boʻyicha anglashuv memorandumlarini tasdiqlash oʻrin olgan.
Sammitda, shuningdek, SHHTning yangi Bosh kotibi va SHHT MATT Ijroiya qoʻmitasi direktori toʻgʻrisida qarorlar hamda SHHT madhiyasining qabul qilinishi kutilmoqda. Yangi madhiya sammit yakunida birinchi marta yangraydi.
Tarixiy sammit natijasida SHHTning 20 yilligiga bagʻishlangan Dushanbe deklaratsiyasi va oʻttizga yaqin qaror qabul qilinishi rejalashtirilgan. Umuman, sammit yakunida qabul qilinishi kutilayotgan hujjatlar “Shanxay ruhi”ni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Davlat rahbarlari, shuningdek, Afgʻonistondagi vaziyatni keng muhokama qilishi kutilmoqda. Umuman, sammit ushbu muammoni muhokama kilish uchun juda qulay diplomatik “maydon” hisoblanadi. Xususan, Afgʻoniston bilan oʻzaro munosabatlar, xavfsizlik va Afgʻonistonga yordam berish bilan bogʻliq barcha masalalar atroflicha muhokama qilinishi kutilmoqda. Oʻz navbatida, Oʻzbekiston tomoni ushbu masalaga jiddiy eʼtibor qaratib, kelgusida Afgʻonistonga ijtimoiy-iqtisodiy yordam koʻrsatishning aniq dasturini ishlab chiqish taklifini ilgari surmoqda.
Dushanbe sammitidan soʻng Oʻzbekiston uchun eng muhim voqea – 2021–2022-yillarda SHHTda raislikning mamlakatimizga oʻtishidir. Bu juda katta va masʼuliyatli missiya boʻlib, Oʻzbekistonning xalqaro nufuzi va taʼsirini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi. Qolaversa, hozirgi vaqtda butun dunyoda va mintaqada kechayotgan fundamental oʻzgarish va tendensiyalarni inobatga olsak, Oʻzbekiston SHHT orqali bu jarayonlarga bevosita taʼsir koʻrsatish imkoniyatiga ham ega boʻladi.
Qodir JOʻRAYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
siyosiy fanlar doktori