Kun tartibidan ikki mamlakat ishbilarmonlari oʻrtasida aloqalarini faollashtirish va sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalari oʻrin oldi.
Shu tariqa, Vyetnam Savdo-sanoat palatasi prezidenti Fam Tan Kong bilan ikki mamlakat ishbilarmon doiralari oʻrtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish boʻyicha navbatdagi chora-tadbirlar muhokama etildi.
Davra suhbati tarzida oʻtgan uchrashuvda elektrotexnika, kimyo, toʻqimachilik, oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi kabi sohalarda faoliyat yurituvchi 10 ta korxona rahbarlari ham ishtirok etdi. “G2B” va “B2B” muzokaralari sessiyasi ishbilarmon doiralarga hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi, qator yirik investitsiyaviy va savdo loyihalarini birgalikda ishlab chiqish va amalga oshirish boʻyicha kelishuvga erishildi.
MTT direktori Nguyen Van Txan bilan suhbatda Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi sohasida qoʻshma loyihalarni hayotga joriy etish masalalari muhokama etildi. Korxona rahbariyati mamlakatimizda biznes yuritishning muvaffaqiyatli tajribasidan kelib chiqib, baliq yetishtirish va ozuqa ishlab chiqarish yoʻnalishlaridagi yangi loyihalar orqali faoliyatini kengaytirish niyatini bildirdi.
Vietnam National Textile and Garment Group raisi V.Anyom bilan muloqotda toʻqimachilik sanoatida qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari boʻyicha kelishib olindi.
Maʼlumot uchun: Vietnam National Textile and Garment Group hozirda mamlakatdagi eng yirik toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilardan biri hisoblanadi. Korxona 12 ta ishlab chiqarish zavodiga ega va 50 ta davlatga mahsulot eksport qiladi.
PetroVietnam Davlat korporatsiyasi raisi Le Man Xun bilan neft-gaz va neft-kimyo sanoatida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama etildi. Tomonlar bu boradagi hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligini taʼkidlab, kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish, shuningdek, geologiya-qidiruv loyihalari boʻyicha sarmoyaviy tashabbuslarni hamkorlikda ishlab chiqishga kelishib oldilar.
1954 COMPANY Bosh direktori A. Phung Vyetnamning ilgʻor tajribasiga asoslangan yirik sholi yetishtiruvchi klasterlarni yaratish boʻyicha loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirdi. Gap ekinlar hosildorligini sezilarli darajada oshirish imkonini beruvchi unib chiqqan nihollarni ekish va uchuvchisiz uchish apparatlari yordamida kimyoviy oʻgʻitlarni purkashning yangi texnologiyasi haqida bordi.
Uchrashuvlar yakunlari boʻyicha ishtirokchilar oʻzaro hamkorlikning barcha muhokama etilgan yoʻnalishlarida hamkorlikni faollashtirishga oʻzaro tayyor ekanliklarini bildirdilar va muhokama etilgan loyiha va tashabbuslarni amalga oshirish boʻyicha navbatdagi tadbirlarni belgilab oldilar, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.