Oʻzbekiston va Vyetnam oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlar yoʻlga qoʻyiladi

    Transport 12 Iyun 2022 1959

    Joriy yil 10-iyunda Oʻzbekiston Respublikasi Transport vaziri oʻrinbosari Abdusamat Moʻminov Vyetnamning favqulodda va muxtor elchisi (qarorgohi Moskva shahrida) Dang Min Kxoy boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Uchrashuvda mamlakatlarimiz oʻrtasida savdo iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, turizm sohasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish bilan bogʻliq jihatlar muhokama etildi.

    Xususan, mamlakatlarimiz oʻrtasida turizmni rivojlantirish, yoʻlovchi va yuk tashuvlari hajmini oshirish maqsadida ikki davlat poytaxtlarini bogʻlovchi toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlarni qayta tiklash bilan bogʻliq masalalar atroflicha koʻrib chiqildi.

    Uchrashuvda “Vietnam Airlines” aviakompaniyasi “Uzbekistan airways” AJ va “Uzbekistan airports” AJ bilan toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlikni yoʻlga qoʻygan holda Xanoy – Toshkent – Xanoy yoʻnalishida muntazam qatnovlarni tashkil etish bilan bogʻliq masalani tez orada batafsil muhokama etishga kelishib olindi, deb xabar beradi Transport vazirligi matbuot xizmati.